Spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning aylanishi ustidan davlat nazoratini mustahkamlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (2-son)
05.01.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Aholi salomatligi va hayotini muhofaza qilish, bozorga tushayotgan mahsulotlar sifatini oshirish, oziq-ovqat etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning aylanishi sohasida davlat tomonidan nazoratni va tartibga solishni kuchaytirish, barcha darajalardagi budjetlarga daromadlar tushishini koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
5. Belgilab qoʻyilsinki:
oziq-ovqat spirti va alkogolli mahsulot ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga — xom ashyo resurslari, spirt va alkogolli mahsulotni sarflash va saqlanishini taʼminlash, ularni hisobga olish va nazorat qilishning belgilangan tartibini buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solinadi;
alkogolli mahsulotni aksiz markalarisiz ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima solinadi;
aksiz markalarisiz yoki soxta aksiz markalari bilan noqonuniy ishlab chiqarilgan alkogolli mahsulotni sotuvchi yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima solinadi va ular alkogolli mahsulot bilan savdo qilish huquqidan mahrum etiladi.
Jarima sanksiyalari sud tartibida qoʻllanadi, tadbirkorlik subyektlari tomonidan sodir etilgan qonunni buzish aybi tan olingan va jarima sanksiyalari summasi ixtiyoriy ravishda toʻlangan hollarda esa soliq organlari tomonidan qoʻllanadi va ular davlat budjetiga tushadi.
Xoʻjalik faoliyati subyektining oxirgi hisobot sanasidagi joriy aktivlari summasining 20 foizidan ortiq boʻlgan jarimalarni undirish unga undiriladigan summani undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab 6 oy mobaynida toʻlovlarni har oyda boʻlib-boʻlib toʻlash imkonini bergan holda amalga oshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi 1999-yildan boshlab:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda barcha ishlab chiqaruvchilar va isteʼmolchilarni hisobga olgan holda oziq-ovqat spirti ishlab chiqarish va undan foydalanish balansini ishlab chiqsin;
oziq-ovqat spirti ishlab chiqarish va undan foydalanish balansi bajarilishining monitoringini taʼminlasin, bunda balans barcha ishlab chiqaruvchilar va isteʼmolchilar boʻyicha bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin;
tegishli litsenziyalarga ega boʻlgan barcha korxonalar tomonidan oziq-ovqat spirti ishlab chiqarish, spirtni va tayyor alkogolli mahsulotlarni sotish hajmlarini aks ettiruvchi statistika hisoboti shaklini joriy etsin.
8. Belgilansinki, ishlab chiqaruvchi korxonalarga alkogolli mahsulotlarni alkogolli mahsulotlar bilan savdo qilish huquqi belgilangan tartibda beriladigan yuridik shaxslargagina sotishga ruxsat etiladi.
9. Alkogolli mahsulotlarga aksiz markalari har 2 yilda belgilangan tartibda yangilanadigan tartib oʻrnatilsin, bunda ularning sifati va muhofaza darajasini tubdan yaxshilash nazarda tutilsin.
10. “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” va “Oʻzqurilishmateriallari” kompaniyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, alkogolli mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan birgalikda qayta foydalanish yoki sanoat yoʻli bilan qayta ishlash uchun shisha idishlar, shu jumladan nostandart shisha idishlar qabul qilish punktlarini tashkil etish yuzasidan bir oy muddatda chora-tadbirlar koʻrsinlar.
11. “Oʻzdavstandart” markazi “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” kompaniyasi, “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi, “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi va “Sharq” konserni bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan alkogolli mahsulotlarni, alkogolli mahsulotlarning tashqi koʻrinishi va dizayni boʻyicha ham ichki, ham tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini taʼminlovchi etiketka va tiqinlar tayyorlash maqsadida, muvofiqlik belgisi bilan markalash tartibini bir oy muddatda qayta koʻrib chiqsin.
12. “Oʻzkimyosanoat” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarishda texnik spirtdan foydalanishga barham berish uchun unda organik lyuminoforlarni qoʻllash haqidagi taklifni 1999-yil 1-martgacha ishlab chiqsin va kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari B.M. Olimjonov va B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 5-yanvar,
2-son
