Qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida
28.05.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan Latviya Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi oʻrtasida
Memorandum
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Latviya Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
istiqbolda energetika sohasida investitsiyalarni kengaytirish va hamkorlikni faollashtirishga intilib,
2006-yil 29-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Latviya Respublikasi Hukumati oʻrtasida sanoat va iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida Bitimning alohida qoidalarini amalga oshirish maqsadida,
Tomonlar davlatlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligi sohasidagi salohiyatini inobatga olib,
tenglik va oʻzaro manfaatdorlik tamoyillariga tayangan holda,
energiya xavfsizligini istiqbolda mustahkamlash zaruriyatini tan olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oʻz davlatlarining milliy qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda energiya samaradorligini oshiruvchi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish sohasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
2-modda
Tomonlar mazkur Memorandum doirasida quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni amalga oshiradilar:
qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligini oshiruvchi zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarish, amaliyotga joriy qilish va foydalanish masalalari boʻyicha oʻzaro manfaatli seminarlar, konferensiyalar, ikki tomonlama tashriflar va boshqa ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etish orqali oʻz mutaxassislari va ekspertlari oʻrtasida tajriba va maʼlumot almashish;
Tomonlar davlatlarning turli ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi hamkorlikka koʻmaklashish hamda qoʻshma loyihalar amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlash;
Tomonlar davlatlari milliy iqtisodiyotini qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻz davlatlari hududida qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxonalar yaratilishiga koʻmaklashish;
Tomonlar davlatlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini amaliyotga joriy qilish va tijoratlashtirish maqsadida ishlab chiqarish korxonalariga ega boʻlgan turli ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni ragʻbatlantirish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalarini amaliyotga joriy qilish, jumladan, ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash orqali parnik gazlari chiqindilarini qisqartirish sohasida qoʻshma loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va amalga oshirish;
qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasi mutaxassislarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
3-modda
Tomonlar muntazam ravishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida normativ-huquqiy hujjatlar bilan almashadilar.
4-modda
Tomonlar, zarur hollarda, ushbu Memorandum qoidalarini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan maslahatlashuv va muzokaralar oʻtkazadilar, shuningdek ishchi guruhlar tuzadilar hamda shu maqsadda uning ijrosiga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
Ishchi guruhlar yigʻilishlari Tomonlardan birining taklifiga koʻra mazkur Memorandumning amalga oshirilishini koʻrib chiqish uchun kelishilgan vaqtlar va joyda, lekin eng kamida ikki yilda bir marotaba oʻtkaziladi.
5-modda
Tomonlarning mazkur Memorandumni amalga oshirish uchun masʼul vakolatli organlari:
Oʻzbek Tomondan — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi;
Latviya Tomondan — Latviya Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi.
Tomonlar oʻz vakolatli organlarining oʻzgarishi toʻgʻrisida darhol bir-birlarini xabardor qiladilar.
6-modda
Tomonlar mazkur Memorandum doirasida olinadigan maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlashlari shart hamda bunday maʼlumotlar uchinchi tomonga faqatgina ushbu maʼlumotni taqdim etgan Tomonning dastlabki roziligi olingandan soʻng berilishi kerak.
7-modda
Mazkur Memorandum qoidalarini qoʻllash yoki talqin etishda yuzaga keladigan har qanday nizoli masalalar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
8-modda
Zarur hollarda Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan mazkur Memorandumga uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
Mazkur Memorandum imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan birining ikkinchi Tomonni uning amal qilishini tugatish istagi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilgandan soʻng ikki (2) oy muddatgacha amal qiladi.
Mazkur Memorandum Tomonlar ixtiyorining ifodasi hisoblanadi va ularga nisbatan biror bir huquqiy majburiyat yuklamaydi.
Toshkent shahrida 2014-yil 28-mayda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, latish va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Mazkur Memorandum qoidalarini talqin qilishda ixtiloflar yuzaga kelgan taqdirda Tomonlar rus tilidagi matnga asoslanadilar.
(imzolar)
