Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi avtomobil va temir yoʻl magistrallari boʻyicha borayotganda yoʻlovchi, yuk va bagajlarni tranzit tashish, ularning saqlanishini va xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida
27.03.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
1992-yil 24-iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisidagi Shartnoma va 1994-yil 10-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi oʻrtasida yagona iqtisodiy makon barpo etish toʻgʻrisidagi Shartnoma qoidalariga, shuningdek Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining asosiy hujjatlariga amal qilib,
avtomobil va temir yoʻl magistrallarining texnologik birligini taʼminlashni maqsadga muvofiq deb hisoblab, teng huquqli va oʻzaro foydali ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlar qulay rivojlanishini taʼminlashning oʻta muhimligini tan olib,
xalqaro avtomobil va temir yoʻl transportini, shuningdek Tomonlarning bojxona ishini rivojlantirish sohasida muvofiqlashtirilgan va yagona siyosat oʻtkazilishiga ahamiyat berib,
iqtisodiy suverinitet himoyasini nazarda tutib,
erkin tranzit tamoyillariga oʻz intilishlarini izhor etib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ikkala Tomon davlatlarining hududi orqali uchinchi davlatlarga tranzit yuk tashishlar, MDX davlatlari bundan mustasno, Tomonlarning avtotransport vositalarida, tashuvchilarda Karnet-TIR yoki SMRlar mavjud boʻlgan taqdirda, Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.
Tomonlarning avtotransport vositalari bilan MDH mamlakatlariga tranzit tashishlar ruxsatnomasiz asosda va tranzit uchun toʻlov undirilmasdan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston-Qozogʻiston-Oʻzbekiston yoki Qozogʻiston-Oʻzbekiston-Qozogʻiston marshrutlari boʻyicha amalga oshiriladigan tashishlar tranzit tashishlar hisoblanmaydi.
Tomonlardan har biri oʻz davlatining hududi boʻyicha, shu jumladan uchinchi mamlakatlarga ham, tranzit tarzda oʻtayotgan boshqa Tomonning avtotransport vositalarining oʻtishi uchun qulay sharoitlarni taʼminlaydi.
2-modda
Tomonlardan birining davlati hududidan boshqa Tomon davlati hududi orqali tranzit tarzda uchinchi davlatlarga olib chiqiladigan yuklar tegishli tarzda ushbu yuklarni joʻnatish davlatida bojxona rasmiylashtirilishidan oʻtishi lozim.
3-modda
Har bir Tomon bir-birlarining shtamp, bojxona taʼminlashi, bojxona hujjatlari va yuklarni kuzatuvchi boshqa hujjatlarini (bank, moliya va shunga oʻxshash) tan oladilar va ularning namunalarini almashadilar.
4-modda
Tomonlar davlatlarining hududlari orqali tranzit tarzda oʻtkaziladigan yuklar bojxona bojlari va yigʻimlarini toʻlashdan ozod etiladilar, bojxona rasmiylashtirilishi uchun yigʻimlar bundan istisno.
Bojxona yigʻim va soliqlarini toʻlashni taʼminlash summalarini kiritish toʻgʻrisidagi talab qoʻllaniladigan tovarlar roʻyxati Tomonlar davlatlarining bojxona xizmatlari tomonidan kelishiladi.
5-modda
Tomonlar davlatlarining Uchinchi davlatlarga olib chiqiladigan va joʻnatish davlati bojxona organlari tomonidan rasmiylashtirilmagan yuklari Tomonlardan birining davlat hududi orqali uchinchi davlatlarga tranzit tarzda oʻtkazilishga qoʻyilmaydi.
6-modda
Tomonlar bir-birlariga xalqaro meʼyorlar va Tomonlar davlatlarining milliy qonunlariga muvofiq ular davlatlarining hududi orqali olib kirish, olib chiqish va tranzit qilish taqiqlangan yuklar roʻyxatlarini taqdim etadilar.
Davlat hududi orqali marshruti oʻtadigan xavfli yuklarni tashish xalqaro normalarga muvofiq tegishli vakolatli organ tomonidan berilgan maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi, agar boshqacha tartib alohida Bitimda koʻzda tutilmagan boʻlsa.
7-modda
Tomonlar oʻzaro manfaatlarga asoslanib, temir yoʻl va avtomobil qatnovini rivojlantirishda Tomonlar davlatlarining tranzit yuklarini ishlashda, shuningdek yoʻlovchilar va bagaj tashishlariga nisbatan eng koʻp qulaylik rejimini taqdim qilish boʻyicha bir-birlariga koʻmaklashish uchun barcha zarur choralarni koʻradilar.
8-modda
Tomonlar yuklarni temir yoʻl transporti bilan tranzit tashishda imtiyozli tariflar va maxsus stavkalar oʻrnatish imkoniyatini koʻrib chiqishni tegishli vakolatli organlarga topshiradilar.
9-modda
Tomonlar davlatlari hududida avtotransport vositalarining belgilangan boʻlish muddatlari etib Tomonlar qonunlari boʻyicha qabul qilingan muddatlar hisoblansin. Ruxsatnoma blanki avtotransport vositasining Tomon davlati hududida amaldagi boʻlib turish muddatida haqiqiy hisoblanadi va toʻgʻridan toʻgʻri va qaytish yoʻliga amal qiladi.
10-modda
Tomonlar davlatlarining hududi orqali xalqaro yuk tashishlarni Tomonlar milliy qonunlarga va amaldagi qoidalarga muvofiq amalga oshirishga kelishib oldilar.
11-modda
Tomonlar davlatlarining avtomobil va temir yoʻl magistrallari boʻyicha oʻtayotganda yoʻlovchi, xizmat koʻrsatuvchi personal hamda avtotransport vositalari, temir yoʻl vagonlari, konteynyerlar, shuningdek yuk va bagajlarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrishni Tomonlar oʻz zimmalariga oladilar.
Tomonlar boshqa Tomon davlati hududi boʻyicha, shu jumladan uchinchi davlatlarga tranzit tarzda oʻtayotgan transport vositalarining oʻtishi uchun xavfsizlik va qulay sharoitlarni taʼminlaydilar.
12-modda
Tomonlar davlatlari fuqarolarining yuk, bagaj, qoʻl yuki, valyuta, qimmatli narsalari, shuningdek shaxsiy mulkini bojxona chegaralari orqali oʻtkazish bojxona koʻzdan kechirishisiz amalga oshiriladi, olib kirish-olib chiqish va tranzit qilish taqiqlangan buyumlar tashilayotgan deb gumon qilish uchun yetarli asos boʻlgan hollar bundan istisno.
13-modda
Tomonlar avtomobil va temir yoʻl tranzit tashishlari boʻyicha ushbu Bitim qoidalarini bajarishga, shuningdek u boʻyicha majburiyatlar bajarilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirishga koʻmaklashadigan Tomonlar vakolatli organlari vakillaridan iborat Qoʻshma idoralararo komissiya tuzishga ahdlashib oldilar.
Bitimni bajarish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Qoʻshma idoralararo komissiya, Tomonlarning taklifi boʻyicha, Toshkent va Oqmoʻlada navbatma-navbat yigʻiladi.
Ushbu Bitimni qoʻllash va talqin qilish boʻyicha har qanday bahslar Qoʻshma idoralararo komissiya doirasida maslahatlashishlar va muzokaralar orqali hal qilinadi.
Bahslarni Qoʻshma idoralararo komissiya doirasida hal qilish imkoniyati boʻlmaganda, bahsli masalalar Ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha qoʻshma hukumatlararo komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi.
14-modda
Ushbu Bitim orqali hal qilinmagan masalalarga nisbatan Tomonlar davlatlarining milliy qonunlari, xalqaro normalar, shuningdek Tomonlar oʻrtasida ilgari imzolangan xalqaro avtomobil va temir yoʻl tranzit tashishlar masalalarini muvofiqlashtiradigan bitimlar amal qiladi.
15-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning roziligi boʻyicha ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Tomonlar ushbu Bitim bilan oʻrnatilgan tranzit tarzda yoʻlovchi, yuk va bagaj tashishlarning rejimini yomonlashtirmaslik majburiyatini oladilar.
16-modda
Ushbu Bitimning tegishli qoidalarini bajarish boʻyicha Tomonlarning vakolatli organlari etib quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasidan — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat hissadorlik temir yoʻl kompaniyasi, “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligi:
Qozogʻiston Respublikasidan — Transport va kommunikatsiya vazirligi, Moliya vazirligi qoshidagi Bojxona qoʻmitasi, “Kazaxstan temir joli” respublika davlat korxonasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat tergov qoʻmitasi.
Ushbu roʻyxatlardagi oʻzgartishlar toʻgʻrisida Tomonlar bir-birlarini oʻz vaqtida xabardor qiladilar.
17-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning boshqa xalqaro shartnoma va bitimlar boʻyicha majburiyatlariga daxl qilmaydi.
18-modda
Ushbu Bitim Tomonlar ushbu Bitim kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganlari toʻgʻrisidagi oxirgi bildirishnoma sanasidan kuchga kiradi.
Tomonlar ushbu Bitimda koʻzda tutilgan majburiyatlarni buzgan holda, u belgilangan tartibda oʻz kuchini yoʻqotadi.
Ushbu Bitim besh yil mobaynida amal qiladi, bundan keyin, agar Tomonlardan hech biri boshqa Tomonni ushbu Bitim amal qilishining tegishli muddati tugashidan kamida olti oy oldin uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilmasa, u keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Toshkent shahrida 1998-yil 27-martda ikki nusxada, har biri oʻzbek, qozoq va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
