Tumanda geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (331-q-son)
09.09.2014
samarqand viloyati Qoʻshrabot tumani hokimining
Qarori
“Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 41-son, 448-modda), Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi 295-sonli “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 41-42-son, 483-modda) hamda viloyat hokimining 2012-yil 3-dekabrdagi 246-q-sonli “Viloyatda Geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari talablaridan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asoslanib qaror qilaman:
1. Samarqand viloyat hokimining 2012-yil 3-dekabrdagi 246-q-sonli “Viloyatda geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Qoʻshrabot tuman komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga, geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasining tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman komissiyasi oʻz vakolatlari doirasida quyidagilarni taʼminlasin:
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash boʻyicha takliflarni takliflar kiritgan organlarga tegishli xulosalar bergan holda atroflicha oʻrganish;
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash boʻyicha takliflarni ularning geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan davlat ekspertizasidan oʻtkazishni tashkil qilish;
geografik obyektlarning tarixiy-madaniy meros, Oʻzbekiston xalqining maʼnaviy-etnik qadriyatlari bilan bogʻliq nomlarini asrash, ularni asossiz qayta nomlashning oldini olish;
geografik obyektlarni Oʻzbekiston xalqining milliy anʼanalari va mentalitetiga yot boʻlgan nomlar bilan qayta nomlashga va ularga nom berishga yoʻl qoʻymaslik;
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlashda mahalliychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, xizmat martabasini suiisteʼmol qilish hollarini istisno qilish;
qarorlar qabul qilishda xolislik va oshkoralik, shuningdek geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish tartib-qoidasi va muddatlariga rioya qilish;
geografik obyektlarni odamlarning ismlari bilan, shuningdek tarixiy voqealar sharafiga nomlash va qayta nomlash sohasida belgilangan cheklovlarga rioya qilish;
mahalliy aholining geografik, tarixiy, milliy, etnik, tilga oid va boshqa xususiyatlarini oʻrganish hamda hisobga olish;
bir maʼmuriy-hududiy birlik doirasida geografik obyektlarga bir xil nomlar berilishiga yoʻl qoʻymaslik;
beriladigan nomlarning geografik obyektlar nomlarining geografik obyekt joylashgan joydagi mavjud tizimiga muvofiqligi;
geografik obyektlar nomlarining yanglishishlarga sabab boʻluvchi oʻxshashligini, ushbu nomlar mazmunlarining Oʻzbekiston xalqining tarixi, anʼanalari va madaniyatiga toʻgʻri kelmasligini nazarda tutgan holda, istisno qilish.
4. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2004-yil 4-sentabrdagi 329-q-sonli “Viloyat hokimining 2004-yil 20-avgustdagi 177-q-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-avgustdagi 383-sonli “Oʻzbekiston Respublikasidagi maʼmuriy hududiy birliklar, aholi punktlari, tashkilotlarga va boshqa toponimik obyektlarga nom berish ishlarini tartibga solish toʻgʻrisida”gi hamda 2012-yil 14-dekabrdagi 635-q-sonli “Viloyat hokimining 2012-yil 3-dekabrdagi “Viloyatda geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 246-q-sonli qarori haqida”gi qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Z. Mamadaliyev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim O. ALIXODJAYEV
Qoʻshrabot t.,
2014-yil 9-sentabr,
331-q-son
Tuman hokimining 2014-yil 9-sentabrdagi 331-q-sonli qaroriga 1-ILOVA
Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Qoʻshrabot tuman komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasi (keyingi oʻrinlarda hududiy komissiya deb ataladi) geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalarini koʻrib chiquvchi, shuningdek “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarining bajarilishini nazorat qiluvchi maxsus organ hisoblanadi.
2. Hududiy komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladilar.
Hududiy komissiyaning tarkibi manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organi rahbari hamda xodimlaridan, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillaridan, shuningdek fan va madaniyat arboblaridan, ekspertlardan, mutaxassislardan xamda tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan boshqa shaxslardan shakllantiriladi.
II. Hududiy komissiyaning vazifalari va funksiyalari
3. Quyidagilar hududiy komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
geografik obyektlarning Oʻzbekiston xalqining tarixiy-madaniy qadriyatlari va merosi bilan bogʻliq nomlari asralishini taʼminlash, ularning asossiz qayta nomlanishining oldini olish;
geografik obyektlarni Oʻzbekiston xalqining milliy anʼanalari hamda mentalitetiga yot boʻlgan nomlar bilan qayta nomlashga va ularga nom berishga yoʻl qoʻymaslik;
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlashda mahalliychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, xizmat martabasini suiisteʼmol qilish hollarini istisno qilish.
4. Hududiy komissiya oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni atroflicha oʻrganishni tashkil etadilar hamda tegishli xulosalar beradi;
qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib boradi;
toponimik va boshqa tadqiqotlar oʻtkazish, kartografik, arxivga oid, tarixiy va boshqa materiallarni atroflicha oʻrganish, geografik obyektlarning nomlarini maqbullashtirish ishlarini muvofiqlashtiradi;
geografik obyektlarni asossiz qayta nomlashning, ularga Oʻzbekiston xalqining milliy anʼanalari va mentalitetiga yot boʻlgan nomlar berilishining oldini olish, ushbu sohada mahalliychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, xizmat martabasini suiisteʼmol qilish hollariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash jarayonining xolisona hamda oshkora boʻlishini taʼminlash boʻyicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida geografik obyektlarning nomlaridan foydalanish va ularni asrash yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
“Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini samarali amalga oshirishga qaratilgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
III. Hududiy komissiyaning huquqlari va javobgarligi
5. Hududiy komissiya oʻziga yuklangan vazifalarning ijro etilishini taʼminlash uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlardan geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni atroflicha oʻrganish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
zarurat boʻlganda, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar mutaxassislarini, yetakchi olimlarni, fan va madaniyat arboblarini, shuningdek tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan boshqa shaxslarni geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarini atroflicha oʻrganish uchun jalb etish;
oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organi rahbarining hisobotlarini eshitish.
6. Hududiy komissiya oʻzlariga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradilar.
Hududiy komissiya oʻz faoliyati toʻgʻrisida har yili tegishli ravishda xalq deputatlari tuman Kengashiga hisobot beradilar.
Hududiy komissiya har chorakda oʻz faoliyati toʻgʻrisida tegishli ravishda geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha viloyat komissiyasiga axborot taqdim etadi.
IV. Hududiy komissiya faoliyatini tashkil qilish
7. Hududiy komissiyaga uning raisi hisoblanadigan tuman hokimi boshchilik qiladi.
8. Hududiy komissiya raisi:
hududiy komissiya faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va unga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
hududiy komissiya aʼzolarining vazifalarini belgilaydi va ularga yuklangan vazifalarni bajarish ishlarini muvofiqlashtiradi;
hududiy komissiyaning ish rejalarini, tushgan hujjatlarni koʻrib chiqish jadvallarini tasdiqlaydi;
hududiy komissiya majlislarining kun tartibini va chaqirilishini belgilaydi;
hududiy komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi;
hududiy komissiyaning samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa ishlarni amalga oshiradi.
9. Hududiy komissiyaning aʼzolari:
hududiy komissiya majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda ishtirok etadilar;
hududiy komissiyaga geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlashning dolzarb masalalari boʻyicha takliflar kiritadilar;
hududiy komissiya tomonidan muhokama qilinadigan masalalar boʻyicha xulosalar taqdim etadilar.
Hududiy komissiya aʼzolari komissiyadagi oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
10. Hududiy komissiya kotibi:
hududiy komissiyaning navbatdagi majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha hududiy komissiyaning majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
majlislarning oʻtkaziladigan vaqti va joyini, shuningdek taklif etiladiganlar kontingentini hududiy komissiya raisi bilan kelishadi;
hududiy komissiya aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni majlisning oʻtkaziladigan sanasi, vaqti, joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
hududiy komissiya qarorlarining bajarilishi monitoringini yuritadi va uning natijalarini komissiya majlisida koʻrib chiqish uchun taqdim qiladi;
hududiy komissiyaning protokollarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan protokollarni hududiy komissiyaning aʼzolariga hamda boshqa manfaatdor tashkilotlarga joʻnatadi.
11. Hududiy komissiya oʻz ishini oʻzi tasdiqlagan rejalar asosida tashkil qiladi va oʻz majlislarini zaruratga koʻra oʻtkazadi. Hududiy komissiya raisi tomonidan hududiy komissiya aʼzolarining navbatdan tashqari majlis oʻtkazish uchun sabablar va asoslar bayon etilishi lozim boʻlgan yozma iltimosnomalari asosida navbatdan tashqari majlislar chaqirilishi mumkin.
12. Hududiy komissiyaning majlisini uning raisi olib boradi. Hududiy komissiya raisi boʻlmagan taqdirda majlisni komissiya aʼzolaridan biri boshqaradi.
Hududiy komissiyaning majlisi uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda qonuniy hisoblanadi.
Majlisni oʻtkazish uchun kvorum yigʻilmagan taqdirda hududiy komissiyaning yangi majlisi oʻtkaziladigan sana eʼlon qilinadi. Yangi majlisni oʻtkazishda kun tartibini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Hududiy komissiyaning majlisiga koʻrib chiqiladigan masalalarning hususiyatiga qarab davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
V. Hududiy komissiya tomonidan qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini tashkil etish
14. Hududiy komissiyaning qarori majlisda qatnashayotgan hududiy komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda hududiy komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Hududiy komissiyaning har bir aʼzosi qabul qilinadigan qarorlar boʻyicha oʻz fikrini yozma ravishda bildirishga haqlidir.
15. Hududiy komissiyaning raisi qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida hududiy komissiyaning qarorlarini uning aʼzolari bilan soʻrov oʻtkazish yoʻli bilan kelishilgan ayrim masalalar boʻyicha tasdiqlashi mumkin.
16. Hududiy komissiyaning qarorlari hududiy komissiya majlisining protokoli bilan rasmiylashtiriladi. Hududiy komissiya majlisining protokoliga uning barcha aʼzolari tomonidan imzo qoʻyiladi, uni kotib imzolaydi, hududiy komissiyaning raisi tasdiqlaydi va u bir hafta muddatda hududiy komissiyaning aʼzolariga hamda manfaatdor tashkilotlarga joʻnatiladi.
17. Hududiy komissiya protokolining asl nusxasi va unga tegishli materiallar tegishli ravishda tuman hokimliklarining ijro etuvchi apparatida saqlanadi.
18. Hududiy komissiya kotibi komissiya aʼzolari yordamida komissiya qarorlarining bajarilishini muntazam oʻrganib boradi, zarurat boʻlganda hududiy komissiya raisiga tegishli takliflar kiritadi.
19. Hududiy komissiya qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muntazam ravishda oʻz majlislarida koʻrib chiqadi.
20. Hududiy komissiyaning ish tartibi Reglament bilan belgilanadi. Reglament hududiy komissiya tomonidan qabul qilinadi.
21. Hududiy komissiyaga taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish muddati uch oydan oshmasligi kerak.
VI. Hududiy komissiyaning atributlari
22. Hududiy komissiyalar belgilangan namunadagi, oʻz nomi yozilgan blankalarga ega boʻladilar va tegishli ravishda tuman hokimligining muhridan foydalanadi.
Tuman hokimining 2014-yil 9-sentabrdagi 331-q-sonli qaroriga 2-ILOVA
Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasining
TARKIBI
1. O. Alixodjayev — Tuman hokimi, komissiya raisi 2. Z. Mamadoliyev — Tuman hokimining oʻrinbosari, komissiya raisining oʻrinbosari 3. A. Yusufov — Tuman hokimligi bosh mutaxassisi, komissiya kotibi 4. R. Amanov — Tuman hokimligi yuristi 5. J. Ergashev — Tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi 6. A. Yarbekov — Tuman hokimligi moliya boʻlimi mudiri 7. Z. Quymurodov — Tuman davlat arxivi boshligʻi 8. B. Musulmonov — Xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish tuman boʻlimi mudiri 9. E. Xolboyev — Tuman madaniyat va sport ishlari boʻlimi boshligʻi 10. Sh. Togʻayev — Tuman statistika boʻlimi boshligʻi 11. F. Qoʻchqarov — Tuman Yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi boshligʻi 12. — Tuman bosh arxitektori 13. U. Poʻlatov — “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlimi raisi 14. Sh. Ziyoddinov — “Maʼnaviyat targʻiboti markazi” tuman boʻlimi rahbari 15. N. Usmonov — “Mahalla” jamgʻarmasi tuman boʻlimi raisi 16. A. Yorbekov — “Kamolot” YIH tuman kengashi raisi 17. B. Qulaxmedov — “Vatanparvar” tashkiloti tuman Kengashi raisi 18. N. Bolmonov — Tuman pochta boʻlimi boshligʻi 19. X. Mamarasulov — Tuman “Istiqbol sari” gazetasi muharriri
Izoh: komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki ular zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
