Oʻzlarining tegishli hududlariaro va hududlaridan tashqarida havo qatnovi toʻgʻrisida tuzilgan
24.11.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Hukumati, bundan buyon “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar;
1944-yilning 7-dekabrida Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi Konvensiyasining qatnashchilari boʻlgani holda, va
oʻzlarining tegishli hududlari oʻrtasida va hududlaridan tashqarida muntazam havo qatnovini yoʻlga qoʻyish maqsadida yuqorida qayd etilgan Konvensiyaga qoʻshimcha qilib Bitim tuzish istagida,
quyidagilar xususida ahdlashib oldilar:
1-modda Atamalar
Agar matnda boshqa mazmun koʻzda tutilmagan boʻlsa, ushbu Bitimning qoʻllanilishi va izohlari maqsadida:
a. “Konvensiya” atamasi 1944-yilning 7-dekabrida Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyani anglatadi va oʻsha Konvensiyaning 90-moddasiga binoan qabul qilingan har qanday Ilovani, har ikki Ahdlashuvchi Tomon uchun qay darajada kuchga egaligi va eʼtirof etilganligiga qarab, 90 va 94-moddalarga binoan Konvensiyaga yoki uning ilovalariga kiritilgan har qanday tuzatishni oʻz ichiga oladi;
b. “Aviatsiya maʼmurlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga nisbatan — Fuqaro Aviatsiyasining Bosh Direktorini va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligining Hukumatiga nisbatan — Transport Vazirligining Fuqaro Aviatsiyasi maʼmurlarini va yoki yuqorida uqtirib oʻtilgan maʼmurlar hozirgi vaqtda bajaradigan ishlarni amalga oshirish vakolati berilgan boshqa bir maʼmuriyatni anglatadi;
s. “Hudud” atamasi davlatga nisbatan ushbu davlatning mustaqilligi ostidagi yer maydonlarini, hududiy va ichki suvlarni va ularning tepasidagi havo boʻshligʻini anglatadi;
d. “Tayinlangan aviakorxona” atamasi ushbu Bitimning 3-moddasiga muvofiq tayinlangan va vakolat berilgan aviatsiya korxonasini anglatadi;
e. “Havo qatnovi” atamasi yoʻlovchilar, yuk va pochtani umumiy tashishda havo kemalari tomonidan amalga oshiriladigan havo qatnovini anglatadi. “Xalqaro havo qatnovi”, “Aviakorxona” va “notijoriy maqsadlarda toʻxtash” atamalari Chikago Konvensiyasining 96- moddasida koʻrsatib oʻtilgan maʼnolarni anglatadi;
f. “Tayyora jihozlari”, “tayyora zaxiralari” va “ehtiyot qismlar” atamalari Konvensiyaning 9-ilovasida koʻrsatib oʻtilgan maʼnolarni anglatadi.
g. “Hajm” atamasi “havo kemasiga” nisbatan biror “yoʻnalishda yoki yoʻnalishning bir qismida havo kemasining foydali ish yuklashni anglatadi; va
h. “Hajm” atamasi “kelishilgan yoʻllarga” nisbatan ushbu yoʻlda ishlatilayotgan havo kemasining hajmi maʼlum vaqt ichida belgilangan yoʻnalishda yoki yoʻnalishning bir qismida shunday havo kemasi tomonidan amalga oshiriladigan parvozlarning takroriyligiga koʻpaytirilganini anglatadi;
i. “Kelishilgan yoʻllar” va “belgilangan yoʻnalishlar” atamalari ularga tegishli ravishda jadvallarda koʻrsatilgan xalqaro havo qatnovlarni va ushbu Bitimning Ilovasida belgilangan yoʻnalishlarni anglatadi.
2-modda Tayinlangan aviakorxonalarning huquqlari va imtiyozlari
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga ushbu Bitimning Ilovasida belgilangan yoʻnalishlarda havo qatnovlarni yoʻlga qoʻyish maqsadida ushbu Bitimda koʻrsatilgan huquqlarni beradi. Mazkur qatnovlar va yoʻnalishlar bundan buyon tegishli ravishda “kelishilgan yoʻllar” va “belgilangan yoʻnalishlar” deb ataladilar. Har bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxona havo qatnovlarini yoʻlga qoʻyish maqsadida quyidagi huquqlardan foydalanadi:
a. boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidan qoʻnmagan holda uchib oʻtish;
b. boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida notijoriy maqsadlarda qoʻnish; va
s. boshqa Ahdlashuvchi Tomonning yoki uchinchi davlatning hududidan kelayotgan yoki u yerga ketayotgan yoʻlovchilar, yuk va pochtani olish yoki tushirish maqsadida yuqorida aytib oʻtilgan hududda ushbu Bitim Ilovasida koʻrsatilgan manzillarda qoʻnish.
2. Ushbu modda 1-bandining hech qaysi bir qoidasi bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga haq evaziga yoki yollanish yoʻli bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi bir manzildan ikkinchi bir manzilga tashish uchun yoʻlovchilar, yuk va pochtani olish huquqini beradi deb qaralmasligi kerak.
3-modda Aviakorxonalarni tayinlash va parvoz uchun ruxsatnomalarni berish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon Ilovada belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan yoʻllardan foydalanish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlarini yozma tarzda xabardor qilgan holda bir yoki bir nechta aviakorxonani tayinlash huquqiga ega boʻladi.
2. Bunday tayinlash toʻgʻrisidagi xabarnomani olganidan soʻng, boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 4 va 5-6andlari qoidalariga muvofiq tayinlangan aviakorxonaga yoki aviakorxonalarga parvozlarni amalga oshirishlari uchun darhol tegishli ruxsatnomalarni beradi.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa bir Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor etgan holda tayinlangan aviakorxonani tayinlashni bekor qilib, boshqasini tayinlash huquqiga ega boʻladi.
4. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonadan u xalqaro havo yoʻllaridan foydalanish chogʻida Konvensiyaning qoidalariga muvofiq odatda va oqilona tatbiq etiladigan qonun va qoidalarda koʻrsatilgan shartlarni bajarishga qodir ekanligini isbotlovchi dalillarni talab qilishga haqlidir.
5. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri parvoz qiladigan aviakorxonaga ustunlik qilish va uning ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish huquqi aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga qarashli ekanligini isbotlovchi dalillarga ega boʻlmagan har qanday holda boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 2-bandida qayd etilgan ruxsatnomalarni berishni rad etishi yoki tayinlangan aviakorxona ushbu Bitimning 2-moddasida belgilangan huquqlardan foydalanish chogʻida bajarilishi zarur deb topilgan shartlarni bajarilishini talab qilish huquqiga egadir.
6. Shu tarzda tayinlangan va vakolat olgan aviakorxona istagan vaqtda kelishilgan yoʻllardan foydalanishni boshlashi mumkin, basharti, ushbu Bitim 11-moddasining shartlariga binoan belgilangan tariflar shu qatnovlarga nisbatan kuchga kirgan boʻlsa.
7. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga berilgan parvozlarga doir ruxsatnomalarni bekor qilish yoki ushbu moddada keltirilgan huquqlardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish yoki bunday huquqlardan foydalanishda oʻzi zarur deb bilgan quyidagi shartlarni bajarilishini talab qilish huquqiga ega boʻladi:
a. aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish yoki uning ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish ushbu aviakorxonani yoki aviakorxonalarni tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki oʻsha Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolariga tegishli ekanligiga komil ishonchda boʻlmagan har qanday holda; yoki
b. agar bu aviakorxona yoki aviakorxonalar oʻsha huquqlarni bergan Ahdlashuvchi Tomonning hududida tatbiq etilgan qonun va qoidalarga kerakli darajada rioya qilmasa; yoki
s. agar aviakorxona yoki aviakorxonalar vaqtida ushbu Bitimda belgilangan talablarni bajara olmayotgan boʻlsa.
8. Agar huquqlarni darhol bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish yoki ushbu moddaning 7-bandi shartlarini bajarilishini talab qilish qonun va qoidalarning bundan buyon buzilishini oldini olish uchun zarur ogohlantirish deb topilmasa, har bir Ahdlashuvchi Tomon bunday huquqdan ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon bilan maslahatlashuvlardan soʻng foydalanishi mumkin.
4-modda Hajm
1. Har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga ushbu Bitimning Ilovasida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha ularga tegishli hududlar oʻrtasida kelishilgan havo yoʻllaridan foydalanish uchun maqbul va teng imkoniyatlar yaratib beriladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi kelishilgan yoʻllardan foydalanish chogʻida oʻzidan keyin shu yoʻnalishdan toʻla yoki uning bir qismidan foydalanadigan boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonalarning manfaatlariga noodil ziyon yetkazmaslikni nazarda tutgan holda ish koʻradi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari tomonidan kelishilgan yoʻllarda amalga oshirilayotgan qatnovlar belgilangan yoʻnalishlarda umumiy havo tashuviga boʻlgan aholini ehtiyojlariga bogʻliq ravishda muvofiq kelishlari lozim va har bir aviakorxona uni tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonning hududidan yoki hududiga yoʻlovchilarni, yuk va pochtani tashishga boʻlgan mavjud va odil moʻljallangan ehtiyojlariga javob bera oladigan ish yuklashni maʼqul miqdoridagi hajmni taʼminlashni birinchi darajali masala deb bilishi lozim. Aviakorxonani tayinlagandan tashqari boshqa davlatning hududlarida belgilangan yoʻnalishlardagi manzillardan olingan yoki u yerda qoldirilgan yoʻlovchilarni, yuk va pochtani tashishni taʼminlash umumiy qoidalarga binoan amalga oshirilishi lozim. Ushbu qoidalarga muvofiq hajm quyidagilarga bogʻliq boʻladi:
a. aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonning hududiga yoki hududidan amalga oshiriladigan havo tashuviga boʻlgan ehtiyojlarga;
b. hududni oʻz ichiga olgan davlatning aviakorxonalari yoʻlga qoʻygan boshqa transport xizmatlarni eʼtiborga olgani holda, kelishilgan havo yoʻllari oʻtadigan hududda amalga oshiriladigan tashuvlarga boʻlgan ehtiyojlarga; va
s. tranzit aviatashuvlarga boʻlgan ehtiyojlarga.
5-modda Jadvallarni tasdiqlash
1. Qatnovlarning takroriyligini oʻz ichiga olgani holda, kelishilgan yoʻllarda amalga oshiriladigan parvozlarning jadvali har ikkala tayinlangan aviakorxona yoki aviakorxonalarning oʻzaro kelishuviga asosan belgilanadi va bu jadval kuchga kirishdan 30 (oʻttiz) kun avval tasdiqlash uchun aviatsiya maʼmurlariga taqdim etiladi. Agarda, tayinlangan aviakorxonalar oʻrtasida parvozlarning jadvali va qatnovlarning takroriyligi toʻgʻrisida kelisha olinmasa, bu masalani hal qilish uchun Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlariga beriladi.
2. Kelishilgan yoʻllardan foydalanish chogʻida ikki aviakorxona oʻrtasida tijorat shartnomasi tuzish ehtiyoji paydo boʻlishi mumkin. Bu tijorat shartnomasini tasdiqlash uchun tegishli aviatsiya maʼmurlariga taqdim etiladi.
6-modda Havo kemasiga nisbatan qonun va qoidalarning qoʻllanilishi
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning xalqaro parvozlarni amalga oshirayotgan havo kemalarining oʻz hududiga uchib kelishini yoki undan joʻnab ketishini yoxud bunday havo kemalaridan oʻz hududi doirasida foydalanishni tartibga soluvchi qonun va qoidalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonaning havo kemalari birinchi Ahdlashuvchi Tomonning hududiga uchib kirishida, undan joʻnab ketishida va unda boʻlib turgan vaqtida ularga nisbatan qoʻllaniladi.
2. Har qaysi Ahdlashuvchi Tomonning oʻz hududiga havo kemasida yoʻlovchilar, ekipaj, yuk hamda pochtaning kelishini yoki undan joʻnab ketishini tartibga soluvchi qonun va qoidalariga, xususan, kirish, immigratsiya, pasport, bojxona va karantin masalalariga taalluqli boʻlgan qoidalariga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga qarashli havo kemasi tomonidan yoki nomidan uqtirib oʻtilgan hududga kirib kelishi, unda boʻlib turishi va undan joʻnab ketayotgan vaqtida amal qilinishi lozim.
3. Oʻzaro tenglik munosabatlari asosida Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonasi yoki aviakorxonalarining havo kemalaridagi yoʻlovchilar, ekipaj va yuklariga uchib kirish va chiqib ketish uchun beriladigan vizalar talab qilinmaydi basharti ular xuddi shu qatnov bilan oʻsha yoʻnalishda orqaga qaytsalar. Havo kemasining texnik holatiga koʻra yoki salomatlik sabablariga koʻra ekipaj aʼzolari mamlakatda qolgan boʻlib, keyingi qatnov bilan oʻsha yoʻnalishda orqaga qaytib ketgan hollarda ham shu qoida qoʻllaniladi.
7-modda Guvohnomalar va ruxsatnomalarni eʼtirof etish
Ahdlashuvchi Tomonlardan biri bergan, yoki haqiqiy deb topgan, hamda amalda boʻlgan yaroqlik guvohnomalari, vakolatlar va ruxsatnomalarni kelishilgan yoʻllardan foydalanish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomon ham ana shu hujjatlar amalda boʻlgan vaqtida haqiqiy deb eʼtirof etadi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz fuqarolariga oʻzining hududidan parvozlar vaqtida boshqa Ahdlashuvchi Tomon bergan vakolatlar va ruxsatnomalar toʻgʻrisidagi guvohnomalarni eʼtirof qilishni rad etish huquqini saqlab qoladi.
8-modda Aviatsiya xavfsizligi
1. Xalqaro qonundan kelib chiqadigan oʻzlarining huquqlari va majburiyatlariga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlar gʻayriqonuniy aralashuv xatti-harakatlaridan fuqaro aviatsiyasining xavfsizligini taʼminlashga doir zimmaga oladigan oʻzaro majburiyatlari ushbu Bitimning ajralmas qismini tashkil qilishini tasdiqlaydilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro qonundan kelib chiqadigan oʻz huquqlarining va majburiyatlarining umumiy qoʻllanishini cheklamagan holda, 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo kemalarida sodir etiladigan jinoyatlar va boshqa baʼzi bir harakatlar toʻgʻrisidagi Konvensiyaga, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo kemalarini gʻayriqonuniy ravishda tutqun qilib olishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi Konvensiyaga, hamda 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi qaratilgan gʻayriqonuniy harakatlar haqidagi Konvensiyaga va 1988-yil 24-fevralda imzolangan xalqaro tayyoragohlarda sodir etiladigan noqonuniy zoʻravonlik harakatlariga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Protokol qoidalariga, hamda keyinchalik fuqaro aviatsiyasining xavfsizligiga oid ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar imzolaydigan barcha boshqa koʻptomonlama shartnomalarga muvofiq harakat qiladilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarining iltimoslariga koʻra havo kemasini gʻayriqonuniy tutqun qilishning bu havo kemasi, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, tayyoragohlar va qatnovni taʼminlash vositalariga xavf tugʻdiruvchi boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarning, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid qilishning har qanday koʻrinishi oldini olishda bir-birlariga barcha zaruriy yordamni beradilar.
4. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida oʻzlariga maʼqul keladigan darajada Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti tomonidan belgilangan va xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaga kiritilgan Ilovalarda tavsiflangan aviatsiya xavfsizligi qoidalariga muvofiq ish koʻradilar. Ular roʻyxatga olish boʻyicha havo kemalarining foydalanuvchilaridan, asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz hududlarida joylashgan havo kemalarining foydalanuvchilaridan va oʻz hududlarida joylashgan xalqaro tayyoragohlarning foydalanuvchilaridan aviatsiya xavfsizligining yuqoridagi qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarini talab qiladilar.
5. Har bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemasidan foydalanuvchilarga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Tomon havo kemasi oʻz hududi chegaralariga kirib kelayotganida, undan chiqib ketayotganida yoki unda boʻlib turgan vaqtida yuqoridagi 4-bandda uqtirilgan aviatsiya xavfsizligiga oid qoidalarga amal qilishi maqsadida zarur talablarni qoʻyishi mumkin. Har bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemalarini himoya qilish va yoʻlovchilarni, ekipaj aʼzolarini, yoʻlovchi yuki, bagaj, yuklarni va tayyora zaxiralarini havo kemasi sahniga olish yoki ortish vaqtidan oldin yoki vaqtida tekshirish uchun samarali chora-tadbirlarni koʻradi.
6. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, basharti, aniq tahdid mavjud boʻlgan holda, oqilona doiralarda xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan maxsus chora-tadbirlar koʻrishga doir iltimoslarini ham xayrixohlik bilan koʻrib chiqadi.
7. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning oʻzaro maʼmuriy koʻrsatmalarni qabul qilish toʻgʻrisidagi iltimoslarini ham xayrixohlik bilan koʻrib chiqadilar. Bu koʻrsatmalar orqali bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida aviatsiya xavfsizligiga oid va birinchi Ahdlashuvchi Tomonning hududiga uchib kirish vaqtida havo kemalaridan foydalanuvchilarga nisbatan qoʻllaniladigan oʻzlarining talablarini qoʻyishga muvaffaq boʻladilar.
8. Basharti, fuqaro havo kemasi tutqun qilib olinsa eki uni tutqun qilish tahdidi mavjud boʻlsa yoki havo kemasi, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga tayyoragohlar va qatnovni taʼminlash vositalariga boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinsa, Ahdlashuvchi Tomonlar aloqani yengillatish va bunday koʻngilsizlik yoki tahdidga jadal, hamda beshikast barham berishning barcha zarur chora-tadbirlarini koʻrish orqali bir-birlariga koʻmak beradilar.
9. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan biron-biri ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning aviatsiya xavfsizligiga oid qoidalaridan chekinyapti deb hisoblash uchun yetarli asosga ega boʻlsa, ushbu Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlariga tezda maslahatlashuvlar oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi talabni qoʻyishi mumkin.
9-modda Boj va soliqlardan ozod qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzaro tenglik asosida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasini yoki aviakorxonalarini imkon qadar toʻlaqonli ravishda oʻzining davlat qonunlari doirasida havo kemasi, yoqilgʻi, moylash vositalari, qoʻllaniladigan texnik zaxiralar va dvigatellarni, doimiy tayyora asbob-uskunalarini oʻz ichiga olgani holda ehtiyot qismlar, tayyora zaxiralari (spirtli va boshqa ichimliklar, tamaki va parvoz davomida yoʻlovchilarga sotish uchun moʻljallangan cheklangan miqdordagi boshqa mahsulotlar) va kelishilgan yoʻllardan foydalanish chogʻida bu Ahdlashuvchi Tomonning aviakorxonasi yoki aviakorxonalarining havo kemalariga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan boshqa buyumlarga boʻlgan import cheklanishlari, bojxona bojlari, solinadigan soliqlar, nozirlik yigʻimlardan ozod qiladi, shuningdek, chop etilgan chipta zaxiralari, yuk tashishga oid qogʻozlar, oldindan joyni band qilishni tartibga soluvchi kompyuter jihozlar va shu aviakorxona va aviakorxonalar tomonidan bepul tarqatish uchun moʻljallangan, shu aviakompaniya nishonasiga ega boʻlgan chop etilgan har qanday material ham shunga kiradi.
2. Ushbu moddada nazarda tutilgan ozod qilish ushbu moddaning 1-bandida zikr qilingan buyumlarga taalluqlidir, basharti-ki:
a. bir Ahdlashuvchi Tomonning hududiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonasi yoki aviakorxonalari tomonidan yoki ularning nomidan olib kirilgan;
b. bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasining yoki aviakorxonalarining havo kemasida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga kelgan yoki undan joʻnab ketayotgan paytida saqlanib qolgan;
c. bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonasining yoki aviakorxonalarining havo kemasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida tayyora sahniga olgan va kelishilgan yoʻllarda parvoz qilish vaqtida ishlatish uchun moʻljallangan ushbu buyumlar oʻsha ozod qilish toʻgʻrisidagi huquqlarni bergan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida butunlay yoki qisman ishlatilishidan yoki isteʼmol qilinishidan qatʼiy nazar, basharti, ushbu buyumlar aytib oʻtilgan Ahdlashuvchi Tomonning hududida oʻzgalar tomonidan ishlatilishi uchun berilmasligi lozim. Yuqoridagi a, b va s bandlarda koʻrsatilgan ashyolar bojxona maʼmuriyatining nazorati yoki kuzatuvi ostida saqlanishi lozim.
3. Doimiy tayyora asbob-uskunalari, shuningdek har bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonasining yoki aviakorxonalarining havo kemalarida saqlanadigan ashyolar va zaxiralar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga oʻsha hudud bojxona maʼmuriyatining ruxsati bilan tushirilishi mumkin. Bu holda, ular orqaga qaytarib olingunga yoki bojxona qoidalariga binoan boshqa qarorini topgunga qadar koʻrsatib oʻtilgan maʼmurlarning nazorati ostida joylashtirilishi darkor.
10-modda Bevosita tranzit
Bir Ahdlashuvchi Tomonning hududidan bevosita tranzit orqali oʻtadigan va bu maqsad uchun tayyoragoh hududidan ajratilgan joydan chetga chiqmaydigan yoʻlovchilar, yoʻlovchilar yuki va yuklar soddalashtirilgan nazoratdan oʻtadilar. Tranzit yoʻlovchilarning yuki va yuklar bojxona soliqlari va boshqa shu singari chiqimlardan ozod qilinadi.
11-modda Tariflarni belgilash
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidan yoki hududiga kelishilgan yoʻllarda tashuvlar uchun olinadigan tariflar barcha mavjud omillarni — foydalanish xarajatlarini, foydaning oqilona miqdorini, xizmat koʻrsatish tavsifini hisobga olgan holda oqilona meʼyorda belgilanishi lozim.
2. Ushbu moddaning 1-bandida aytib oʻtilgan tariflar borasida har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari kelishib oladilar.
3. Yuqoridagi 2-bandga tegishli kelishuvlarga, imkon qadar, Xalqaro havo transporti uyushmasining tariflarni belgilash jarayonlarini qoʻllash yoki tariflarni belgilash boʻyicha biron-bir boshqa koʻptomonlama hujjatlarga asoslangan holda erishiladi.
4. Shu tarzda kelishilgan tariflar ularni amalda joriy qilish taxmin qilingan kunga kamida 30 (oʻttiz) kun qolganda Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlariga tasdiq uchun taqdim etilishi lozim; maxsus hollarda, bu muddat aviatsiya maʼmurlari tomonidan qisqartirilishi mumkin.
5. Agarda tayinlangan aviakorxonalar biron-bir tariflar borasida kelisha olmasalar yoki biron-bir boshqa sabablarga koʻra ushbu moddaning 2-bandiga binoan tariflarni belgilay olmasalar yoki ushbu moddaning 1-bandida qayd etilgan oʻttiz kunlik muddatning birinchi 15 (oʻn besh) kuni ichida Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonga ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq kelishilgan tariflar boʻyicha rozi emasligi toʻgʻrisidagi bildirishni yuborsa, Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻzaro bu tariflar borasida ahdlashib olishga harakat qiladilar.
6. Agarda aviatsiya maʼmurlari ushbu moddaning 4-bandiga binoan tasdiq uchun taqdim etilgan tariflar borasida kelisha olmasalar yoki ushbu moddaning 5-bandiga muvofiq ularni belgilay olmasalar, bu bahslashuvlar ushbu Bitim 15-moddasining qoidalariga muvofiq hal qilinadi.
7. Ushbu moddaning 4-bandiga muvofiq hech qanday tarif har bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari tomonidan tasdiqlanmasa kuchga kira olmaydi.
8. Ushbu moddaning qoidalariga muvofiq belgilangan tariflar shu qoidalarga binoan yangi tariflar belgilangunga qadar oʻz kuchini saqlab qoladi.
12-modda Foydani oʻtkazish
Oʻzaro tenglik munosabatlariga asoslangan holda:
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida milliy valyutaga yoki har qanday erkin almashadigan valyutaga bevosita yoki agentlar orqali aviatashuv xizmatlarini tegishli maʼmurlar tomonidan berilgan vakolatnomalarga binoan erkin sotish imkoniga egadir.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida ishlab topilgan mablagʻlarning xarajatlardan ortgan foyda qismini erkin almashadigan valyutaga almashtirish va uni oʻzining hududiga erkin oʻtkazish huquqiga egadir. Bunday oʻtkazishlarning sof qiymatiga aviatashuvlarni bevosita yoki agentlar orqali sotishdan va qoʻshimcha yordamchi xizmatlardan tushgan foydalar hamda ikki davlat oʻrtasida kuchga ega boʻlgan maxsus shartnomaning qoidalariga muvofiq belgilanadigan toʻlovlar, bunday shartnoma boʻlsa, valyutaga oid joriy qoidalarga binoan belgilanadigan toʻlovlar ham kiradi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari bunday oʻtkazishlarni amalga oshirish uchun ruxsatnomalarni talab tushgan kundan boshlab koʻpi bilan 30 (oʻttiz) kun ichida olishlari lozim. Bunday oʻtkazishlarni amalga oshirish uchun bajariladigan ish tartibi oʻsha foyda olingan davlatning chet el valyutasining almashuv qoidalariga muvofiq boʻladi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonasi haqiqiy oʻtkazishni tasdiqnoma olgandan soʻng erkin amalga oshirishi mumkin. Maxsus hollarda, biron-bir texnik sabablarga koʻra bunday oʻtkazishni amalga oshirish imkoniyati boʻlmasa, Ahdlashuvchi Tomonlarning aviakorxonalari bularni boshqa Ahdlashuvchi Tomon havo tashuvlarini sotish natijasida tushirgan va oʻz hududiga oʻtkazgan daromad hisobidan oʻtkazish birlamchilik huquqiga ega boʻladi.
5. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi havo qatnovlarini amalga oshirish natijasida ishlab topgan mablagʻ yoki daromadlariga solinadigan barcha soliq va yigʻimlardan ozod qiladi.
13-modda Vakolatxonalar
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi yoki aviakorxonalari oʻzaro tenglik munosabatlari asosida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida kelishilgan yoʻllardan foydalanishni taʼminlash uchun zarur boʻlgan oʻzlarining tijoriy, texnik va idora xizmatchilaridan iborat boʻlgan vakolatxonalarini ochish huquqiga egadir. Bu xodimlar zaruratga qarab har ikkala Tomon fuqarolaridan olinishi mumkin.
2. Koʻrsatib oʻtilgan xodimlarga boʻlgan ehtiyoj tayinlangan aviakorxona yoki aviakorxonalar ixtiyoriga koʻra oʻz xodimlari bilan kifoyatlanishi yoki shu boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida amaliy faoliyatini olib borayotgan va shu boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida shuning singari xizmatlarni amalga oshirishga vakolati boʻlgan boshqa tashkilotlar, kompaniyalar, aviakorxona yoki aviakorxonalar xizmatidan foydalanishi mumkin.
3. Vakillar va xodimlar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi qonunlariga boʻysunadilar. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzlarining qonun va qoidalariga muvofiq oʻzaro tenglik asosida va kechiktirmasdan ishlash uchun zaruriy ruxsatnomalarni, ishlash huquqi bilan vizalarni va boshqa shuning singari hujjatlar bilan ushbu moddaning 1-bandida keltirilgan vakillar va xodimlarni taʼminlashi lozim.
4. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonasi yoki aviakorxonalari kechiktirmay havo qatnovlardan foydalanishni boshlashlari uchun ularni munosib bino va undan foydalanish uchun zarur boʻlgan vositalar bilan taʼminlashga harakat qiladi.
14-modda Maslahatlashuvlar va oʻzgartirishlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari yaqindan hamkorlik qilish ruhida ushbu Bitim va uning Ilovalari qoidalarining bajarilishini va qoniqarli darajada amalga oshirilishini taʼminlash nuqtai nazaridan vaqti-vaqti bilan maslahatlashuvlar oʻtkazib turadilar.
2. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu Bitimning ayrim qoidalarini oʻzgartirish maqsadga muvofiq deb hisoblasa u boshqa Ahdlashuvchi Tomonga maslahatlashuv oʻtkazish toʻgʻrisida talab qoʻyishi mumkin. Bunday maslahatlashuv muzokaralar yoki yozishmalar yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin va talab tushgan kundan boshlab 60 (oltmish) kun ichida boshlanishi lozim, agarda Ahdlashuvchi Tomonlar maslahatlashuvlar oʻtkazish muddati borasida biron-bir boshqa kelishuvga erisha olmasalar, bunday maslahatlashuvlar talab tushgan kundan boshlab 60 (oltmish) kun ichida boshlanishi lozim. Bunday maslahatlashuvlar orqali kelishib olingan oʻzgartirishlar Ahdlashuvchi Tomonlarning ichki qonunchilik tartibotlariga muvofiq tasdiqlanadi va ular tasdiqlanganligi toʻgʻrisida diplomatik notalar orqali almashilgandan soʻnggina kuchga kiradi.
3. Ushbu Bitimning Ilovasiga kiritilgan oʻzgartirishlar Ahdlashuvchi Tomonlarning tegishli maʼmurlari oʻrtasida bevosita kelishib olinadi va ular diplomatik notalar bilan almashilgandan soʻng kuchga kiradi.
15-modda Koʻptomonlama shartnomalar bilan muvofiqlashtirish
Basharti, har ikkala Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasida havo transporti toʻgʻrisida koʻptomonlama shartnoma tuzilgan boʻlsa, ushbu Bitim bunday shartnomaning qoidalariga muvofiqlashtirish maqsadida oʻzgartiriladi.
16-modda Nizolarga barham berish
1. Ushbu Bitimni talqin qilish va qoʻllash yuzasidan Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻrtasida kelib chiqqan har qanday nizo birinchi navbatda toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar orqali hal qilinishi lozim.
2. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlar muzokaralar orqali murosaga kela olmasalar ular bu bahsni hal etishni bir shaxsga yoki tashkilotga, agar bular ham biror murosaga kela olmaslar hal qilish uchun uch hakamdan tashkil topgan Arbitraj ixtiyoriga topshirishlari mumkin, bittadan hakamni Ahdlashuvchi Tomonlar tayinlaydilar va uchinchi hakamni ikki hakam tayinlashi lozim. Bahsni hal qilish uchun arbitraj sudini tayinlash toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali talab tushgan kundan boshlab Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri 60 (oltmish) kun ichida bittadan hakamni tayinlashi lozim va uchinchi hakam 60 (oltmish) kunlik davr ichida tayinlanishi lozim. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlar belgilangan muddat ichida oʻz hakamini tayinlay olmasalar yoki uchinchi hakam belgilangan muddatda tayinlanmasa, Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti Kengashining Prezidentiga Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri tomonidan zaruriyatga qarab hakamni yoki hakamlarni tayinlash toʻgʻrisidagi talab qoʻyilishi mumkin. Bunday hollarda uchinchi hakam uchinchi davlat fuqarosi boʻlib, Rais sifatida ish koʻradi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar arbitraj sudi chiqargan har qanday hukm va qarorni ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq bajaradilar.
4. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzi tayinlagan hakamga va yordamchi xodimga pul toʻlash uchun javobgardir hamda Arbitraj va uning Raisining faoliyatlari bilan bogʻliq boʻlgan barcha keyingi xarajatlar Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻrtasida teng boʻlinishi lozim.
5. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlardan biri yoki bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonasi yoki aviakorxonalari ushbu moddaga binoan chiqarilgan qarorni bajarolmayotgan boʻlsalar, boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitim tufayli Ahdlashuvchi Tomonga yoki shu Tomon tayinlagan aviakorxonaga yoki aviakorxonalarga berilgan huquqlar va imtiyozlarni cheklashi, vaqtincha toʻxtatib qoʻyishi yoki bekor qilishi mumkin.
17-modda Statistik maʼlumotlari bilan almashish
Har bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlarini ularning iltimoslariga binoan tayinlangan aviakorxona taʼminlaydigan tashuvlar hajmini va kelishilgan yoʻllarda amalga oshirilayotgan tashuvlar sonini aniqlash maqsadida oqilona miqdorda talab qilinadigan statistika maʼlumotlari, va shuningdek, qoʻnmagan holda bajariladigan qatnovlardagi boshlanish va belgilangan manzillar, istisno hollarda esa, uchinchi mamlakatga/dan tashuvlarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi xabarnomalar bilan taʼminlashlari lozim.
18-modda Bitim amal qilishini toʻxtatish
1. Ushbu Bitimning amal qilish muddati cheklanmagan.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon istagan vaqtida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimning amal qilish muddatini toʻxtatish istagida ekanligi toʻgʻrisida xabarnoma yuborishi mumkin. Bunday xabarnoma bir vaqtning oʻzida Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotiga ham yuboriladi. Bu holda ushbu Bitim oʻz amal muddatini bir Ahdlashuvchi Tomonning xabarnomasini boshqa Ahdlashuvchi Tomon olgan kundan boshlab 12 (oʻn ikki) oylik muddat oʻtgandan soʻng yakunlaydi, agarda oʻzaro kelishuvga asosan xabarnoma shu muddat tugagunga qadar orqaga qaytarib olinmasa. Basharti, boshqa Ahdlashuvchi Tomon xabarnoma olganining tasdigʻi boʻlmasa, Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti xabarnoma olganidan soʻng 14 (oʻn toʻrt) kun oʻtgach boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tasdigʻi olingan hisoblanadi.
19-modda IKAOda roʻyxatga olish
Ushbu Bitim va unga kiritilgan har qanday oʻzgartirishlar, shuningdek almashilgan yozishmalar Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti (IKAO)da roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
20-modda Bitimning kuchga kirishi
1. Ushbu Bitim va uning Ilovalari imzolangan kundan boshlab shartli ravishda kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga ushbu Bitim kuchga kirishi uchun lozim boʻlgan oʻzining tegishli ichki qonunchilik tartibotlarini amalga oshirib boʻlganligi toʻgʻrisidagi xabarnomani diplomatik yoʻllar orqali taqdim etganlaridan soʻng butunlay kuchga kiradi.
1996-yilning 24-noyabrida Amman shahrida oʻzbek, arab va ingliz tillarida ikki nusxada imzolandi. Hamma matn bir xil kuchga egadir. Talqin qilishda va qoʻllashda hamfikrlik boʻlmagan taqdirda ingliz tilidagi matn ustuvor deb hisoblanadi.
(izolar)
ILOVA
