Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2015-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (Q-10/791-son)
09.10.2014
Navoiy viloyati Qiziltepa tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, 5-6-son, 97-modda), “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgrisida”gi Qonunining 25-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 29-30-son, 277-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 6-apreldagi “Aholi bandligini oshirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-616-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-yil, 15-son, 156-modda), Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgrisida”gi nizomni tasdiqlash haqida”gi 186-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 34-son, 333-modda) asosan ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumandagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar uchun xodimlarning roʻyxatdagi oʻrtacha sonidan 477 kishini tashkil etadigan 5,2 foiz miqdorida, shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshgacha bolalari va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va koʻp bolali ota-onalar uchun 5,2 foiz (25 kishi);
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 71,6 foiz (342 kishi);
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun 8,2 foiz (39 kishi);
nogironlar uchun 1,2 foiz (6 kishi);
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 1,0 foiz (5 kishi);
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 4,8 foiz (23 kishi);
ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarning boshqa toifalari uchun, 7,7 foiz (37 kishi), shu jumladan kichik yoshli bolalari boʻlgan ishlamayotgan ayollar uchun 6 kishi, atrofdagilar uchun xafli boʻlmagan ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar bilan ogʻriyotgan shaxslar uchun 3 kishi, odam savdosidan jabrlangan shaxslar uchun 28 kishi miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin va tumandagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar kesimida ilovadagi jadval asosida tasdiqlansin.
2. Tumandagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning rahbarlari ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar uchun ish joylarining koʻrsatib oʻtilgan miqdorini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomiga muvofiq belgilangan muddatlarda va tartibda barpo etilishini (band etib qoʻyilishini yoki ajratilishini) hamda ish joylari sanitariya-gigiyena qoidalariga va xodim oʻz mehnat majburiyatlarini bemalol bajarishini taʼminlaydigan mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasinlar.
3. Tumandagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar rahbarlariga ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ish bilan taʼminlash maqsadida 2014-yil yakunlanishidan 10 kun oldin har bir korxona, tashkilot va muassasa kvotalangan ish joylarining umumiy miqdorining kamida 25 foizi uchun, 2015-yilning 10-aprelidan kechikmasdan ish joylarining qolgan qismi 75 foizini yaratish (band qilib qoʻyilganligi) toʻgʻrisidagi, yaʼni har bir kvota toifasi boʻyicha ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan kasblar va lavozimlar, mutaxassisliklar kesimidagi maʼlumotlarni va qaror boʻyicha chiqarilgan buyruq nusxalarini tuman hokimligi Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga taqdim etish vazifalari topshirilsin.
4. Ushbu qaror ijrosi oʻz vaqtida taʼminlanmagan takdirda Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 18-moddasi 3-qismiga muvofiq ish beruvchilardan har bir yaratilmagan ish joyi uchun xodimning yillik oʻrtacha ish haqi miqdorida jarima undiriladi. Jarima toʻlaganlik tashkilotni band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan sonini tashkil etishdan ozod qilmaydi.
5. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (J. Fayzullayev) bir hafta muddatda mazkur qarorni tegishli korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari eʼtiboriga havola etsin va qarorning bajarilishi ustidan katʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgrisida”gi nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini tuman hokimi tomonidan belgilangan mikdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanliklari inobatga olinsin.
7. Mazkur qarorni rasmiy ravishda eʼlon qilinishi hamda adliya boshqarmasiga davlat hisobiga olish uchun taqdim etilishi taʼminlansin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari N. Hayitov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Sh. NABIYEV
Qiziltepa t.,
2014-yil 9-oktabr,
Q-10/791-son
Tuman hokimining 2014-yil 9-oktabrdagi Q-10/791-sonli qaroriga ILOVA
2015-yilda ijtimoiy himoyaga muxtoj shaxslar uchui ish joylarini yaratish (kvotalash) lozim boʻlgan korxonalar
roʻyxati
