6-modda. Investitsiya loyihasi
“Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-380-son) · Sana: 09.12.2014 · Amalda
Investitsiya loyihasi iqtisodiy, ijtimoiy naf va boshqa yoʻsindagi naf olish uchun investitsiyalarni amalga oshirishga yoxud jalb etishga qaratilgan, oʻzaro bogʻliq boʻlgan tadbirlar kompleksi yoki alohida tadbirdir.
Investitsiya loyihasi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
loyihalashtirishga texnik topshiriqni ishlab chiqish;
investitsiya loyihasining loyihalovchisini aniqlash;
loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish;
investitsiya loyihasini roʻyobga chiqarish maqsadida ishlarni amalga oshirish texnologiyalarini, uskunalarini va uslublarini aniqlash;
moliyalashtirish manbalarini aniqlash;
investitsiya faoliyati ishtirokchilarini aniqlash;
investitsiya faoliyati ishtirokchilari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa organlar bilan birgalikda loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish hamda kelishib olish, shu jumladan investitsiya loyihasining moliyaviy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik foydasini baholash;
investitsiya loyihasini roʻyobga chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
loyihaoldi va loyiha hujjatlarida nazarda tutilgan shartlarga, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq uskunalarni yetkazib beruvchini aniqlash va pudratchi tashkilotni tanlash;
investor va investitsiya faoliyati ishtirokchilari tomonidan investitsiya loyihasi boʻyicha qabul qilingan majburiyatlar hamda erishilgan kelishuvlarni bajarish, shu jumladan moliyalashtirishni amalga oshirish, uskunalarni yetkazib berish, montaj qilish hamda ishga tushirish-sozlash, qurilish va montaj ishlarini bajarish, investitsiya loyihasini roʻyobga chiqarishdan olingan foydani taqsimlash;
investor va investitsiya faoliyati ishtirokchilari hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa organlar tomonidan investitsiya loyihasi roʻyobga chiqarilishining borishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan tadbirlarning amalga oshirilishi zaruriyati va ketma-ketligi investitsiya faoliyati subyektlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadi.
