Savdo va iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida
23.11.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Hukumati, bunday keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataladi,
har ikki davlat oʻrtasida tenglik, oʻzaro manfaatdorlik va xalqaro huquq prinsiplari asosidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashga koʻmaklashishni istab,
ikkala davlatning xoʻjalik subyektlari oʻrtasidagi savdo munosabatlarini rivojlantirish uchun shartnoma-huquqiy asoslar va qulay sharoitlar yaratish zaruratidan kelib chiqib, quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar har bir davlatda amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq teng huquqlilik, oʻzaro foyda va manfaatdorlik prinsiplariga amal qilgan holda, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, har ikki davlatning korxonalari, tashkilotlari, muassasalari, firmalari va jamiyatlari oʻrtasida uzoq muddatli va barqarorlik asosidagi bevosita ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va kengaytirish uchun zaruriy choralarni koʻradilar.
Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlardan oʻzini tiyadi.
2-modda
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun oʻzaro manfaatli sharoitlar yaratish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlar quyidagilar borasida bir-birlari uchun eng qulay rejim yaratadilar:
import va eksportga nisbatan qoʻllaniladigan bojxona toʻlovlari, soliqlar va yigʻimlar, shu jumladan bunday toʻlovlar, soliqlar va yigʻimlarni undirish usullari;
bojxona rasmiyatlari, tovarlar tranziti, ularni joylash, qayga yuklash va shu singari boshqa xizmatlarga taalluqli boʻlgan nizomlar;
soliqlar va bevosita yoki bilvosita tarzda undiriladigan boshqa ichki yigʻimlar;
toʻlov usullari va bunday toʻlovlarni oʻtkazish;
ichki bozorda tovarlarni sotish, sotib olish, transportirovka qilish, taqsimlash va foydalanishga doir qoidalar;
import va eksport uchun litsenziyalar berish.
3-modda
Eng qulay rejim maqomi quyidagilarga tatbiq etilmaydi:
chegaraoldi savdosi va chegara atrofida yuk tashishni osonlashtirish maqsadida Ahdlashuvchi Tomonlardan biri qoʻshni davlat uchun yaratadigan imtiyozlar;
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining bugungi kunda mavjud boʻlgan yoki kelgusida tashkil etiladigan bojxona uyushmasi, erkin savdo zonasidagi, yoki savdo-iqtisodiy hamkorlikning oʻzga shakllaridagi ishtiroki munosabati bilan uchinchi mamlakatlarga yaratiladigan imtiyozlar;
preferensiyalarning umumiy tizimi boʻyicha beriladigan imtiyozlar;
Arab Davlatlari Ligasining istalgan aʼzosiga Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi tomonidan yaratib berilgan yoki kelgusida yaratib beriladigan foyda, ragʻbatlantirish, ozod qilish va imtiyozlar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik mulkchilik shakllari va har ikkala davlatda amalda boʻlgan qonunchilikka rioya qiluvchi ishchan hamkorlik shakllaridan, shuningdek xalqaro savdo praktikasi normalaridan qatʼi nazar, har ikki davlatning xoʻjalik subyektlari oʻrtasida kontraktlar tuzish yoʻli bilan, tovarlar, ishlar va xizmatlarning jahon bozori konʼyukturasiga moʻljallangan kelishilgan narxlarda amalga oshiriladi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni amalga oshirishda Ahdlashuvchi Tomonlar muvozanatlashtirilgan tovar ayirboshlashga intiladilar.
5-modda
Har ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikka doir barcha hisob-kitoblar va toʻlovlar erkin muomaladagi valyutada, agar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzga tarzda kelishib olmasalar, xalqaro bank praktikasida koʻzda tutilgan istalgan shaklda amalga oshiriladi.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar har bir davlatda amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq bir Ahdlashuvchi Tomonning boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida qoʻshma korxonalar, xoʻjalik faoliyati yurituvchi subyektlar, banklar va boshqa tashkilotlar tuzishida koʻmaklashadilar. Ahdlashuvchi Tomonlar investitsiyalarning, ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etishning, shuningdek iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqlik prinsiplaridan kelib chiqqan holda, texnologik jihatdan bogʻliq boʻlgan ishlab chiqarishlarning kooperatsiyalashtirilgan aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashning muhimligini eʼtirof etadilar.
Iqtisodiy, sanoat va texnik hamkorlik asosida Ahdlashuvchi Tomonlar quyidagi sohalar boʻyicha bevosita xoʻjalik aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladilar:
bevosita investitsiyalarni amalga oshirish;
qishloq xoʻjaligi va qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash;
yengil sanoat va sanoatning boshqa sohalari;
transport va aloqa;
atrof-muhitni muhofazalash;
turizmni rivojlantirish;
kadrlarni oʻqitish va mutaxassislar almashuvi.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlararo savdo-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solib borish borasida qabul qilinayotgan qonunchilik aktlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek mahsulotlar va tovarlar yetkazib berish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzaro tarzda taqdim etishni tashkil etadilar.
8-modda
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni tarifli va notarifli tarzda tartibga solish, statistik maʼlumotlar bilan almashish, bojxona tartibotlarini oʻtkazish uchun Ahdlashuvchi Tomonlar Yevropa Iqtisodiy Hamjamiyatining tovarlar tavsifi va kodlashning uygʻunlashgan tizimidan foydalanishga rozilik bildirdilar.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar yuk tashish, transport harakati, shu jumladan tranzit yuklar va yoʻlovchilarni tashish, shuningdek transport tizimlarining oʻzaro harakat tartibi va shartlari xalqaro yuk tashish Qoidalari va/yoki Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi alohida bitimlarga muvofiq tartibga solib borilishiga rozilik bildirdilar.
10-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz qonunchiligi va xalqaro majburiyatlarga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomonning xoʻjalik faoliyati yurituvchi subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining teng huquqli himoyasi, shu jumladan sud muhofazasini taʼminlaydi.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz davlati hududida savdo yarmarkalari, koʻrgazmalar, texnik-iqtisodiy seminarlarni tashkil etish va oʻtkazishda yordam beradilar, shuningdek savdo delegatsiyalari va guruhlarining safarlarida koʻmaklashadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar har bir Tomonning amaldagi qonunchiligiga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomonning yarmarkalar, koʻrgazmalar va shu singari ekspozitsion maqsadlar uchun moʻljallangan eksponatlari va tovar namunalarini importga doir boj toʻlovlari va soliqlardan ozod qiladi.
Bunday namunalar, ular ekspozitsiya qilingan mamlakatda, shu mamlakat vakolatli organlarining roziligisiz va barcha boj toʻlovlari va soliqlarsiz sotilishi mumkin emas.
12-modda
Ushbu Bitimning tatbiq etilishini kuzatish uchun Ahdlashuvchi Tomonlar Qoʻshma Ishchi Komissiyasi tuzadilar va bu Komissiya Ahdlashuvchi Tomonlardan birining taklifiga binoan, qabul qiluvchi Tomonning raisligida, navbati bilan Oʻzbekiston Respublikasi va Iordaniya Hoshimiylar Qirolligida yigʻiladi.
Qoʻshma Ishchi Komissiyasining vazifalari quyidagilardan iborat:
a) ushbu Bitimning bajarilish natijalarini taqriz qilish;
b) ushbu Bitimni bajarish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan toʻsiqlarni oʻrganish.
13-modda
Ushbu Bitim, zaruriy hollarda Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin.
14-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash borasida yuzaga keladigan har qanday nizoni xalqaro huquq normalarini eʼtiborga olgan holda muzokaralar yoʻli bilan hal etadilar.
15-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar har ikki mamlakatning birida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarga bevosita yordam beruvchi va ularni qoʻllab-quvvatlovchi savdo vakolatxonasini taʼsis etish borasida koʻmaklashishga rozilik bildirdilar.
16-modda
Ushbu Bitim zaruriy barcha huquqiy tartibotlar bajarilganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma almashilgan kundan boshlab kuchga kiradi, besh yil mobaynida amalda joriy boʻladi va Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimni harakatdan toʻxtatish toʻgʻrisida yozma tarzda xabardor etgunga qadar avtomatik ravishda bir yilga uzaytirilib boradi.
Ushbu Bitim harakatdan toʻxtatilgan holda, uning qoidalari u amalda joriy boʻlgan davrda yuzaga kelgan va majburiyatlari ushbu Bitimning joriy muddati toʻxtatilgan vaqtgacha, ammo besh yildan oshmagan davr mobaynida bajarilmagan barcha kontraktlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Amman shahrida 1996-yil 23-noyabrda, ikki asl nusxada, oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzilgan, matnlarning barchasi bir xil kuchga egadir.
Talqin etishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda ingliz tilidagi matn ustun kuchga ega hisoblanadi.
(imzolar)
