Ishlab chiqarish kooperatsiyasi toʻgʻrisida
10.02.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati, bundan keyin Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
iqtisodiy sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni barqaror va uzoq muddatli asosda rivojlantirishning muhim va zarur jihati ekanligini anglab,
davlatlarining ishlab chiqarish va ilmiy-texnikaviy potensiallari oʻrtasida qaror topgan oʻzaro texnologik aloqalarni hisobga olib,
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari xoʻjalik faoliyati subyektlarining bevosita oʻzaro ishlab chiqarish aloqalarining hal qiluvchi ahamiyatini tan olib,
korxonalar va tarmoqlar oʻrtasidagi ishlab chiqarish kooperatsiyasini qoʻllab-quvvatlash va oʻzaro foydali rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni taʼminlashga intilib,
ikkala mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro iqtisodiy aloqaning erishilgan darajasiga tayanib,
muttasil iqtisodiy yuksalishni taʼminlash, moddiy va ishchi resurslaridan samarali foydalanish hamda atrof muhitni muhofaza qilish maqsadlariga amal qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalar, tarmoqlar va tarmoqlararo komplekslar oʻrtasidagi kooperatsiyani ularning bevosita ishlab chiqarish aloqalari asosida amalga oshirish va rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ishlab chiqarishning xalqaro ixtisoslashtirilishini va kooperatsiyasini rivojlantirish, bularni amalga oshirish uchun sharoitlarni taʼminlash, sanoat tarmoqlarida ustuvor yoʻnalishlarni belgilash, qoʻshma loyihalar va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida zarur choralarni koʻradilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar quyidagilarga kelishib oldilar:
kooperatsiya boʻyicha tovarlar yetkazib berish deganda tarmoqda va tarmoqlararo foydalanishga moʻljallangan, texnologiya jihatdan oʻzaro bogʻliq boʻlgan va tayyor mahsulotni birgalikda tayyorlash uchun zarur boʻlgan xomashyo, materiallar, uzellar, detallar, ehtiyot qismlar, yarim mahsulot, yarim fabrikat, butlovchi mahsulotlarni hamda boshqa buyumlarni yetkazib berish tushuniladi;
xizmatlarni taqdim etish deganda ilmiy-texnikaviy va texnologik ishlab chiqishlar, loyiha, taʼmirlash ishlari, texnik xizmat koʻrsatish va texnologik operatsiyalar tushuniladi;
bojxona tovarlarni qayta ishlash rejimi doirasida yetkazib berish deganda Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari bojxona qonunlarida belgilab qoʻyilgan shartlarga muvofiq tovarlar yetkazib berish tushuniladi.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar tegishli tarmoq va tarmoqlararo bitimlar asosida xoʻjalik faoliyati subyektlari tomonidan tuziladigan shartnomalarni (kontraktlarni) ishlab chiqarish kooperatsiyasi va bevosita aloqalarning asosiy shakli deb hisoblaydilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar quyidagi tarmoqlarda ishlab chiqarish kooperatsiyasi toʻgʻrisida tarmoq va tarmoqlararo bitimlar tuzishni ustuvor deb hisoblaydilar:
yonilgʻi-energetika kompleksi;
metallurgiya, kimyo, neft-kimyo sanoati;
mashinasozlik sanoati;
transport va aloqa;
tibbiyot va farmakalogiya sanoati;
qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati;
yengil sanoat;
ilmiy va qidiruv ishlari;
tabiatdan foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilish;
Ahdlashuvchi Tomonlar ishlab chiqarish kooperatsiyasi toʻgʻrisida tarmoq va tarmoqlararo bitimlar tuzishga koʻmaklashadilar.
6-modda
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi toʻgʻrisidagi tarmoq va muassasalararo bitimlarda kooperatsiyada ishtirok etadigan va mahsulot ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish) boʻyicha ixtisosini saqlab qolayotgan korxona va tashkilotlar roʻyxatlari, shuningdek kooperatsiya asosida mahsulot yetkazib berish (xizmat koʻrsatish) nomenklaturasi va hajmlari aniqlanadi.
7-modda
Kooperatsiya boʻyicha yetkazib beriladigan koʻrsatilgan tovarlar (xizmat koʻrsatish)ning bojxona rasmiylashtirilishi uchun yigʻimlar Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining amal qiluvchi qonunlariga muvofiq umumiy asoslarda olinadi.
8-modda
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi boʻyicha tarmoq va tarmoqlararo bitimlarning amalga oshirilishi ular asosida Ahdlashuvchi Tomonlarning korxonalari oʻrtasida mahsulotning bojxona rasmiylashtirilishi va Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona chegarasidan oʻtkazilishi uchun asos boʻladigan shartnomalar (kontraktlar) tuzish orqali amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida yetkazib beriladigan mahsulotlarni (xizmatlarni) deklaratsiyalash va hisobga olish Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari tomonidan oʻz davlatlari qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
9-modda
Ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida yetkazib beriladigan tovarlar hududidan ishlab chiqarish kooperatsiyasi doirasida tovarlar yetkazib berilgan Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organining tegishli oldindan bergan yozma roziligi boʻlmasa, uchinchi mamlakatlarga reeksport qilinishi mumkin emas.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ishlab chiqarish sohasida integratsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadlarida korxonalar va tarmoqlarning kooperatsiya aloqalarini tartibga solish qismida xoʻjalik faoliyati subyektlariga nisbatan oʻz mamlakatlarining milliy qonunlarining meʼyorlarini muvofiqlashtirish va bir-biriga yaqinlashtirish boʻyicha izchil ish olib boradilar.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar zarur hollarda ilmtalab ishlab chiqarish va eksportga moʻljallangan tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirishni, shuningdek import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantiruvchi kreditlar va investitsiyalar berish shartlarini kelishib oladilar.
12-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar muammolarni hal qilishni manfaatdor vazirlik va idoralarga topshirib, ularni birgalikda koʻrib chiqishni tashkil etadilar:
marketing, lizing tadqiqotlarini oʻtkazish va koʻrgazmalar tashkil qilish, xizmatlarni taqdim etish;
oʻz mamlakatlari oʻrtasida sheriklarni qidirib topish, shartnomalarni (kontraktlarni) tayyorlash, tuzish va bajarishda koʻmaklashishini taʼminlaydigan zamonaviy axborot kommunikatsiyalarini rivojlantirish;
mutaxassislar tayyorlash boʻyicha qoʻshma tadbirlarni amalga oshirish.
13-modda
Ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan bahslar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida maslahatlashish va muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
Ushbu Bitimga Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziligi boʻyicha uning ajralmas qismi boʻladigan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan va ushbu Bitimning 14-moddasi qoidalariga muvofiq kuchga kiradigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
14-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi diplomatik kanallar orqali olingan oxirgi yozma bildirishnomaning sanasidan kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yillik muddatga tuziladi. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri tegishli muddat tutashidan kamida olti oy ilgari uni denonsatsiya qilish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda diplomatik kanallar orqali xabardor qilmasa, uning amal qilishi keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Kishinyov shahrida 1998-yil 10-fevralda ikki nusxada, har biri oʻzbek, moldovan va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadlarida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
