Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida
19.05.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belorus Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belorus Respublikasi Hukumati, bundan buyon “Tomonlar” deb ataladi,
iqtisodiy, savdo va boshqa muomalalardagi, texnikaviy toʻsiqlarni bartaraf etish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirishning ahamiyatini hisobga olib,
uning inson hayoti va sogʻligʻiga xavfsizligini taʼminlash, atrof muhitni muhofaza qilishning ahamiyatini inobatga olib,
mustahkam texnikaviy hamkorlikdan manfaatdor boʻlgan holda quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish milliy tizimini harakatga keltirish va shakllantirishda toʻla mustaqillikka ega boʻlgan holda,
bahamjihatlik bilan standartlashtirish davlat tizimini, oʻlchovlar birligini taʼminlash tizimini va sertifikatlashtirishning milliy tizimlarini tan oladilar va ularni takomillashtira borgan holda maksimal darajada uygʻunlashuviga harakat qiladilar,
fizikaviy miqdorlar birligining milliy etalonlarini tan oladilar, eng koʻp naf keltiradigan holatda oʻzaro birgalikda foydalanishga yoʻl qoʻyadilar,
oʻlchov vositalari Davlat reyestrlarini, akkreditatsiya qilingan tekshiruv laboratoriyalarni oʻzaro tan oladilar,
moddalar tarkibi va xususiyatlarining standart namunalarini va materiallarni yaratish va foydalanishda, shuningdek moddalar va materiallarning xossalari toʻgʻrisida standart-axborot maʼlumotlarini yaratish va foydalanishda oʻzaro birgalikda harakat qiladilar, sertifikatlashtirish boʻyicha idoralar, akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari, sertifikatlar va sertifikatlashtirish milliy tizimi asosida oʻzaro mahsulot yetkazib berishning moslik belgisini tan oladilar.
2-modda
Tomonlar, yuqorida koʻrsatilgan sohalar boʻyicha har xil talablar boʻyicha kelishilgan shartlarda meʼyoriy texnikaviy hujjatlarni oʻzaro bir-birlariga taqdim etadilar,
har bir mamlakatda standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish boʻyicha milliy idoralarning maxsus nashrlarida faoliyatning barcha sohalarida ushbu amaliy hamkorlikni yuzaga chiqarish va uni amalga oshirish dasturlari haqida axborotlar berib turadilar.
3-modda
Mazkur Bitimda koʻzda tutilgan ishlarni muvofiqlashtirish, ularni amalga oshirish:
Oʻzbekiston Respublikasida — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish Oʻzbekiston davlat markaziga;
Belorus Respublikasida — Belorus Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha Qoʻmitaga yuklatiladi.
4-modda
Tomonlar, Tomonlardan biri aʼzo boʻlgan u yoki bu tashkilotda ishtirok etishga yoki shunday tashkilotga kirishiga bir-biriga yordam beradilar.
5-modda
Tomonlar, mazkur Bitim doirasida amalga oshiriladigan ishlar va erishilgan ilmiy-texnikaviy natijalar toʻgʻrisida olinayotgan hujjatlar va axborotlarning maxfiyligini shart qilib qoʻygan boʻlsa, ularning maxfiyligini taʼminlaydilar.
6-modda
Tomonlardan bittasi hamkorlik davomida olayotgan ilmiy-texnikaviy axborotni, boshqa bir Tomon u axborotning maxfiyligi toʻgʻrisida u Tomonni ogohlantirmagan boʻlsa, erkin foydalanishi mumkin. Bu axborot uni taqdim etgan Tomonlarning roziligi bilan uchinchi davlatga berilishi mumkin.
7-modda
Mazkur Bitim qoidalari lozim topilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish Oʻzbekiston davlat markazi bilan Belorus Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish boʻyicha Qoʻmita oʻrtasida tuzilgan qoʻshimcha Bitimlar (bayonnomalar) bilan aniqlik kiritiladi.
8-modda
Mazkur Bitim Tomonlar va ularning standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi tashkilotlar bilan ilgari tuzilgan shartnomalariga daxldor emas.
9-modda
Mazkur Bitim qoidalarini tomonlar orasida talqin qilinishiga oid bahslar, oʻzaro konsultatsiya va turli darajadagi muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
10-modda
Mazkur Bitim ikki tomonniki boʻlib, uchinchi davlatning manfaatlariga daxlsizdir.
11-modda
Mazkur Bitim chegaralanmagan muddatga tuziladi, u imzolangan kundan kuchga kiradi va Tomonlardan biri ikkinchi Tomonga oʻzining bu Bitim harakatini toʻxtatish xohishi haqida yozma ravishda xabar qilgan kundan 6 oy muddat oʻtganiga qadar amal qiladi.
Olma-Ota shahrida 1994-yil 19-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek, belorus va rus tillarida tuzildi, shuni ham aytish kerakki hamma matnlar bir xil kuchga ega holida imzolandi.
(imzolar)
