“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Oʻzbekiston fuqarolariga, barcha mamlakatlarning parlamentlariga, jahonning taraqqiyparvar jamoatchiligiga murojaatnomasi” toʻgʻrisida (109-II-son)
30.08.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
Oliy Majlis terrorizmni, diniy ekstremizm va fundamentalizmni keskin qoralab, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimov maʼruzasining asosiy qoidalaridan kelib chiqqan holda qaror qiladi:
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Oʻzbekiston fuqarolariga, barcha mamlakatlarning parlamentlariga, jahonning taraqqiyparvar jamoatchiligiga murojaatnomasi” matni tasdiqlansin (ilova qilinadi).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
2000-yil 30-avgust,
109-II-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Oʻzbekiston fuqarolariga, barcha mamlakatlarning parlamentlariga, jahonning taraqqiyparvar jamoatchiligiga
MUROJAATNOMASI
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim chegara hududlariga xalqaro terrorchi toʻdalarining suqilib kirgani xalqimizning tinch bunyodkorlik hayotiga, mamlakatimiz hamda Markaziy Osiy mintaqasidagi boshqa davlatlarning barqarorligi va xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Tish-tirnogʻigacha qurollangan, chet ellarda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan, turli millatga mansub bosqinchi-terrorchilar zoʻravonlik va yovuzlik bilan jamiyatimizning tinchligi, osoyishtaligini buzishga urinmoqda.
Bu razil harakat — odamiylik qiyofasini yoʻqotgan terrorchilarning Oʻzbekiston mustaqilligiga, uning konstitutsion tuzumiga qarshi, koʻpmillatli xalqimizga, shu zaminda yashayotgan har bir insonga nisbatan qabih xurujidir.
Bu — farzandlarimiz, ota-onalarimizning hayotiga, opa-singillarimizning or-nomusi va qadr-qimmatiga qarshi qaratilgan jirkanch tajovuzdir.
Biz mamlakatimizning chegara hududlarida sodir etilgan bu terrorchilik harakatlarini xalqimizni oʻzi tanlagan demokratiya va taraqqiyot yoʻlidan qaytarish maqsadida ayrim siyosiy kuch va qora niyatli markazlar tomonidan oldindan tuzilgan reja asosida amalga oshirilgan fitna deb baholaymiz.
Muqaddas tuprogʻimizga tajovuz qilgan bosqinchilarni batamom yoʻq qilib tashlash, sarhadlarimizni mustahkamlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, mamlakat Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qoʻmondoni Islom Karimov rahbarligida barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Yovuz kuchlarni yurtimiz sarhadlarida yakson etgan Vatan himoyachilari xalqimizning yuksak ehtiromiga loyiq.
Terrorchi toʻdalarga qarshi olib borilgan janglarda Vatanimiz xavfsizligi, Oʻzbekiston fuqarolarining tinchligi va omonligi yoʻlida jon fido etgan qahramonlarimizning nomlari qalbimizda abadiy yashaydi.
Biz ana shu jasur oʻgʻlonlarimiz bilan faxrlanamiz, ularning barcha qarindosh-urugʻlari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etamiz.
Bugun har birimiz mamlakatimiz mustaqilligi, xalqimiz tinchligiga qarshi qaratilgan bu xavf-xatarni aniq va ravshan anglab olishimiz, makkor, yovuz kuchlarga munosib zarba berishga har daqiqa tayyor turishimiz zarur.
Biz Vatanimiz xavfsizligini taʼminlash, uning qudratini oshirish va farovon hayotga erishish yoʻlida butun Oʻzbekiston xalqini yanada jipslashishga chaqiramiz. Jamiyatimiz birligi, fuqarolar va millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, koʻzlagan ezgu maqsadlarimizga erishish uchun fidokorona mehnat qilish — har qanday yovuz kuchlarning yurtimiz tinchligi, xalqimiz omonligiga qarshi qaratilgan tahdidi va xurujiga bizning eng munosib javobimiz boʻladi.
Buning uchun biz doimo xushyor va ogoh boʻlishimiz, terrorchilik va diniy aqidaparastlik jaholatiga qarshi kurashda hokimiyat idoralari bilan faol hamkorlik qilishni, oʻz uyimiz, mahallamiz va yurtimizni himoya etishni oʻzimizning muqaddas fuqarolik burchimiz deb bilmogʻimiz lozim.
Oliy Majlis barcha davlat organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish idoralariga, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalariga murojaat qilib, ularni tinchlik va totuvlikni mustahkamlash, mustaqillik, demokratiya va taraqqiyot gʻoyalarini amalga oshirish borasida faollik koʻrsatishga daʼvat etadi.
Biz koʻpni koʻrgan urush va mehnat faxriylariga, taʼlim dargohlarining oʻqituvchi va murabbiylariga, madaniyat va sanʼat namoyandalariga, sogʻlom fikrli ulamolarimizga murojaat qilib, ularni muqaddas dinimizni niqob qilib olgan yovuz kuchlarning kirdikorlarini fosh etishda, koʻp asrlik maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarimizni, dinimizning insonparvar mohiyatini har bir yurtdoshimizning qalbi va ongiga singdirishda faol qatnashishga chaqiramiz.
Biz muborak zaminimizda yovuzlik, qabihlik qilishga, islom dini nomidan jinoyatkorona maqsadlarni amalga oshirishga aslo yoʻl qoʻymaymiz.
Xalqimiz va davlatimiz ilgʻor dunyoqarashga ega, shijoatli va tashabbuskor yoshlarimizga katta umid bilan qaraydi, ular timsolida oʻzining buyuk kelajagini koʻradi. Biz yoshlarni mamlakatimizda roʻy berayotgan voqealarga sergaklik va masʼuliyat bilan qarashga, mustaqillik va demokratiya yutuqlarini qadrlashga, ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etishdek sharafli ishda oldingi saflarda boʻlishga daʼvat etamiz.
Ishonchimiz komilki, bu navqiron avlod ota-bobolarimizdan bizga meros qolgan Vatanimiz sarhadlarini, barcha fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini koʻz qorachigʻiday asrashga, malʼun toʻdalarga munosib zarba berishga qodir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi xorijiy mamlakatlar parlamentlariga, jahondagi barcha taraqqiyparvar kuchlarga murojaat etib, ularni terrorchilik, diniy ekstremizm va aqidaparastlikning har qanday koʻrinishiga qarshi kurashda hamjihat boʻlishga, turli mintaqalarda, jahon miqyosida barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash uchun bor imkoniyatlarni ishga solishga chaqiradi.
Oliy Majlis demokratiya va insonparvarlik borasida umumeʼtirof etilgan tamoyillarga sodiq ekanligini tasdiqlab, koʻpmillatli xalqimizning xohish-irodasini ifoda etib, Oʻzbekistonni huquqiy davlat, demokratik jamiyat barpo etish yoʻlidan hech kim, hech qanday kuch qaytara olmasligini yana bir bor qatʼiy bayon etadi.
Ikkinchi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining uchinchi sessiyasida 2000-yil 30-avgustda qabul qilingan.
