Sanoat mulkini muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
02.06.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ikkala davlat oʻrtasidagi tarixan tarkib topgan munosabatlarni eʼtiborga olib,
barqaror va ishonchli munosabatlarni rivojlantirish uchun sanoat mulki obyektlarini huquqiy muhofaza qilish zarurligini anglab,
sanoat mulki obyektlarida muhofaza hujjatlari mualliflari va egalarining huquqlarini muhofaza qilish va foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning maqsadga muvofiqligini tushunib,
sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida patent integratsiyasining foydaliligini va kelishilgan siyosat oʻtkazishning maqsadga muvofiqligini eʼtirof etib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ixtirolar, sanoat namunalari, mahsulot belgilari va boshqa sanoat mulki obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish sohasidagi hamkorlikni ushbu Bitimga va boshqa oʻzlari ishtirokchi boʻlgan yoki boʻladigan xalqaro shartnomalarga muvofiq oʻzaro manfaatdorlik hamda tenglik asosida amalga oshiradilar va rivojlantiradilar.
2-modda
Tomonlarning hamkorligi:
sanoat mulki obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq masalalarni tartibga solishga;
sanoat mulkini muhofaza qilish sohasidagi milliy huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirishga;
Oʻzbekiston Respublikasi talabnoma beruvchilari uchun Qozogʻiston Respublikasida va Qozogʻiston Respublikasi talabnoma beruvchilari uchun Oʻzbekiston Respublikasida muhofaza hujjatlari berish soʻralgan talabnomalarni topshirish va ularni koʻrib chiqish tartibini oʻzaro soddalashtirishga;
sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida axborot, normativ va boshqa hujjatlar, shuningdek, oʻzaro tajriba va mutaxassislar almashishga yoʻnaltiriladi.
3-modda
Sanoat mulki muhofaza qilish sohasida bir davlatning jismoniy va yuridik shaxslari ikkinchi davlat hududida ushbu ikkinchi davlatning huquqiy hujjatlari bilan uning oʻz jismoniy va yuridik shaxslari uchun hozirgi vaqtda berilgan yoki keyinchalik beriladigan huquq va imtiyozlardan oʻz jismoniy va yuridik shaxslari kabi bir xil asoslar hamda hajmlarda huquqiy muhofaza vositalaridan foydalanadilar.
Bunda ushbu Bitim bilan tartibga solinmagan masalalar boʻyicha Tomonlar 1967-yil 14-iyulda Stokgolmda qayta koʻrib chiqilgan Sanoat mulkini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Parij Konvensiyasi qoidalarini koʻllaydilar.
4-modda
Tomonlardan har biri quyidagilarni taʼminlovchi zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradilar:
sanoat mulki obyektlari uchun ilgari berilgan sobiq SSSR muhofaza hujjatlarining oʻz hududida haqiqiyligini eʼtirof etish;
sanoat namunalari uchun sobiq SSSR ixtirolari va guvohnomalariga sobiq SSSR mualliflik guvohnomalarini qolgan amalda boʻlish muddati uchun milliy patentlarga almashtirish;
sobiq SSSR mualliflik guvohnomalari va guvohnomalari bilan muhofaza qilingan ixtirolardan va sanoat namunalaridan foydalanganlik uchun mazkur foydalanish sodir boʻlgan davlatning huquqiy hujjatlariga muvofiq mualliflarga mukofot pulini toʻlash;
ikkala davlatning arizachilariga va ularning patent boʻyicha vakillariga milliy muhofaza hujjatlari berish uchun talabnomalarni hamda sobiq SSSR muhofaza hujjatlarini milliy muhofaza hujjatlariga almashtirish uchun iltimosnomani rasmiylashtirish, shuningdek ushbu talabnomalar va iltimosnomalar bilan bogʻliq yozishmalarni rus tilida olib berish huquqini berish.
5-modda
Oʻzbekiston Respublikasi yoki Qozogʻiston Respublikasining har qanday jismoniy yoki yuridik shaxsi litsenziya shartnomasi tuzmasdan ixtiro yoki sanoat namunasidan foydalanish huquqini, basharti ushbu ixtiro yoki sanoat namunasidan foydalanish boshqa shaxslar tomonidan sobiq SSSR mualliflik guvohnomasi berish uchun talabnoma ilgari berilgan ixtiro yoki sanoat namunasiga milliy patent berish soʻralgan iltimosnoma topshirilgan sanadan oldin qonuniy ravishda boshlangan boʻlsa, saqlab qoladi.
Bunda mualliflarga mukofot pulini toʻlash koʻrsatilgan ixtiro yoki sanoat namunasi qaysi davlat hududida foydalanilayotgan boʻlsa oʻsha davlatning huquqiy hujjatlari bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
6-modda
Tomonlar iqtisodiy, savdo, sanoat, fan va texnika sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi ikki tomonlama bitimlarga sanoat mulki obyektlarining muhofaza qilinishini taʼminlashga doir qoidalarni kiritish majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
7-modda
Muhofaza hujjatlarini berish soʻralgan talabnomalarni topshirish, muhofaza hujjatlarini qabul qilib olish va ularni oʻz kuchida saqlab turishda ikkala davlatning patent boʻyicha vakillari oʻzaro hamjihatlilik prinsipi asosida bevosita shu davlatlarning patent idorasi bilan ish olib borishlari mumkin boʻlib, bunda faqat milliy talabnoma beruvchilarning manfaatlarini ifodalaydilar. Bir davlatning milliy talabnoma beruvchilariga, shuningdek, uning huquqiy hujjatlari bilan belgilangan tartibda oʻzaro hamjihatlilik prinsipi asosida muhofaza hujjatlarini olish va ularni oʻz kuchida saqlab turish borasida bevosita boshqa davlatning patent idorasi bilan ish olib borish huquqi beriladi.
Bir davlatning murojaat qiluvchisi tomonidan boshqa davlatning patent boʻyicha vakiliga muhofaza hujjati berish uchun beriladigan talabnomalari milliy patent idorasiga talabnomalar berish toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda qabul qilinadi.
8-modda
Talabnomalar topshirganlik, muhofaza hujjatlari berganlik, ularni oʻz kuchida saqlab turganlik va sanoat mulkini muhofaza qilish va undan foydalanish bilan bogʻliq boshqa yuridik jihatdan ahamiyatli ishlarni bajarganlik uchun poshlinalar toʻlash, shuningdek, boshqa xizmatlar koʻrsatganlik uchun toʻlov, Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasining vakolatli organlari tomonidan belgilangan kurs boʻyicha milliy arizachilarning poshlinalari va toʻlovlarini toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasining huquqiy hujjatlarida nazarda tutilgan valyutada va miqdorlarda amalga oshiriladi.
9-modda
Bir davlatning jismoniy va yuridik shaxslari boshqa davlat hududida sanoat mulkiga tegishli patent fondlaridan, kutubxonalardan, bank maʼlumotlaridan milliy jismoniy va yuridik shaxslar foydalanadigan shartlarda foydalanadilar.
10-modda
Tomonlarning ushbu Bitimni amalga oshirish davomida bir-birlariga yoʻllaydigan barcha hujjatlari rus tilida taqdim etiladi.
11-modda
Tomonlarning quyidagi patent idoralari ushbu Bitimni amalga oshirish uchun masʼul hisoblanadilar:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasining Davlat patent idorasi,
Qozogʻiston Respublikasi uchun — Qozogʻiston Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vazirligining Patent agentligi (Qozoqpatent).
Ikkala davlat patent idoralarining hamkorlik qilish tartibi va shartlari ular oʻrtasidagi maxsus bitimlar bilan belgilanadi.
12-modda
Ushbu Bitimdan kelib chiqadigan yoki uning bajarilishi bilan bogʻliq masalalar yuzasidan anglashilmovchiliklar paydo boʻlganda Tomonlarning vakillari ushbu anglashilmovchiliklarni bartaraf etish uchun tegishli maslahatlashuvlar oʻtkazadilar va ushbu anglashilmovchiliklarni hal etishga erishish uchun zarur boʻlgan kuch-gʻayratlarini ayamaydilar.
13-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning boshqa davlatlar bilan sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikda ishtirok etishiga toʻsqinlik qilmaydi.
14-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
15-modda
Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim besh yil mobaynida amal qiladi. Agar Tomonlardan biri uning navbatdagi amal qilish davri tugashidan kamida olti oy oldin ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish boʻyicha oʻz niyati toʻgʻrisida ikkinchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilishi keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytirilaveradi.
Ushbu Bitim amalda boʻlishining toʻxtatilishi ikkala davlat jismoniy va yuridik shaxslariga ushbu Bitimning amalda boʻlish davrida berilgan talabnomalarga binoan berilgan yoki berilishi mumkin boʻlgan muhofaza hujjatlarining amal qilishiga daxl etmaydi.
Almati shahrida 1997-yil 2-iyunda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, qozoq va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda anglashilmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rus tilidagi matnga amal qilinadi.
(imzolar)
