2015-2020-yillarda umumtaʼlim maktablarini zamonaviy sport zallari bilan taʼminlash chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida (331-son)
03.12.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom bola yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida” 2014-yil 19-fevraldagi PQ-2133-son qarorini bajarish yuzasidan, umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilarning jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda umumtaʼlim maktablarining mavjud sport zallari toʻliq xatlovdan oʻtkazilganligi hamda ularning moddiy-texnika bazasi oʻrganilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan Moliya vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2015 — 2020-yillarda umumtaʼlim maktablarini zamonaviy sport zallari bilan taʼminlash chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) tasdiqlansin, u quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
2015 — 2020-yillar davrida umumtaʼlim maktablari uchun sport zallari qurishning 1-ilovaga* muvofiq asosiy parametrlari;
umumtaʼlim maktablarining sport zallarini jihozlashning 2-ilovaga* muvofiq normativlari.
*1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Quyidagilar Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirishning asosiy manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim va tibbiyot muassasalarini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlar mablagʻlari, respublika yuridik va jismoniy shaxslarining xayriya ehsonlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi tasdiqlangan namunaviy loyihalarga, shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq pudrat tashkilotlari tomonidan bajariladigan qurilish-montaj ishlarining sifati yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini taʼminlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
har yili Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim va tibbiyot muassasalarini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish budjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga taʼlim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash boʻyicha dasturlarni shakllantirishda ularning manzilli qismiga umumtaʼlim maktablari uchun sport zallari qurish loyihalarini kiritsinlar;
tasdiqlangan har yilgi manzilli dasturlarga muvofiq umumtaʼlim maktablari uchun sport zallari qurish parametrlarining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatsinlar, har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Dasturning bajarilishi toʻgʻrisida axborot kiritsinlar.
6. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 3-dekabr,
331-son
