Tumandagi transport vositalarini 2014-yilda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (101-Q-son)
28.02.2014
Andijon viloyati Buloqboshi tumani hokimining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash xaqida”gi 54-sonli qarori hamda 2012-yil 24-fevraldagi 49-q sonli qarori ijrosini taʼminlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki Ishlar vazirining 2011-yil 4-yanvardagi 2-sonli buyrugʻiga va Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan qaror qilaman:
1. Tumandagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalari navbatdagi 2014-yil majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Texnik koʻrikdan sifatli va tartibli oʻtkazish boʻyicha ilovaga muvofiq komissiya tarkibi tasdiqlansin.
3. Tuman mudofaa ishlar boʻlimi (T. Usmonov)ga 2014-yil oylik maoshi saqlangan holda bitta xodim ajratish va tuman ichki ishlar boʻlimi ixtiyoriga yuborish vazifasi yuklatilsin.
4. Tuman ichki ishlar boʻlimi yoʻl harakati xavfsizligi xizmati guruhi (M. Xamrakulov)ga:
“Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 5-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalarining texnik koʻrigini;
birinchi marta — 1-mart — 30-iyunda;
ikkinchi marta — 1-sentabr — 31-oktabrda oʻtkazish;
yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigini — 1-mart — 30-iyunda;
jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigini — 1-yanvardan — 31-avgustgacha oʻtkazilishini taʼminlash topshirilsin.
5. Tuman ichki ishlar boʻlimi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi guruhi (M. Xamrakulov)ga texnik koʻrikdan oʻtayotgan har bir transport vositasining yoritqich chiroqlari oynalariga avtomashina Davlat roʻyxatidan oʻtkazish raqami belgilarini takror yozilishini (grapirovka yoʻli bilan) taʼminlash yuklatilsin.
6. Buloqboshi tuman fuqarolarning shaxsiy foydalanishdagi avtomototransport vositalarini mavsumiy yillik texnik koʻrikdan oʻtkazilishi tuman ichki ishlar boʻlimi yoʻl harakati xavfsizligi guruhi binosi oldida tashkil qilinsin.
7. “Buloqboshi” gazetasi muharriri (A. Gʻoziyev)ga mazkur qarorni ommaviy axborot vositasi orqali keng ommaga yetkazish ishlarini amalga oshirish vazifasi topshirilsin.
8. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kirishi belgilab qoʻyilsin.
9. Mazkur qarorning qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2013-yil 6-apreldagi 145-Q sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari S. Qosimov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim D. MAKSUDOV
Buloqboshi t.,
2014-yil 28-fevral,
101-Q-son
Tuman hokimining 2014-yil 28-fevraldagi 101-Q-sonli qaroriga ILOVA
Davlat texnik koʻrigidan oʻtkazish tuman komissiyasi
TARKIBI
M. Xamraqulov — tuman ichki ishlar boʻlimi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi guruhi rahbari, komissiya raisi KOMISSYYa AʼZOLARI: Sh. Buvanazarov — tuman mudofaa ishlari boʻlimi rezervdagi va harbiyga majburlar boʻlimi boshligʻining yordamchisi: M. Mirzayev — tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshligʻining oʻrinbosari R. Xamrakulov — tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi tuman boʻlimi raisi A. Toʻxtaboyev — tuman Davlat texnika nazorati inspeksiya boshligʻi B. Kosimov — tuman avtomotohavaskorlar koʻngilli jamiyati raisi F. Mirzayeva — “Oʻzagrosugurta” Davlat aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi tuman boʻlimi bosh nazoratchisi
