Boʻz tumani mahalliy budjetining 2013-yildagi ijrosi hamda 2014-yil budjetining asosiy koʻrsatkichlari haqida (98/28-04-son)
20.01.2014
Andijon viloyati Xalq deputatlari Boʻz tumani kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 12, 13-moddalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2013-yil 14-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi 770-II-sonli, Oliy Majlis Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi 339-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining 2013-yil 27-dekabrdagi 168/31-4-sonli qarorlariga asosan xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Boʻz tuman mahalliy budjetining 2013-yildagi ijrosi:
Daromadlar qismi boʻyicha:
daromadlar tushumi 7 mlrd 986 mln 927,5 ming soʻm, xarajatlarni qoplashga yoʻnaltirilgan yil boshiga boʻlgan budjet mablagʻlari 162 mln 652 ming soʻm, viloyat budjetidan olingan subvensiyalar jami 13 mlrd 426 mln 946 ming soʻm, oʻzaro hisob boʻyicha viloyat budjetidan olingan mablagʻlar 3 mlrd 831 mln 448,9 ming soʻm;
Xarajatlar qismi boʻyicha:
jami xarajatlar 25 mlrd 447 mln 974,7 ming soʻm miqdorida 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2. Tuman mahalliy budjetining 2014-yilgi asosiy koʻrsatkichlari:
daromadlar qismi soliq tushumlari boʻyicha 10 mlrd 628 mln 229 ming soʻm, viloyat budjetidan olinadigan subvensiyalar 19 mlrd 310 mln 444 ming soʻm, hamma daromadlar 29 mlrd 938 mln 673 ming soʻm miqdorida 2-ilovaga*;
xarajatlar qismi sohalar boʻyicha 29 mlrd 938 mln 673 ming soʻm miqdorida hamda aylanma kassa mablagʻi meʼyori 194 mln 311 ming soʻm miqdorida 3-ilovaga*;
2014-yilda umumdavlat soliqlari boʻyicha tushumlarning tuman mahalliy budjetiga ajratiladigan meʼyorlari 4-ilovaga*;
tuman boʻyicha mahalliy budjet daromadlari, xarajatlari, viloyat budjetidan oʻtkazib beriladigan subvensiya mablagʻlari miqdorlari va aylanma kassa mablagʻlarining meʼyorlari 5-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 5-ilovalar berilmaydi.
3. Tumandagi mutasaddi tashkilotlar:
Makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni taʼminlashga, aholining real daromadlari va turmush farovonligini oshirishga hamda inflyatsiya darajasini maqsadli prognoz koʻrsatkichlar doirasida saqlashga qaratilgan bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirishni va iqtisodiyotni erkinlashtirish davom ettirilsin;
investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish va yangi ish oʻrinlari yaratishni yanada ragʻbatlantirish maqsadida, iqtisodiyot zimmasiga tushayotgan soliq yukini kamaytirish va soliq maʼmuriyatchiligi tizimini yanada soddalashtirish, yangi korxonalar barpo etish va ishlab chiqarish hajmini oshirish hisobiga soliq bazasini koʻpaytirish, soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining barqarorligini taʼminlash, shuningdek soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagi oʻzgartirishlarni barcha soliq toʻlovchilarga yetkazish va keng tushuntirish ishlarini olib borish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻrsin;
aholi turmush farovonligini oshirishga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan davlat xarajatlarining, shu jumladan taʼlimni rivojlantirishga, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qilinadigan xarajatlarning ustuvorligini taʼminlasin;
mamlakatda ishlab chiqarilayotgan tovarlar va koʻrsatilayotgan xizmatlarning ichki hamda tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini taʼminlash maqsadida investitsiya va innovatsiya jarayonlarini ragʻbatlantirish orqali iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilashni jadallashtirishga yoʻnaltirilgan tarkibiy oʻzgartirishlar hamda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish dasturlarini amalga oshirishni davom ettirsin;
ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasini yanada rivojlantirish, shuningdek mamlakatni modernizatsiya qilish, bandlikni taʼminlash va aholi turmush sifatini oshirishning eng muhim omili sifatida xizmat koʻrsatish sohasini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
mahalliy budjetlarning budjetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 28-noyabrdagi “Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1652-sonli va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-martdagi “Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 91-sonli qarorlariga muvofiq 2012 — 2015-yillarda tibbiyot muassasalarning tarmogʻini maqbullashtirish, boʻlinmalarni yagona hududda jamlash hamda oʻzini oʻzi moliyalashtirish va qoplash salmogʻini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlari davom ettirish va buning natijasida boʻshaydigan moliyaviy mablagʻlar sogʻliqni saqlash muassasalarini anjomlar, sarflanadigan materiallar, reaktivlar va dori-darmonlar bilan taʼminlanish darajasini orttirishga yoʻnaltirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-iyundagi “2013 — 2018-yillarda zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 178-son qaroriga asosan zamonaviy madaniyat va aholi dam olish markazlarini tashkil etish va mazkur markazlarning binolarini bosqichma-bosqich kapital taʼmirlash va jihozlash ishlarini amalga oshirish;
budjet mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlar maqsadli va manzilli ishlatilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlash, budjetdan ajratilgan mablagʻlardan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini beruvchi moliyalashtirishning normativ usullarini joriy etishni kengaytirish hisobiga xarajatlarni maqbullashtirish maqsadida Davlat budjetining gʻazna ijrosi tizimini takomillashtirish boʻyicha ishlarni davom ettirsin;
davlat budjeti taqchilligini 2014-yil 1-yanvar holatiga koʻra respublika budjetining zaruriy aylanma kassa naqd mablagʻlari hajmidan ortiqcha erkin qoldiqlari va boshqa qoldiqlar noinflyatsiyaviy manbalari hisobidan moliyalashtirsin.
Hukumatimizning iqtisodiyotimizni yuqori surʼatlarda oʻsishi, inflyatsiya darajasining belgilangan koʻrsatkichlar doirasida saqlab turilishi, investitsiyalar miqdori va aholi real daromadlarining muttasil ravishda oshib borishi, Davlat budjetining daromadlari boʻyicha ishonchli va barqaror oʻsishni taʼminlash boʻyicha dasturli koʻrsatmalari ijrosi soʻzsiz taʼminlanishi choralari koʻrilsin;
tumanning iqtisodiy jihatdan yanada rivojlanishini, makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlik mustahkamlanishini, ijtimoiy dasturlar ustuvor tarzda moliyalashtirilishini, uy-joy kommunal xoʻjaligini yaxshilashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarning bajarilishini hamda budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlasinlar;
ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasini yanada rivojlantirish, shuningdek bandlikni taʼminlash va aholi turmush sifatini oshirishning eng muhim omili sifatida xizmat koʻrsatish sohasini, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar;
soliq siyosatini xoʻjalik yurituvchi subyektlarga soliq yukini yanada kamaytirishga, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashni ragʻbatlantirishga, aholining daromadlarini oʻstirish va ularning xarid qilish qobiliyatini oshirishga, soliq maʼmurchiligini soddalashtirish va mukammallashtirishga qaratilgan Hukumat qarorlarini soʻzsiz bajarish choralarini koʻrsinlar;
mahalliy budjetdan moliyalashtiriladigan muassasalar tomonidan budjetdan ajratilayotgan mablagʻlardan samarali foydalanish va maqsadli sarflanishini taʼminlanishini doimiy nazorat qilish, vaqtincha boʻshab qolgan mablagʻlarni amaldagi tartiblarga koʻra maqbullashtirish choralarini koʻrish va buning hisobiga shakllangan manbalarni Hukumat tomonidan qabul qilinayotgan qaror va farmonlar, tuman hokimining qaror va farmoyishlari hamda muhim Davlat dasturlarining tegishli bandlarining ijrosi uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni ajratishga yoʻnaltirish;
2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini, turmush darajasi va daromadlari oʻsishini taʼminlash, mehnat bozorida ish kuchiga boʻlgan talabni oshirish boʻyicha iqtisodiyot tarmoqlarining mavjud salohiyatidan samarali foydalanish yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining masʼuliyati oshirilsin.
4. Tuman mahalliy davlat hokimiyati organlari budjet daromadlarining tasdiqlangan koʻrsatkichlari soʻzsiz bajarilishini, hududning soliq bazasi va moliyaviy salohiyati kengaytirilishi yuzasidan samarali chora-tadbirlar qabul qilinishini taʼminlasinlar hamda budjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsinlar.
5. Tuman moliya, gʻaznachilik, davlat soliq inspeksiyasi va barcha tijorat banklari tuman boʻlimlari hisobot davrlari yakunlarida mazkur qarorning bajarilishi haqida tuman hokimligiga axborot berib borsinlar.
6. “Boʻz hayoti” gazetasi tahririyati (S. Xazratqulov)ga ushbu qarorni tuman gazetasida chop etish tavsiya etilsin.
7. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan Xalq deputatlari tuman Kengashining 2012-yil 30-dekabr kungi 68/18-4 sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Ushbu qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan kuchga kirgan deb hisoblansin.
9. Xalq deputatlari tuman Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi (X. Maxkamov):
tuman budjetining tegishli davrdagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni har chorakda muhokama qilish va tuman Kengashi sessiyalari tasdigʻiga kiritish choralarini koʻrsin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi raisi X. Maxkamov zimmasiga yuklatilsin.
Xalq deputatlari tuman kengashi raisi D. ADILBOYEV
Boʻz sh.,
2014-yil 20-yanvar,
98/28-04-son
