Tumandagi yuridik va jismoniy shaxslardan qattiq va suyuq holdagi maishiy chiqindilarni olib ketish bilan bogʻliq xizmatlar tarifi toʻgʻrisida (1169k-son)
23.07.2014
Xorazm viloyati Urganch tumani hokimining
Qarori
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-yanvardagi “Respublika aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 4-son, 2010-yil 28-oktabrdagi “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni deklaratsiya qilish (tasdiqlash) va belgilash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 239-son qarorlariga asosan, chiqindilarni fuqarolar hayoti va sogʻligʻiga, atrof-muhitga zararli taʼsirini oldini olish, chiqindilar hosil boʻlishini kamaytirish, tuman hududini ekologik hamda sanitariya holatini, tozaligini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 3-dekabrdagi “Respublika aholi punktlarida sanitariya jihatdan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 315-son qaroriga asosan, tumanda qattiq va suyuq holdagi maishiy chiqindilarni (keyingi oʻrinlarda matnda “chiqindi” deb yuritiladi) tashib olib ketish xizmatlari obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshirilishi belgilansin.
2. Urganch tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan har oyiga chiqindilarni olib ketish uchun koʻrsatiladigan xizmatlar narxi yuridik tashkilotlardan 1 (bir) m3 uchun qoʻshimcha qiymat soligʻisiz 21000 soʻm, aholi jon boshiga 1000 soʻm qilib belgilansin.
3. Obodonlashtirish boshqarmasi (S. Shokirov), tuman aholisi, korxona va tashkilotlar bilan chiqindilarni olib ketish yuzasidan shartnomalarini tuzish hamda shartnoma asosida maishiy chiqindilarni oʻz vaqtida olib chiqib ketish va ularni belgilangan tartibda joylashtirib borsin.
4. Tuman mahalla fuqarolar yigʻinlari raislariga:
hududlarda maishiy chiqindilarni samarali va oʻz vaqtida olib chiqib ketishni tashkil etish hamda hudud doirasida obodonlashtirishga, koʻkalamzorlashtirishga va sanitariya holatini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar rejalarini tasdiqlash;
aholidan chiqadigan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishni oʻz vaqtida tashkil etish va xizmatlar uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida undirilishida obodonlashtirish boshqarmasiga amaliy yordam berib borish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qaror “Urganch haqiqati” gazetasida eʼlon qilinsin.
6. Ushbu qarorni nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Hokim Sh. RUSTAMOV
Urganch t.,
2014-yil 23-iyul,
1169k-son
