3-modda. Asosiy tushunchalar
“Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-380-son) · Sana: 09.12.2014 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
investitsiyalar — qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati va boshqa turdagi faoliyat obyektlariga kiritiladigan moddiy va nomoddiy neʼmatlar hamda ularga boʻlgan huquqlar, shu jumladan intellektual mulkka boʻlgan huquqlar, shuningdek reinvestitsiyalar;
investor — investitsiya faoliyati obyektlariga oʻz mablagʻlarini investitsiya qilishni va boshqa investitsiya resurslarini jalb etishni amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati subyekti;
investitsiya majburiyati — investitsiya loyihasida nazarda tutilgan muayyan maqsadlarga erishish uchun investorning oʻzi qabul qiladigan majburiyati;
investitsiya faoliyati — investitsiya faoliyati subyektlarining investitsiyalarni amalga oshirish bilan bogʻliq harakatlari majmui;
investitsiya faoliyati ishtirokchisi — investorning buyurtmalari bajarilishini taʼminlovchi investitsiya faoliyati subyekti;
reinvestitsiyalar — investitsiyalardan olingan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik faoliyati va boshqa turdagi faoliyat obyektlariga kiritiladigan har qanday daromad, shu jumladan foyda, foizlar, dividendlar, royalti, litsenziya va vositachilik haqi, texnik yordam, texnik xizmat koʻrsatish uchun toʻlovlar hamda boshqa shakldagi mukofotlar.
