2013-yilda tumanda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida (63-son)
21.01.2013
Jizzax viloyati Mirzachoʻl tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 22-moddasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-son “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizomini tasdiqlash haqida”gi qaroriga binoan, tumandagi fuqarolarni haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etish uchun zarur sharoitlar yaratish, iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning muhim obyektlarini ishchi kuchi bilan taʼminlashni, ishsizlar oʻrtasida boqimandalikning oldini olish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 22-moddasiga asosan 2013-yilda tumanda ushbu qarorga ilovada* koʻrsatilgan korxona, muassasa va tashkilotlarda haq toʻlanadigan jamoat ishlari amalga oshirilishi tashkil etilsin.
* Ilova berilmaydi.
2. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (B. Abdullayev)ga ish qidirayotgan va ishsiz shaxslar tarkibi va sonini hisobga olgan holda ishchi kuchiga boʻlgan talab va takliflarni tahlil qilish asosida aholini ish bilan taʼminlash mintaqaviy dasturining maxsus boʻlimiga kiritiladigan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish boʻyicha takliflarni tayyorlash va tuman hokimligiga taqdim etish vazifasi yuklatilsin.
3. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini mablagʻ bilan taʼminlash yuqorida koʻrsatilgan nizomning 23-bandida belgilangan tartibda amalga oshirilsin.
4. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar, pensionyerlar va nogironlarning uyiga borib ijtimoiy xizmat koʻrsatish boʻyicha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan, mehnat boʻlimlarida roʻyxatga olingan ishsiz fuqarolarga ish haqi toʻlash xarajatlari toʻliq ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
5. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2012-yil 16-apreldagi 189-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari A. Bobobekov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim v. b A. AQBOʻTAYEV
Mirzachoʻl t.,
2013-yil 21-yanvar,
63-son
