Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
02.06.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ikkala davlat oʻrtasida tarixan tarkib topgan anʼanaviy doʻstlik va amaliy munosabatlarga asoslanib,
atrof-muhitning bir butunligi va ajralmasligi, uni himoya qilish hamda barqaror rivojlantirishda Tomonlar manfaatlarining birligini anglashdan kelib chiqib,
atrof-muhitni muhofaza qilish va ikkala mamlakatning milliy va xalqaro ekologiya dasturlarida qatnashishlariga oid birgalikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish sohasidagi hamkorlikni takomillashtirishga qaratilgan kuch-gʻayratlarining oʻta muhimligi va dolzarbligini eʼtiborga olib,
mamlakatlarning har birida atrof-muhitni muhofaza qilishning umumiy muammolarini hal etish ishida hamkorlik qilish ularning oʻzaro manfaatlariga mos kelishiga ishonch bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1- modda
Tomonlar oʻz davlatlarining tegishli qonunchiligi doirasida teng huquqlilik, oʻzaro foydalilik asosida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar.
2- modda
Tomonlar atrof-muhitga nisbatan salbiy taʼsir etishlarni aniqlash, oʻrganish, ularning oldini olish va qisqartirish maqsadida quyidagi sohalarda hamkorlik qilishni amalga oshiradilar:
a) ekologik qonunchilikni uygʻunlashtirish, atrof- muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishni normativ-huquqiy tartibga solish;
b) atrof-muhit ifloslanishini nazorat qilish vositalarini va asboblarini ishlab chiqarish;
v) tabiatdan foydalanishning iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish;
g) alohida muhofaza qilinadigan tabiat hududlarini tashkil etish va biologik xilma-xillikni, shu jumladan, chegara zonasida saqlash;
d) qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi, tuproqni muhofaza qilish va yer resurslaridan oqilona foydalanish;
e) yer osti boyliklarini muhofaza qilish va kam chiqindili va chiqindisiz texnologiyalarni joriy etish yoʻli bilan mineral xomashyo resurslaridan oqilona foydalanish;
j) havo havzasining transchegara ifloslanishidan muhofaza qilish;
z) chegaraga yaqin zonada yangi obyektlar qurilishiga oid ishlarni kelishib olish;
i) suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish hamda ularning ifloslanishining oldini olish;
k) zaharli va radioaktiv chiqindilarni neytrallashtirish, zararsizlantirish, xavfsiz holda yoʻqotish va koʻmib tashlash;
l) potensial transchegara taʼsiriga ega boʻlgan obyektlar uchun qoʻshma ekologik ekspertizalar oʻtkazish;
m) ekologik jihatdan sof, resurslarni tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, bu sohada oʻzaro tanishishga ruxsat etish;
n) maishiy chiqindilarni utilizatsiyalovchi va kam zaharli hamda zaharli sanoat chiqindilarini zararsizlantiruvchi qurilmalarni yaratish va joriy etish;
o) atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasida axborot bilan taʼminlash hamda chegaraga yaqin hududlardagi favqulodda vaziyatlar toʻgʻrisida xabardor qilish tarmoqlarini tashkil etish.
Hamkorlik qilishning boshqa shakllari keyinchalik kelishilishi mumkin.
3-modda
Tomonlar ushbu Bitimni bajarish uchun oʻz davlatlarining tabiatni muhofaza qilish idoralariga ushbu Bitim doirasidagi chora-tadbirlar majmui boʻyicha takliflar tayyorlash va ularni amalga oshirish vakolatini beradilar.
Tomonlar ushbu Bitim qanday amalga oshirilayotganligi toʻgʻrisida bir-birlariga har yili axborot berib turadilar.
4- modda
Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasida ikkala davlatning turli organlari, muassasalari va alohida shaxslari oʻrtasidagi hamkorlikka koʻmaklashadilar.
5- modda
Tomonlar atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanishning davlat boshqaruvini va uni tartibga solishni, davlat nazoratini takomillashtirish, tegishli iqtisodiy mexanizmlardan foydalanish tajribasini oʻzaro almashish, mutaxassislar stajirovkasini amalga oshirish sohasida hamkorlik qiladilar.
6- modda
Tomonlar birgalikdagi tadqiqot ishlarini amalga oshirish, ilmiy-texnik ishlanmalar natijalarini oʻzaro almashish sohasida hamkorlik qiladilar.
7- modda
Ushbu Bitim qoidalari mavjud yoki ushbu Bitim imzolangandan soʻng tuzilgan ikkala davlat hamkorligiga tegishli boʻlgan boshqa xil kelishuvlarga daxl qilmaydi.
8- modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yil davomida amal qiladi. Agar Tomonlardan biri ushbu Bitimning amalda boʻlish muddati tugagunga qadar kechi bilan olti oy oldin uni bekor qilish niyati toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amalda boʻlishi oʻz-oʻzidan keyingi besh yilga uzaytirilaveradi.
Almati shahrida 1997-yil 2-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, qozoq va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
