Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash toʻgʻrisida (PQ-2256-son)
31.10.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Betakror isteʼdodi, Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuygʻusini, oliyjanob insoniy fazilatlarni yuksak pardalarda tarannum etgan yetuk badiiy asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga, xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga qoʻshgan ulkan hissasini inobatga olib hamda tavalludining 100 yilligini munosib nishonlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi, Respublika xotin-qizlar qoʻmitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va jamoatchilik vakillarining Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini mamlakatimiz miqyosida keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qoʻmita bir oy muddatda Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini yuqori saviyada nishonlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.
Ushbu rejada:
shoiraning oʻzbek tilida “Saylanma” asarlarini, ingliz va qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan sheʼriy toʻplamlarini;
“Zulfiya zamondoshlari xotirasida” kitobini nashrga tayyorlash va chop etish;
shoiraning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish;
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida “Mustaqillik davri adabiyotida Zulfiya ijodining ahamiyati” mavzusida ilmiy konferensiya oʻtkazish;
mamlakatimizdagi oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, sanʼatkorlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish;
2015-yil mart oyida Toshkent shahridagi “Turkiston” saroyida ziyolilar, faol xotin-qizlar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari hamda keng jamoatchilik ishtirokida shoira xotirasiga bagʻishlangan ijodiy kecha oʻtkazish tadbirlari koʻzda tutilsin.
4. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 31-oktabr,
PQ-2256-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 31-oktabrdagi PQ-2256-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita
tarkibi
Mirziyoyev Sh.M. — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, tashkiliy qoʻmita raisi Ahmedov M. — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari Sultonov X.M. — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Ikramov A.I. — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Basitxanova E.I. — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Usmonov R.J. — Toshkent shahar hokimi Axmedov B.M. — Madaniyat va sport ishlari vaziri oʻrinbosari Vaxabov A.V. — Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inoyatov U.I. — Xalq taʼlimi vaziri Hazratqulov M. — Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori Xadjayev A.J. — Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi Yunusov O.H. — Matbuot va axborot agentligi bosh direktori Qosimov J.M. — “Oʻzbekkino” Milliy agentligi bosh direktori Jalilova F. — “Saodat” jurnali bosh muharriri Olimjonova R. — Zulfiya asarlarini nashrga tayyorlovchi Quronboyev Q.Q. — Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi rahbari Gʻaniyev B.M. — “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi raisi
Izoh: tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtganda uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
