Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha oʻzbek-vyetnam Hukumatlararo komissiyani tuzish toʻgʻrisida
28.03.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish istagida,
quyidagi toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi oʻrtasida hamkorlikni savdo-iqtisodiy munosabatlar va ilmiy-texnikaviy aloqalar sohasida hamkorlikni rivojlantirish vazifalarini muvaffaqiyatli bajarish maqsadida bundan keyin “Komissiya” deb ataluvchi savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha oʻzbek-vyetnam Hukumatlararo komissiyani tuzadilar.
2-modda
Komissiya ushbu Bitim, shuningdek uning birinchi majlisida tasdiqlangan Komissiya toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq oʻz faoliyatini amalga oshiradi.
3-modda
Komissiya:
1. Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni, ikki mamlakat manfaatdorligini hisobga olgan holda, tenglik va oʻzaro foyda asosida rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan takliflarni tayyorlaydi va chora-tadbirlarni qabul qiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi va Vyetnam Sotsialistik Respublikasi oʻrtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga, texnik hujjatlarni oʻzaro almashishga, ikki mamlakatdagi ilmiy-texnika sohasidagi yutuqlar toʻgʻrisida tegishli axborot bilan almashishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqishga koʻmaklashadi.
3. Ikki davlat vazirlik, idora, tashkilot, muassasa, mintaqa va xoʻjalik subyektlari oʻrtasida turli darajadagi oʻzaro qiziqish uygʻotuvchi hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish va bajarishga koʻmaklashadi.
4. Ikki mamlakat oʻrtasida tuzilgan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlarni, shuningdek ushbu sohalardagi oʻzining qarorlarini bajarish boʻyicha nazorat olib boradi va ularni muvaffaqiyatli bajarishga qaratilgan chora-tadbirlarni qabul qiladi.
4-modda
Komissiya har bir Tomondan tayinlangan raislar tomonidan boshqaradigan milliy qismlardan iborat.
Komissiya doirasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikning turli yoʻnalishlari boʻyicha podkomissiya va ishchi guruhlar tuzilishi mumkin.
Milliy qismlar raislari Komissiyaning oʻz qismlari shaxsiy tarkibi va uning keyingi oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlarini oʻzaro xabardor qiladilar.
5-modda
Tomonlar:
Komissiya oʻzining majlislarini ish tartibda kelishilgan muddatlarda, odatda, yilda kamida bir marta navbatma-navbat Oʻzbekiston va Vyetnamda oʻtkazadi, ularda qabul qilayotgan Tomon raislik qiladi;
Komissiyaning majlislarini oʻtkazish boʻyicha xarajatlarni majlis qaysi mamlakat hududida oʻtkazilayotgan boʻlsa oʻsha Tomon qoplaydi;
Komissiya majlislarining ishtirokchilari, shuningdek doimiy va vaqtinchalik organlarining aʼzolarining yoʻl va yashash, shu jumladan mehmonxonada turish xarajatlarini oʻz vakillarini yoʻllayotgan Tomon qoplaydi.
6-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga asosan oʻzgarishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Ushbu Bitim imzolangan kundan kuchga kiradi va bir Tomon boshqa Tomonning ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish istagi toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasini olgan kundan soʻng olti oy oʻtgunga qadar amalda boʻladi.
Xanoy shahrida 1996-yil 28-martda, ikki nusxada, har biri oʻzbek, vyetnam va rus tillarida imzolandi, bunda hamma matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim mazmunini talqin qilishda rus tilidagi matn qoʻllanadi.
(imzolar)
