17-modda. Markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan investitsiyalar
“Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-380-son) · Sana: 09.12.2014 · Amalda
Markazlashtirilgan investitsiyalar:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari mablagʻlari hisobidan;
Oʻzbekiston Respublikasining kafolati ostida chet el investitsiyalari va kreditlarni, zayomlarni jalb etish hisobidan amalga oshiriladi.
Markazlashtirilgan investitsiyalarni boshqarish davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Markazlashtirilgan investitsiyalar asosan mamlakat iqtisodiyotining ustuvor yoʻnalishlarida davlat maqsadli dasturlarini roʻyobga chiqarishga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida ajratiladi.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida qabul qilinadi.
Markazlashtirilmagan investitsiyalar quyidagilardir:
investorning oʻz mablagʻlari;
banklarning kreditlari, shu jumladan chet el banklaridan Oʻzbekiston Respublikasining kafolatisiz olingan kreditlar;
toʻgʻridan toʻgʻri chet el investitsiyalari.
Markazlashtirilmagan investitsiyalar qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa manbalar hisobidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Markazlashtirilmagan investitsiyalarni boshqarish investor tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
