28-modda. Investitsiya faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish yoki tugatish
“Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-380-son) · Sana: 09.12.2014 · Amalda
Investitsiya faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish yoki tugatish investorning qaroriga, vakolatli davlat organining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qabul qilingan qaroriga yoki sudning qaroriga koʻra amalga oshirilishi mumkin.
Investitsiya faoliyatini cheklash, toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisidagi qaror:
investor qonunda belgilangan tartibda bankrot deb eʼlon qilingan yoki bankrot deb topilgan;
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan;
qonun hujjatlarida belgilangan sanitariya-gigiyena, radiatsiya, ekologiya, arxitektura-shaharsozlik talablari va boshqa talablar, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan holatlar investitsiya faoliyati davomida aniqlangan hollarda qabul qilinishi mumkin.
Investitsiya faoliyatini tadbirkorlik subyekti faoliyatini toʻxtatib turishga yoki tugatishga olib keladigan tarzda cheklash, toʻxtatib turish (favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sogʻligʻi uchun boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish bilan bogʻliq holda investitsiya faoliyatini oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga cheklash, toʻxtatib turish hollari bundan mustasno) yoki tugatish sud tartibida amalga oshiriladi.
Ushbu modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida koʻrsatilgan hollarda investitsiya faoliyati subyektiga yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
