10-modda. Investorning huquqlari
“Investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-380-son) · Sana: 09.12.2014 · Amalda
Investor:
investitsiya kiritish hajmlarini, turlarini, shakllarini va uni amalga oshirish yoʻnalishlarini mustaqil ravishda belgilashga;
investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun, qoida tariqasida, tanlov (tender) savdolari natijalariga koʻra yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzishga;
oʻz investitsiyalariga hamda investitsiya faoliyati natijalariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etishga;
investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadni soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlanganidan keyin mustaqil va erkin tasarruf etishga;
mulk huquqi asosida oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulkdan va har qanday mulkiy huquqlardan oʻz zimmasiga olgan barcha turdagi majburiyatlarining, shu jumladan qonun hujjatlariga muvofiq qarz mablagʻlarini jalb etishga qaratilgan majburiyatlarining taʼminoti sifatida foydalanishga;
oʻz investitsiyalari va boshqa aktivlari rekvizitsiya qilingan taqdirda mutanosib ravishda kompensatsiya olishga;
davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) va qarorlari natijasida yetkazilgan zararlarni undirishga haqli.
Investor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
