Madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
30.03.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Moldova Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Quyida “Tomonlar” deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Moldova Respublikasi Hukumati,
Oʻzbekiston Respublikasi va Moldova Respublikasi xalqlari oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasidagi doʻstona aloqalarni va hamkorlikni kelgusida rivojlantirish va mustahkamlashga intilib,
ikkala davlat xalqlarining madaniy aloqalari va doʻstlik munosabatlari anʼanalarini eʼtiborga olib,
madaniyat va sanʼat sohasidagi aloqalar ikkala mamlakat xalqlarni tub manfaatlariga javob berishiga va doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini va oʻzaro foydali hamkorlikni kelgusida rivojlantirishga koʻmaklashishga ishonch bildirib,
oʻz milliy davlat tuzilmalaridan tashqarida yashovchi fuqarolarning ehtiyoj va manfaatlarini eʼtiborga olib,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar, Oʻzbekiston va Moldova xalqlarining koʻp asrlik madaniy va maʼnaviy aloqalariga tayanib, ular oʻrtasida madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlikni bundan buyon ham rivojlantirishga koʻmaklashadilar.
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasida Moldova madaniyati kunlarini va Moldova Respublikasida Oʻzbekiston madaniyati kunlarini oʻtkazishga koʻmaklashadilar.
2-modda
Tomonlardan har biri oʻz fuqarolariga ikkinchi Tomonning madaniyati bilan tanishishlari uchun keng yoʻl ochib berishni taʼminlaydi.
Tomonlar madaniyat davlat muassasalari va jamoat tashkilotlari oʻrtasida bevosita hamkorlik va toʻgʻridan toʻgʻri aloqalar oʻrnatishga, ularni kengaytirish va kuchaytirishga, manfaatdor idoralar oʻrtasida tajriba almashishga koʻmaklashadilar.
3-modda
Tomonlar ikki tomonlama dasturlar va madaniy hamkorlik qilish loyihalari asosida bir-birlariga professional va badiiy havaskorlik jamoalari, guruhlari, ansambllari, alohida ijrochilar taklif qilinishiga koʻmaklashishiga tayyor ekanini bildiradilar.
4-modda
Ijrochilik sanʼati sohasida Tomonlar festivallar, koʻriklar, jamoalar va solistlarning gastrollarini uyushtirishga, oʻzbek va moldovan mualliflari musiqali va dramatik sahna asarlarining sahnalashtirilishiga koʻmaklashadilar.
5-modda
Tomonlar teatr, estrada, sirk va kino sanʼati, tarixiy-madaniy merosni muhofaza qilish, havaskorlik xalq ijodiyoti, xalq hunarmandchiligi sohalarida almashuvlar va hamkorlik qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish majburiyatini oladilar.
Tomonlar tasviriy, dekorativ — amaliy sanʼat sohasidagi koʻrgazmalar bilan almashishga koʻmaklashadilar.
6-modda
Tomonlar madaniyat va sanʼat sohasidagi davlat va jamoat birlashmalari hamkorligini qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirishga qaratilgan madaniy aksiyalarni tashkil etadilar va oʻtkazadilar, dasturlar, amaliy loyihalarni ishlab chiqadilar va ularni amalga oshiradilar.
7-modda
Tomonlar kutubxonachilik ishida kitoblar, nashrlar, kataloglar, boshqa axborot materiallarini almashish yoʻli bilan hamkorlik qiladilar.
8-modda
Tomonlar madaniyat va sanʼat oʻquv yurtlari oʻqituvchilari, sanʼatshunoslik ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari, shuningdek, aspirantlari va olimlari bilan almashishni amalga oshiradilar.
9-modda
Tomonlar muzey ishi sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar, davlat toʻplamlari, kolleksiyalari va jamgʻarmalarida saqlanayotgan tarixiy-madaniy boyliklar toʻgʻrisida toʻliq axborotlar qilishni taʼminlaydilar.
10-modda
Bozor iqtisodiyoti sharoitida madaniyat masalalari va muammolariga yondashishni oʻrganish maqsadida Tomonlar tajriba almashish, kelishuv boʻyicha Tomonlardan har birida konferensiyalar, davra suhbatlari, boshqa tadbirlarni oʻtkazishga ahdlashdilar.
11-modda.
Ushbu Bitimni bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi va Moldova Respublikasi Madaniyat vazirligi oʻrtasida hamkorlikning ikki tomonlama almashuv dasturlari va ish rejalari ishlab chiqiladi va tayyorlanadi.
12-modda
Ushbu Bitim imzolangan kuni kuchga kiradi va 5 yil davomida amal qiladi.
U Tomonlardan biri uning amal qilishini toʻxtatish haqida tegishli muddat tugashidan kamida olti oy oldin ikkinchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilmagunga qadar, har safar oʻz-oʻzidan keyingi 5 yillik davrga uzaytiriladi.
Kishineu shahrida 1995-yil 30-martda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, moldovan va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
