Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (1595-son)
29.09.2012
Jizzax viloyati Jizzax shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga va Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan 2013-yilda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun xodimlarning oʻrtacha soni 20 nafardan yuqori boʻlgan korxona, tashkilot va muassasalarda 2013-yil uchun 3 foizdan 7 foizgacha miqdorida jami 1084 ta kvota ish oʻrinlari ilovaga* muvofiq ajratilsin.
* Ilova berilmaydi.
Shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshgacha bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun 7 foiz (117 kishi);
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 7 foiz (369 kishi);
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun 7 foiz (94 kishi);
nogironlar uchun 3 foiz (109 kishi);
shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 3 foiz (97 kishi);
jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 3 foiz (77 kishi);
ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarning boshqa toifalari uchun 3 foiz (221 kishi) miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi band qilinsin.
2. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi taʼminlansin, xususan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va 14 yoshgacha boʻlgan nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun –– bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun –– ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun –– ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironlar uchun –– mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligʻining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari;
shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun –– maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun –– ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari, muayyan kasb-hunarga, malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa –– maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari.
3. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyilgan ish oʻrni ilgari ushbu ish oʻrnini egallab kelgan shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi toʻxtatilishi munosabati bilan boʻshab qolganda bu haqda tashkilot 10 kun muddatda shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazini yangidan ochilgan boʻsh ish oʻrni toʻgʻrisida xabardor etishi belgilansin.
4. Tashkilot rahbarlari ushbu Nizomga muvofiq ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini belgilangan soni hisobida yil yakunlanishidan 10 kun oldin 25 foiz, qolgan qismini band qilib qoʻyish 2013-yilning birinchi choragi tamom boʻlgandan keyin 10 kundan kechikmay tashkil etilishini taʼminlasinlar.
Tashkilotlar har chorakda shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga ushbu toifadagi shaxslarni ishga joylashtirilishi toʻgʻrisida belgilangan tartibda axborot taqdim etsinlar.
5. Ushbu qaror bajarilmagan taqdirda tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinishi koʻrsatib oʻtilsin.
6. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlari band qilib qoʻyish sonidan ortiqcha ish oʻrinlari tashkil etilgan taqdirda sarflangan mablagʻlarning bir qismini shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishi belgilansin.
7. Shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bir hafta muddatda ushbu qarorning ilovasida koʻrsatilgan tashkilot rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qarorning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
8. “Jizzax ovozi” gazetasi (A. Inomov), shahar televideniyasi (B. Eshonqulov)larga mazkur qaror mohiyati hamda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilingan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yuzasidan targʻibot ishlarini keng yoritish tavsiya etilsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish shahar hokimi oʻrinbosari Gʻ. Xidirov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim A. QOBILOV
Jizzax sh.,
2012-yil 29-sentabr,
1595-son
