Pochta joʻnatmalari boʻyicha oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida
22.12.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bir tomondan va Belarus Respublikasi Hukumati ikkinchi tomondan, bundan keyin “Tomonlar” deb ataladi, ushbu Bitimni quyidagilar toʻgʻrisida tuzdilar:
1-modda
Tomonlar ikkala davlatlar, xususan, Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi hududlarida oʻzlarining aloqa korxona va boʻlimlari tarmoqlari orqali Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi qatnashchi davlatlari Hukumatlari boshliqlari tomonidan 1994-yil 9-sentabrda Moskva shahrida imzolangan savdodan tashqari ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan toʻlovlar boʻyicha fuqarolarning pul mablagʻlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Bitimga ilovada kelishilgan savdodan tashqari ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan pochta pul joʻnatmalarini cheklashlarsiz qabul qilib olish va toʻlashni tashkil etishga va amalga oshirishga qaror qildilar. Boshqa joʻnatmalar summasi davlatlarning valyutalari mavjudligi bilan tartibga solib boriladi.
2-modda
Pochta joʻnatmalari Tomonlarning milliy valyutalarida, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan uning hududida, Belarus Respublikasi hududida esa Belarus Respublikasi Milliy banki tomonidan belgilangan kurs boʻyicha qabul qilinadi va toʻlanadi. Ushbu Bitimning 1-moddasida nazarda tutilgan operatsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi Vakil qilingan banklarining korrespondent schyotlari orqali amalga oshiriladi.
3-modda
Tomonlardan har biri pul joʻnatmalarini yuborish, shuningdek joʻnatmalarni qabul qilib olishda va toʻlashda oʻz davlatining mijoziga koʻrsatiladigan qoʻshimcha xizmatlar uchun oʻz tariflari va narxlarini belgilaydi.
4-modda
Joʻnatmalar bilan ishlash va ularni davlatlar oʻrtasida ayirboshlash uchun har qaysi Tomon pul joʻnatmalari bilan ishlash boʻyicha markazlashtirilgan “Punkt” tashkil qiladi. Tomonlar oʻrtasida pochta pul joʻnatmalari, yuboriladigan joʻnatma boʻyicha tegishli summalarni korrespondent schyotga oldindan oʻtkazgan holda, faqat koʻrsatilgan “Punkt”lar orqali joʻnatiladi.
Joʻnatmalar Tomonlardan birining joʻnatma bilan ishlash punktiga tushganda, joʻnatma mablagʻlarining tegishli summasi korrespondent schyotga qabul qilinmasdan oldin joʻnatmalarni toʻlash blanklari berilmaydi, balki 30 kun saqlab turiladi, shundan keyin Tomonning joʻnatmalar bilan ishlash punktiga qaytariladi.
5-modda
Pochta joʻnatmasini toʻlash muddati u Tomonlarning aloqa korxonasiga tushgan kundan boshlab bir oydan oshmasligi kerak.
Pochta joʻnatmasi Jahon pochta ittifoqi pochta joʻnatmalari toʻgʻrisida Bitimning Ijro tartibi IR 608-moddasida koʻrsatilgan sabablar tufayli koʻzda tutilgan muddat mobaynida toʻlanmagan taqdirda u, ilgari qabul qilib olingan pul summalarini tegishli ravishda qaytargan va qaytarish sabablarini pochta joʻnatmasining har qaysi blankida albatta koʻrsatgan holda, uni joʻnatgan Aloqa maʼmuriyatiga qaytariladi.
6-modda
Zaruriyat boʻlganda Tomonlar joʻnatilayotgan pochta pul joʻnatmalarini ham son, ham ularning summasi boʻyicha bir tomonlama cheklash huquqiga egadirlar, bunda boshqa Tomon qabul qilingan qarordan yozma ravishda oldindan xabardor qilinadi.
7-modda
Tomonlardan biri ushbu Bitim shartlarini bajarmagan taqdirda boshqa Tomon bu haqda maʼlum qiladi va 30 kun mobaynida javob olinmaganda pochta joʻnatmalarini ayirboshlashni bir tomonlama tartibda toʻxtatish huquqiga egadir.
8-modda
Soxta joʻnatma toʻlangan taqdirda moddiy javobgarlik soxtalikka yoʻl qoʻygan Tomonga yuklanadi.
Joʻnatmani qabul qilib olish yoki toʻlash texnologiyasining buzilishi oqibatida joʻnatma notoʻgʻri toʻlangan taqdirda bunday buzilishga yoʻl qoʻygan aloqa korxonasi tegishli boʻlgan Tomon moddiy javobgar boʻladi.
9-modda
Tomonlarning pochta joʻnatmalari bilan ishlash boʻyicha xarajatlarini Tomonlar har bir joʻnatma uchun 0,1 SDR (undirishning maxsus huquqi) tarifi boʻyicha qoplaydilar. Bunda Tomonlar yangi tariflarni nazarda tutishlari va ikkala tomonning roziligi bilan yangi tariflar qabul qilishlari mumkin.
10-modda
Bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan amalga oshiriladi hamda Bitimning uzviy qismi hisoblanadigan Protokol bilan rasmiylashtiriladi.
11-modda
Joʻnatmalar operatsiyalari boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblar Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligining Xalqaro hisob-kitoblar va shartnomalar markazi hamda Belarus Respublikasi “Belsvyazbank” aloqani rivojlantirish tarmoq fondi tomonidan amalga oshiriladi.
12-modda
Pochta joʻnatmalari blanklari (112-shakl)ni toʻldirish va xizmat yozishmalari rus tilida olib boriladi.
13-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri Bitimning amal qilishini toʻxtatish istagi toʻgʻrisida boshqa Tomonga bir oy oldin maʼlum qilmagungacha amal qiladi.
Bitim faqat Tomonlar toʻlangan pochta joʻnatmalari summasi boʻyicha oʻzaro toʻliq hisob-kitob qilgandan keyingina oʻz kuchini yoʻqotgan hisoblanadi.
1994-yil 22-dekabrda Toshkent shahrida har biri oʻzbek, belarus va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, ikkala matn ham bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar paydo boʻlgan taqdirda rus tilidagi matn asos qilib olinadi.
(imzolar)
