Jomboy tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (1004-Q-son)
27.09.2014
Samarqand viloyati Jomboy tumani hokimining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 34-son, 333-modda) ijrosini taʼminlash hamda Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 2014-yil 15-sentabrdagi 223-sonli xatini koʻrib chiqib, tuman hududida joylashgan korxonalarda ish oʻrinlarini eng kam miqdorini belgilash yuzasidan berilgan takliflarni inobatga olib qaror qilaman:
1. Tuman hududida joylashgan, ishlayotgan xodimlarning oʻrtacha soni 20 nafardan ortiq boʻlgan korxona, tashkilot, muassasalarda 2015-yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish joylarini eng kam miqdori, shu jumladan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona hamda 14 yoshgacha va nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun 13 kishi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek oliy oʻquv yurtlarining davlat grantlari asosida taʼlim olgan bitiruvchilar uchun 241 kishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlarga 18 kishi;
nogironlar uchun 4 kishi;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan, pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 4 kishi;
odam savdosidan jabrlanganlar uchun 2 kishi;
safarbarlik chaqiruvi zaxirasiga kiritilgan shaxslar uchun 3 kishi;
kichik yoshli bolalari boʻlgan ishlamayotgan ayollar uchun 9 kishi;
atrofdagilar uchun xavfli boʻlmagan ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar bilan ogʻriyotgan shaxslar uchun 1 kishi;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslarga 6 kishi miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin.
2. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish joylarining koʻrsatib oʻtilgan miqdorini Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq belgilangan muddatlarda va tartibda yaratilishini (ajratilishini yoki band etib qoʻyilishini) hamda ish joylari sanitariya gigiyena normalariga va xodim oʻz majburiyatlarini bemalol bajarishini taʼminlaydigan mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini tuman hokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarining bir qismini tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanliklari inobatga olinsin.
4. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (J. Jumanov) bir hafta muddatda mazkur qarorni tegishli korxona va tashkilot rahbarlariga yetkazsin hamda uning bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
5. Tuman hokimining 2013-yil 19-sentabrdagi 1194-Q-sonli hamda 2014-yil 16-yanvardagi 26-Q-sonli qarorlari 2014-yil 31-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7. Ushbu qaror ijrosining bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari U. Mamatov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim X. BURIYEV
Jomboy t.,
2014-yil 27-sentabr,
1004-Q-son
