Temir yoʻl transporti sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
22.12.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataladi,
teng huquqlik va oʻzaro hurmat prinsiplariga amal qilgan holda,
temir yoʻl transportiga boʻlgan daxlsiz mulkchilik huquqini tasdiqlagan holda,
temir yoʻl tizimining texnologik birligini saqlab qolish maqsadga muvofiq ekanligini hisobga olgan holda,
ikkala davlat temir yoʻl transportini muvofiqlashtirib borish va hamkorlik faoliyatining ahamiyatini tan olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Ikkala davlatning temir yoʻllaridan yuk tashish Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi doirasida temir yoʻl transporti sohasida tuzilgan xalqaro shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
2-modda
Ikkala davlat temir yoʻl transportining funksional faoliyati, shuningdek, harakatdagi sostavni, texnik vositalarni ishlab chiqarish va uni saqlash hamda yuklarni saqlash ikkala davlat qatnashchisi boʻlgan xalqaro shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
3-modda
Tomonlar ikkala davlat qatnashchisi boʻlgan temir yoʻl transporti sohasidagi xalqaro shartnomalarga muvofiq temir yoʻl transportida yuklarni za yoʻlovchilarni tashishning amalda boʻlgan tartiblariga amal qilishga kelishib oldilar.
Tomonlarning har biri boshqa Tomonning asosiy faoliyatlariga daxl qilmagan holda uchinchi davlatlar bilan temir yoʻl transporti sohasida bitimlar tuzish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
4-modda
Tomonlar tarif siyosatini ikkala davlatning milliy qonunchiligida va iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda Hamdoʻstlikning qatnashchi davlatlari temir yoʻl transporti boʻyicha Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlar doirasida amalga oshirish zarur deb hisoblaydilar.
5-modda
Tomonlar ikkala davlatlar temir yoʻllarida tashish uchun haq toʻlangan tranzit yuklarni hech bir toʻsiqlarsiz qabul qilib olish va ularning harakatini taʼminlash majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
Tranzit tashuvlar masalalarini tezkorlik bilan hal etish uchun Tomonlar ikkala davlat hududlarida oʻzlarining vakolatxonalarini ochishlari mumkin.
6-modda
Tomonlar harakatdagi sostavni, konteynyerlarni, asbob-uskunalarni va texnikani sotib olish, ularni saqlash va tuzatish boʻyicha ularning vakolatli organlari bilan kelishilgan majburiyatlarga amal qiladilar, shuningdek, ikkala davlat oʻrtasida yoʻlovchilar va yuk tashuvini tashkil etishda iqtisodiy baho berish hamda oʻzaro manfaatlarni hisobga olish boʻyicha muzokaralar olib boradilar.
7-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi temir yoʻllarining korxonalari, tashkilotlari, moddiy-texnika taʼminoti boʻlinmalari kelishilgan hajmlarda temir yoʻl transporti ehtiyojlari uchun texnika, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar hamda moddiy resurslarning oʻzaro yetkazib berilishini taʼminlaydilar.
8-modda
Tomonlar temir yoʻl transportida ilmiy-texnika taraqqiyotiga koʻmaklashadilar hamda oʻz harakatlarini oʻzaro manfaatli asosda muvofiqlashtirib boradilar.
9-modda
Tomonlar muhandislar, texniklar, shuningdek, ommaviy kasblar boʻyicha kadrlarni oʻqitish va ularni tayyorlash darajasiga nisbatan zarur talablarni ishlab chiqish sohasida hamkorlik qiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi oʻquv yurtlarini tugatganlik toʻgʻrisida berilgan malaka hujjatlari ikkala davlatda ham eʼtirof etiladi.
10-modda
Ushbu Bitimni talqin qilish hamda qoʻllashda paydo boʻlishi mumkin boʻlgan bahsli masalalar muzokaralar va konsultatsiyalar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
Ushbu Bitimga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar Tomonlarning ichki davlat tadbirlari bajarilgandan keyin kuchga kiradigan va ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan protokollar bilan rasmiylashtiriladi.
11-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi hamda Tomonlardan biri ikkinchi Tomonni diplomatik yoʻllar orqali yozma ravishda uni toʻxtatish toʻgʻrisida ogohlantirgan kundan boshlab 90 kun mobaynida amal qiladi.
1994-yil 22-dekabrda Toshkent shahrida oʻzbek, belarus va rus tillarida ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Mazkur Bitimning qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rus tilidagi matn asos hisoblanadi.
(imzolar)
