Tumanda geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (571-Q-son)
16.09.2014
Samarqand viloyati Paxtachi tumani hokimining
qarori
“Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi 295-sonli “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi qarori hamda viloyat hokimining 2012-yil 3-dekabrdagi 246-q sonli “Viloyatda Geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari talablaridan kelib chiqib Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asoslanib qaror qilaman:
1. Samarqand viloyat hokimining 2012-yil 3-dekabrdagi 246-Q-sonli “Viloyatda Geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Paxtachi tuman komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga, Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Paxtachi tuman komissiyasining tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman komissiyasi oʻz vakolatlari doirasida quyidagilarni taʼminlasin:
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash boʻyicha takliflarni takliflar kiritgan organlarga tegishli xulosalar bergan holda atroflicha oʻrganish;
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash boʻyicha takliflarni ularning geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi yuzasidan davlat ekspertizasidan oʻtkazishni tahlil qilish;
geografik obyektlarning tarixiy-madaniy meros, Oʻzbekiston xalqining maʼnaviy-etnik qadriyatlari bilan bogʻliq nomlarini asrash, ularni asossiz qayta nomlashning oldini olish;
geografik obyektlarni Oʻzbekiston xalqining milliy anʼanalari va mentalitetiga yot boʻlgan nomlar bilan qayta nomlashga va ularga nom berishga yoʻl qoʻymaslik;
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlashda mahalliychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, xizmat martabasini suiisteʼmol qilish hollarini istisno qilish;
qarorlar qabul qilishda xolislik va oshkoralik, shuningdek geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish tartib-qoidasi va muddatlariga rioya qilish;
geografik obyektlarni odamlarning ismlari bilan, shuningdek tarixiy voqealar sharafiga nomlash va qayta nomlash sohasida belgilangan cheklovlarga rioya qilish;
mahalliy aholining geografik, tarixiy, milliy, etnik, tilga oid va boshqa xususiyatlarini oʻrganish hamda hisobga olish;
bir maʼmuriy-hududiy birlik doirasida geografik obyektlarga bir xil nomlar berilishiga yoʻl qoʻymaslik;
beriladigan nomlarning geografik obyektlar nomlarining geografik obyekt joylashgan joydagi mavjud tizimiga muvofiqligi;
geografik obyektlar nomlarining yanglishishlarga sabab boʻluvchi oʻxshashligini, ushbu nomlar mazmunlarining Oʻzbekiston xalqining tarixi, anʼanalari va madaniyatiga toʻgʻri kelmasligini nazarda tutgan holda, istisno qilish.
Tuman komissiyasi raxbari zimmasiga geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari soʻzsiz bajarilishining taʼminlanishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
4. Tuman hokimining 2004-yil 29-avgustdagi 250-q-sonli, 2012-yil 13-dekabrdagi 574-q-sonli qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Tuman hokimining 2004-yil 4-oktabrdagi 319-q-sonli qarorining 5-ilovasi 6-bandi “b” kichik bandining oʻn ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin.
“geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazadi, geografik obyektlarning nomlarini maqbullashtirish ishlarini amalga oshiradi, Geografik obyektlar nomlari davlat reyestrini yuritadi”.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Q. Toʻxtaniyozov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim K. KURBONOV
Paxtachi t.,
2014-yil 16-sentabr,
571-Q-son
Tumani hokimining 2014-yil 16-sentabrdagi 571-Q-sonli qaroriga 1-ILOVA
Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Paxtachi tuman komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Paxtachi Tuman komissiyasi (keyingi oʻrinlarda “komissiya” deb ataladi) geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalarini koʻrib chiquvchi, shuningdek “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarining bajarilishini nazorat qiluvchi maxsus organ hisoblanadi.
2. Komissiya oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
Komissiyaning tarkibi tuman hokimligi, uning boʻlimlari va manfaatdor tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlari hamda xodimlaridan, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillaridan, shuningdek fan va madaniyat arboblaridan, ekspertlardan, mutaxassislardan xamda tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan boshqa shaxslardan shakllantiriladi.
II. Komissiyaning vazifa va funksiyalari
3. Kuyidagilar komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
geografik obyektlarning Oʻzbekiston xalqining tarixiy-madaniy qadriyatlari va merosi bilan bogʻliq nomlari asralishini taʼminlash, ularning asossiz qayta nomlanishining oldini olish;
geografik obyektlarni Oʻzbekiston xalqining milliy anʼanalari xamda mentalitetiga yot boʻlgan nomlar bilan qayta nomlashga va ularga nom berishga yoʻl qoʻymaslik;
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlashda mahalliychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, xizmat martabasini suiisteʼmol qilish xollarini istisno qilish.
4. Komissiya oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni atroflicha oʻrganishni tashkil etadi hamda tegishli xulosalar beradi;
qabul qilingan qarorlarining bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib boradi:
toponimik va boshqa tadqiqotlar oʻtkazish, kartografik, arxivga oid, tarixiy va boshqa materiallarni atroflicha oʻrganish, geografik obyektlarning nomlarini maqbullashtirish ishlarini muvofiqlashtiradi;
geografik obyektlarni asossiz qayta nomlashning, ularga Oʻzbekiston xalqining milliy anʼanalari va mentalitetiga yot boʻlgan nomlar berilishining oldini olish, ushbu mahalliychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, xizmat martabasini suiisteʼmol qilishlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash bayonining xolisona hamda oshkora boʻlishini taʼminlash boʻyicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida geografik obyektlarning nomlaridan foydalanish va ularni asrash yuzasidan nazoratni amalga oshiradi.;
“Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini samarali amalga oshirishga qaratilgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
Komissiya oʻz vakolati doirasida tumanga qarashli hududlar, posyolkalar, qishloqlar, ovullar, aholi punktlari va ularning tarkibiy qismlarini nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarning davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlaydi.
III. Komissiyaning huquqlari va javobgarligi
5. Komissiya oʻziga yuklangan quyidagi huquqlarga ega:
tuman hokimligi boʻlimlari va tegishli, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlardan geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni atroflicha oʻrganish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish:
zarurat boʻlganda tuman hokimligi boʻlimlari va tegishli korxonalar, muassasalar mutaxassislarini, yetakchi olimlarni, fan va madaniyat arboblarini, shuningdek tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan boshqa shaxslarni geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarini atroflicha oʻrganish uchun jalb qilish;
oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha tuman hokimligi boʻlimlari, tashkilot, korxona va muassasa rahbarlarining hisobotlarini eshitish.
6. Komissiya oʻziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.
Komissiya oʻz faoliyati toʻgʻrisida xar yili tegishli ravishda xalq deputatlari Paxtachi tuman Kengashiga hisobot beradi.
Komissiya xar chorakda oʻz faoliyati toʻgʻrisida Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha viloyat komissiyasiga axborot taqdim etadi.
Hududlarga biriktirilgan komissiya aʼzolari xar chorakda oʻz faoliyati toʻgʻrisida tegishli ravishda geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash boʻyicha tuman Komissiyasiga axborot taqdim etadilar.
IV. Komissiya faoliyatini tashkil qilish
7. Komissiyaga uning raisi hisoblangan tuman hokimi boshchilik qiladi.
8. Komissiya raisi:
komissiya faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va unga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
komissiya aʼzolarining vazifalarini belgilaydi va ularga yuklangan vazifalarni bajarish ishlarini muvofiqlashtiradi;
komissiyaning ish rejalarini, tushgan hujjatlarni koʻrib chiqish jadvallarini tasdiqlaydi;
komissiya majlislarining kun tartibini va chaqirilishini belgilaydi;
komissiya tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi:
komissiyaning samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa ishlarni amalga oshiradi.
9. Komissiya aʼzolari:
komissiya majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda ishtirok etadilar;
komissiyaga geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlashning dolzarb masalalari boʻyicha takliflar kiritadilar;
komissiya tomonidan muhokama qilinadigan masalalar boʻyicha xulosalar taqdim etadilar.
Komissiya aʼzolari komissiyadagi oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
10. Komissiya kotibi:
komissiyaning navbatdagi majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha komissiyaning majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
majlislarning oʻtkaziladigan vaqti va joyi, shuningdek taklif etiladiganlar tarkibini komissiya raisi bilan kelishadi;
komissiya aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni majlis oʻtkaziladigan sanasi, vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
komissiya qarorlarining bajarilishi monitoringini yuritadi va uning natijalarini komissiya majlisida koʻrib chiqish uchun taqdim etadi;
komissiyaning bayonnomalarini rasmiylashtiradi va, tasdiqlangan bayonnomalarni komissiyaning aʼzolariga xamda boshqa manfaatdor tashkilotlarga joʻnatadi.
11. Komissiya oʻz ishini oʻzi tasdiqlagan rejalar asosida tashkil qiladi va oʻz majlislarini zaruratga koʻra oʻtkazadi. Komissiya raisi tomonidan komissiya aʼzolarining navbatdan tashqari majlis oʻtkazish uchun sabablar va asoslar bayon etilishi lozim boʻlgan yozma iltimosnomalar asosida navbatdan tashqari majlislar chaqirilishi mumkin.
12. Komissiya majlisini uning raisi olib boradi. Komissiya raisi boʻlmagan taqdirda majlisni komissiya aʼzolaridan biri boshqaradi.
Komissiyaning majlisi uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda qonuniy hisoblanadi.
Majlis oʻtkazilishi uchun kvorum yigʻilmagan taqdirda komissiyaning yangi majlisi oʻtkaziladigan sana eʼlon qilinadi. Yangi majlisni oʻtkazishda kun tartibini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Komissiyaning majlisiga koʻrib chiqiladigan masalalarning xususiyatiga qarab davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlarning rahbarlari xamda mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
V. Komissiya tomonidan qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini tashkil etish
14. Komissiyaning qarori majlisda qatnashayotgan komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Komissiyaning uzil-kesil qarorini qabul qilishda Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tomonidan oʻtkaziladigan ekspertiza xulosasi inobatga olinadi.
Komissiyaning xar bir aʼzosi qabul qiladigan qarorlar boʻyicha oʻz fikrini yozma ravishda bildirishga haqlidir.
15. Komissiyaning raisi qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida komissiyaning qarorlarini uning aʼzolari bilan soʻrov oʻtkazish yoʻli bilan kelishilgan ayrim masalalar boʻyicha tasdiqlanishi mumkin.
16. Komissiyaning qarorlari komissiya majlisi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Komissiya majlisining bayonnomasiga uning barcha aʼzolari tomonidan imzo qoʻyiladi, uni kotib imzolaydi, komissiyaning raisi tasdiqlaydi va u bir hafta muddatda komissiyaning aʼzolariga xamda manfaatdor tashkilotlarga joʻnatiladi.
17. Komissiya bayonnomasining asl nusxasi va unga tegishli materiallar tegishli ravishda tuman hokimligining ijro etuvchi apparatida saqlanadi.
18. Komissiya kotibi komissiya aʼzolari yordamida komissiya qarorlarining bajarilishini muntazam oʻrganib boradi, zarurat boʻlganda komissiya raisiga tegishli takliflar kiritiladi.
19. Komissiya qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muntazam ravishda oʻz majlislarida koʻrib chiqadi.
20. Komissiyaning ish tartibi Reglament bilan belgilanadi. Reglament komissiya tomonidan qabul qilinadi.
21. Komissiya taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish muddati uch oydan oshmasligi kerak.
VI. Komissiyaning atributlari
22. Komissiya belgilangan namunadagi, oʻz nomi yozilgan blankalarga ega boʻladi va tegishli ravishda tuman hokimligining muhridan foydalanadi.
Tuman hokimining 2014-yil 16-sentabrdagi 571-Q-sonli qaroriga 2-ILOVA
Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari komissiyasi
TARKIBI
1. Qurbonov K. tuman hokimi, komissiya raisi 2. Tuxtaniyozov Q. tuman hokimining oʻrinbosari, komissiya raisining oʻrinbosari. 3. Suvanov N. tuman hokimligi bosh mutaxassisi, komissiya kotibi. Komissiya aʼzolari: 4. Mirzayev O. tuman hokimligi yuristi v.b. 5. Qodirov I. tuman IIB boshligʻi. 6. Alimov A. tuman hokimligi moliya boʻlimi mudiri. 7. Davronov Sh. tuman shaxsiy tarkib arxivi boshligʻi. 8. Berdiyarov A. tuman xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimi mudiri 9. Lavozimiga koʻra tumandagi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari direktorlari. 10. Shamsiddinov A. tuman hokimligi madaniyat va sport ishlari boʻlimi boshligʻi 11. Tuxtarov A. tuman statistika boʻlimi boshligʻi. 12. Islomov V. tuman Yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi boshligʻi 13. Salayev N. tuman Bosh arxitektori. 14. Jurayev U. “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlimi raisi. 15. Norkuvvatov I. Respublika Maʼnaviyat targʻiboti markazi tuman boʻlimi rahbari. 16. Sanayev I. “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlinmasi raisi. 17. Nomirov M. “Paxtachi tarixi” muzeyi direktori. 18. Sadinov N. “Kamolot” YIX tuman boʻlimi Kengashining raisi. 19. Shukurov M. “Paxtachi” gazetasi muharriri. 20. Lavozimiga koʻra Qishloq (shaharcha) va mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari
Izoh: komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki ular zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
