Tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) eksport va import qilishda bilvosita soliq undirish prinsiplari toʻgʻrisida
17.12.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati, bundan keyin Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga baravar imkoniyatlar yaratishga va halol raqobat uchun shart-sharoitlarni barpo etishga intilib,
xalqaro savdoning umumeʼtirof etilgan meʼyor va qoidalariga muvofiq tarzda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Umumiy taʼriflar
Ushbu Bitimda mazkur atamalar quyidagi maʼnoda qoʻllanadi:
“bilvosita soliqlar” — qoʻshilgan qiymatga solinadigan soliq va aksiz soligʻi;
“nol stavkasi” — Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining milliy qonunlariga muvofiq ravishda, nol foiz stavkasi boʻyicha qoʻshilgan qiymatga soliq solish;
“tayinlangan joy prinsipi” — bir Ahdlashuvchi Tomon davlati bojxona hududidan eksport qilishda nol stavkasini qoʻllash va import qilinayotgan (qilingan) tovarlarga(ishlar, xizmatlarga) shu davlatning milliy qonunlarida belgilangan stavkaga muvofiq soliq solish;
“vakolatli organlar” —
oʻzbek tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi,
moldovan tomonidan — Moldova Respublikasi Moliya vazirligi.
2-modda Eksport qilishda undirish prinsipi
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati bojxona hududiga eksport qilinayotgan tovarlardan (ishlar, xizmatlardan) bilvosita soliq undirmaydi.
2. Ushbu qoida tayinlangan joy prinsipiga muvofiq qoʻshilgan qiymatga nol stavkasi boʻyicha soliq solishni, shuningdek eksport qilinayotgan tovarlarning aksiz soligʻidan ozod qilinishini anglatadi.
3-modda Import qilishda undirish prinsipi
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon davlati bojxona hududiga ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon davlati bojxona hududidan eksport qilingan import tovarlarga (ishlar, xizmatlarga) import qiluvchi mamlakatda uning qonunlariga muvofiq bilvosita soliq solinadi.
2. Import qilinayotgan tovarlar boʻyicha qoʻshilgan qiymatga soliq tovarlarning Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining milliy qonunlariga muvofiq belgilanadigan bojxona baholaridan undiriladi.
4-modda Bahsli masalalarni hal etish
1. Ahdlashuvchi Tomonlar orasida ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllash borasidagi kelishmovchiliklar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida maslahatlashish va muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlatlarining qonunlari doirasida uchinchi mamlakatlar bilan savdoda bilvosita soliq solishning bir xil tizimini barpo etishga yoʻnaltirilgan kelishilgan xatti-harakatlarni amalga oshiradilar. Vakolatli organlar soliq qonunchiligiga rioya qilish masalalari boʻyicha hamkorlik va oʻzaro koʻmaklashish sohasida ilgari erishilgan ahdlashuvlar qoidalarini hisobga olib, ushbu band amal qilishining aniq tartibini ishlab chiqadilar.
5-modda Axborot almashish
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz milliy qonunchiligida ushbu Bitimda qamrab olingan soliqlarga daxldor oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
6-modda Oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro rozilik boʻyicha ushbu Bitimga zarur oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin. Ular alohida protokollar tarzida rasmiylashtiriladi va ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadi.
7-modda Kuchga kirish
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali olingan oxirgi yozma bildirishnoma sanasidan boshlab kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim besh yil muddatga tuziladi. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qaysisi Bitimning amal qilish muddati tugashidan kamida olti oy ilgari Bitim amal qilishi vaqtida yuzaga kelgan moliyaviy va boshqa xildagi majburiyatlarni ado etib boʻlib, diplomatik kanallar orqali uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda maʼlum qilmasa, uning amal qilishi keyingi besh yillik davrga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
3. Ushbu Bitim faqat u kuchga kirganidan keyin yetkazib berilgan tovarlarga (ishlar, xizmatlarga) nisbatan qoʻllaniladi.
Toshkent shahrida 1998-yil17-dekabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, moldovan va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matn qoʻllanadi.
(imzolar)
