2014-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida (1584q-son)
31.07.2014
Xorazm viloyati Urganch shahar hokimining
Qarori
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizomga asosan, Urganch shahrida haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish va moliyalash tartibini, ishsiz deb eʼtirof etilgan fuqarolarning bunday ishlarda ishtirok etish shartlarini belgilash maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizomning 5-bandiga muvofiq 2014-yilda ishsiz deb eʼtirof etilgan fuqarolar uchun haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish ilovaga* muvofiq korxona, tashkilotlariga yuklatilsin.
* Ilova berilmaydi.
2. Urganch shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (B. Qurbanov)ga ilovada keltirilgan korxona, tashkilotlar bilan tegishli shartnomalar tuzib, haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish vazifasi topshirilsin.
3. Tegishlicha korxona, tashkilotlar rahbarlari:
tashkil etiladigan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq belgilangan tartibda ishsiz deb eʼtirof etilgan fuqarolar uchun ularning maxsus dastlabki kasb tayyorgarligini talab qilmaydigan, mehnat faoliyatining vaqtincha turlariga muvofiq boʻlishini;
Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan yuborilgan fuqarolarni har oy davomida kamida ikki hafta muddatga haq toʻlanadigan jamoat ishlari bilan taʼminlanishini;
Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan yuborilgan fuqaro bilan ish beruvchi muddatli mehnat shartnomasi tuzsin va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlasin;
Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi tomonidan yuborilgan fuqaro bilan ish beruvchi muddatli mehnat shartnomasi tuzishda, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash xarajatlari, Urganch shahar hokimligiga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha ellik foizi ish beruvchilar mablagʻlari va ellik foizi mahalliy budjet va bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi mablagʻlari hisobiga;
boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha yetmish besh foizi ish beruvchilar mablagʻlari va yigirma besh foizi ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshirilsin.
4. Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (B. Qurbanov) bir hafta muddatda mazkur karorning ilovada koʻrsatilgan korxona, tashkilot rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va qarorning bajarilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlasin.
5. Urganch shahar hokimining 2013-yil 21-yanvardagi “2013-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 71-q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Ushbu qaror “Urganch oqshomi” gazetasida eʼlon qilinsin.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Urganch shahar hokimining ijtimoiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari M. Madrimov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim O. SAPAYEV
Urganch sh.,
2014-yil 31-iyul,
1584q-son
