Oʻzbekiston Respublikasi ordenlari va medallarining tasvirlari haqida (933-XII-son)
03.09.1993
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ordenlari va medallarining tasvirlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Madaniyat va madaniy merosni asrash qoʻmitasi oʻtkazgan ijodiy tanlov natijalari haqidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining oʻn uchinchi sessiyasiga taqdim etilgan ordenlar tasvirlarining muqobil variantlaridan koʻpchilik deputatlar tomonidan maʼqullangan quyidagi tasvirlar asos uchun qabul qilinsin:
“Oʻzbekiston Qahramoni” ordeni — tasvir muallifi R. Dadulagov;
“Mustaqillik” ordeni — tasvir muallifi Z. Turdaliyeva;
“Mardlik” ordeni — tasvir muallifi A. Mamajonov.
3. Mehnatdagi shuhrat uchun beriladigan davlat mukofoti sifatida “Shuhrat” medali va jangovor shuhrat uchun beriladigan davlat mukofoti sifatida “Jasorat” medali taʼsis etish nazarda tutilsin.
“Shuhrat” va “Jasorat” medallari uchun A. Mamajonovning “Shuhrat” medaliga chizgan tasvirining birinchi va ikkinchi variantlari asos tarzida qabul qilinsin.
4. Asos uchun qabul qilingan orden va medallar tasvirlari matbuotda keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilsin. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining oʻn uchinchi sessiyasida xalq deputatlari bildirgan fikr-mulohazalar va keng jamoatchilikning istak-xohishlarini hisobga olgan holda tasvirlar takomillashtirilib, Oʻzbekiston Respublikasi ordenlari va medallari toʻgʻrisidagi qonun loyihalari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdagi sessiyasiga kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
1993-yil 3-sentabr,
933-XII-son
