Havo qatnovi toʻgʻrisida
19.04.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati (bundan keyin matnda “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataladi),
Oʻz xalqlari oʻrtasida doʻstona aloqalar oʻrnatilishiga koʻmaklashish hamda har ikkala mamlakat oʻrtasida fuqaro aviatsiyasi sohasida oʻzaro aloqalarni rivojlantirish istagida,
1944-yil 7-dekabrda Chikagoda imzolash uchun ochilgan xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyani tan olgan holda,
quyidagi asoslarda tegishli mamlakatlarning hududlari oʻrtasida va ularning sarhadlarida havo qatnovini yoʻlga qoʻyish va aloqa qilish toʻgʻrisida ahdlashadilar:
1-modda
Atamalar
Agar matnda boshqa mazmun koʻzda tutilmagan boʻlsa, ushbu Bitimning maqsadlariga muvofiq quyidagi atamalar:
1) “aviatsiya maʼmurlari” atamasi — Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Fuqaro aviatsiyasining Bosh direktorini yoki hozirgi vaqtda shu shaxs bajarayotgan ishlarni amalga oshirishga vakil qilingan har qanday shaxs yoki organni, Xitoy Xalq Respublikasiga nisbatan — Xitoy Fuqaro aviatsiyasining maʼmuriyatini hamda hozirgi vaqtda mazkur maʼmuriyat tomonidan bajarilayotgan vazifalarni amalga oshirishga vakil qilingan har qanday shaxs yoki organni bildiradi;
2) “aviakorxona” atamasi — xalqaro havo yoʻllarini taklif etuvchi yoki ulardan foydalanuvchi har qanday aviatransport korxonasini bildiradi;
3) “tayinlangan aviakorxona” atamasi — ushbu Bitimning 3-moddasiga muvofiq tayinlangan va vakil qilingan aviatsiya korxonasini bildiradi;
4) “havo yoʻli” atamasi — yoʻlovchilar, yuklar va pochtani ijtimoiy tashish maqsadida havo kemalari tomonidan amalga oshiriladigan har qanday muntazam havo yoʻlini bildiradi;
5) “xalqaro havo yoʻli” atamasi — bir necha davlatning havo boʻshligʻi ustidan oʻtadigan havo yoʻlini bildiradi;
6) “tijoratga taalluqli boʻlmagan maqsadlarda toʻxtash” atamasi — yoʻlovchilar, yuk yoki pochta olish yoki tushirishdan boshqa istalgan maqsaddagi toʻxtashni bildiradi;
7) “sigʻim” atamasi:
a) havo kemasiga nisbatan muayyan marshrutda yoki marshrutning bir qismida ishlatiladigan muayyan tayyoraga sigʻadigan tijorat yukini;
b) havo qatnoviga nisbatan — ishlatilayotgan tayyora hajmining shu davr mobaynida marshrutda yoki marshrutning bir qismida bajargan reyslariga koʻpaytirilganda chiqqan miqdorni bildiradi;
8) “tarif” atamasi — yoʻlovchilar, qoʻl yuki va yuk tashish narxini, shu jumladan agentlik va boshqa yordamchi xizmatlarning narxlari va shartlarini bildiradi, lekin pochta tashish uchun beriladigan haq va shartlar bundan mustasno;
9) “marshrutlar tavsifi” atamasi — ushbu Bitimga ilova qilingan yoxud ushbu Bitim 17-moddasi qoidalariga muvofiq belgilangan marshrutlar tavsifini bildiradi. Marshrutlar tavsifi ushbu Bitimning ajralmas qismidir.
2-modda
Huquqlarning berilishi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonga oʻzining tayinlangan aviakorxonasi marshrutlar tavsifida koʻrsatilgan marshrutlar boʻyicha muntazam xalqaro havo liniyalari (bundan buyon matnda “shartlashilgan yoʻllar” va “belgilangan yoʻnalishlar” deb yuritiladi) boʻyicha qatnovni yoʻlga qoʻyishi va amalga oshirishi maqsadida ushbu Bitimda koʻzda tutilgan huquqlarni beradi.
2. Ushbu Bitimning qoidalariga muvofiq har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha shartlashilgan yoʻllardan foydalanayotganida:
a) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari tomonidan belgilangan marshrut(lar) boʻyicha shu Ahdlashuvchi Tomon hududidan qoʻnmay oʻtish;
b) ikkala Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya idoralari oʻrtasidagi oʻzaro kelishuvga muvofiq belgilangan punkt(lar)da tijoratga taalluqli boʻlmagan maqsadlarda boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida qoʻnish; va
c) birinchi Ahdlashuvchi Tomondan yuborilayotgan yoki uning hududigacha borayotgan yoʻlovchilar, qoʻl yuki, yuk va pochtani olish yoki tushirish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida belgilangan marshrut punkt(lar)ida ortish yoki tushirish huquqlaridan foydalanadi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonaning boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida joylashgan punkt(lar)da uchinchi mamlakatgacha yoki uchinchi mamlakatdan tijorat yuklarini yuklash yoki tushirish huquqi har ikki Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida kelishilishi lozim.
4. Ushbu moddadagi hech narsa bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga havo kemasi ichiga ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi bir manzildan xuddi shu hududdagi ikkinchi manzilgacha yuk olish huquqini beradi deb qaralmasligi lozim.
3-modda
Aviakorxonani tayinlash
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha shartlashilgan yoʻllardan foydalanish maqsadlarida uchta aviakorxonani tayinlash, shuningdek uni bekor qilish yoki oʻzgartirish huquqiga ega boʻladi hamda ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni bu haqda yozma ravishda xabardor qiladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonaga ustun tarzda egalik qilish va uni samarali nazorat qilish mazkur Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga tegishli boʻlishi kerak.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya idoralari ikkinchi Ahdlashuvchi tomon tayinlagan aviakorxonadan shu korxona xalqaro havo yoʻllaridan foydalanish chogʻida odatan va oqilona qoʻllaniladigan qonunlar va qoidalarda koʻrsatilgan shartlarni bajarishga qodir ekanligini isbotlovchi dalillarni talab qilishga haqlidir.
4. Ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon tayinlash toʻgʻrisidagi xabarni olganidan keyin mazkur moddaning 2 va 3-bandlari qoidalariga muvofiq tayinlangan aviakorxonaga uchishga darhol tegishli ruxsatnoma beradi.
5. Shu tariqa tayinlangan va tegishli ruxsatnoma olgan aviakorxona ushbu moddaning qoidalariga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlar kelishib olgan kundan boshlab shartlashilgan yoʻllardan foydalanishi mumkin.
4-modda
Ruxsatnomalarni bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish yoki shartlar kiritish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga berilgan uchishga ruxsatnomalarni bekor qilish yoki ularning amal qilishini toʻxtatib qoʻyish yoxud mazkur tayinlangan aviakorxona ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanishida u zarur deb hisoblaydigan shart-sharoitlarni bajarishni:
a) agar u bu aviakorxonaga egalik qilishda ustunlik yoki uni samarali nazorat qilish ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga tegishli ekanligiga ishonchi boʻlmagan hollarda, yoki
b) agar bu aviakorxona birinchi Ahdlashuvchi Tomonning qonunlari va qoidalariga rioya qilmagan hollarda, yoki
c) agar bu aviakorxona mazkur Bitimda koʻrsatilgan shart-sharoitlarga rioya qilmagan hollarda talab qilish huquqiga ega boʻladi.
2. Uchishga berilgan ruxsatnomani mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan tarzda bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish yoki shartlar kiritish, basharti bundan keyin qonunlar va qoidalar buzilishining oldini olish uchun darhol chora koʻrish zarur boʻlmasa, Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi maslahatlashuvlardan keyin amalga oshiriladi.
5-modda
Qonunlar va qoidalarni qoʻllanish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining uning hududidan xalqaro uchishlarni bajaruvchi havo kemalarining uchib kelishi, toʻxtab turishi va uchib ketishini tartibga soluvchi qonun va qoidalari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi havo kemalariga nisbatan ham ular birinchi Ahdlashuvchi Tomon hududiga uchib kelishi, toʻxtab turishi va uchib ketishi davrida qoʻllaniladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining uning hududidan yoʻlovchilar, ekipajlar, yuklar va pochtaning kelishini, boʻlishini va joʻnatilishini tartibga soluvchi qonunlari va qoidalari, jumladan keldi-ketdi, pasport, bojxona va karantin bilan bogʻliq tartib-qoidalar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi havo kemalarining yoʻlovchilariga, ekipajlariga, yuk va pochtasiga ham ularning birinchi Ahdlashuvchi Tomon hududiga uchib kelishi, toʻxtab turishi va uchib ketishi davrida qoʻllaniladi.
3. Bevosita tranzit yoʻsinida borayotgan, aeroport tegrasidan chiqmaydigan yoʻlovchilar, qoʻl yuki va yuk yuzaki, yengilroq tarzda nazoratdan oʻtkaziladi.
6-modda
Sigʻimlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviokorxonalariga belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha shartlashilgan yoʻllardan foydalanishda adolatli va teng imkoniyatlar yaratib beriladi.
2. Shartlashilgan yoʻllardan foydalanishda Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi manfaatlarini eʼtiborga olib, xuddi shu yoʻnalish yoki uning bir qismi boʻyicha aviayoʻldan foydalanayotgan keyingi aviakorxonaning yuk tashishiga ziyon yetkazmaslikni hisobga olishi lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari xizmat koʻrsatadigan shartlashilgan yoʻllar belgilangan yoʻnalish boʻyicha yuk tashishda jamoatchilik ehtiyojlariga monand boʻlishi kerak va har bir aviakorxona yoʻlovchilarni, yuklarni va pochtalarni tashishga boʻlgan mavjud va rasamadi bilan chamalangan talab-ehtiyojlarga javob beradigan sigʻimlarga ega boʻlishi ularning birinchi navbatdagi vazifasidir.
4. Belgilangan yoʻnalishlarda uchinchi mamlakatlar manzillarida ham ortiladigan, ham tushiriladigan yoʻlovchilar, yuk va pochtalarni tashish shartlari umumiy qoidalarga mos boʻlib, shunga koʻra uning hajmi:
a) aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon hududigacha yoki uning hududidan tashishga boʻlgan ehtiyojga;
b) mahalliy va mintaqaviy aviayoʻllarni hisobga olgan holda shartlashilgan yoʻl oʻtadigan rayonning tashishga boʻlgan ehtiyojiga; va
c) tranzit yoʻsinidagi tashishlarga boʻlgan ehtiyojga bogʻliq boʻladi.
7-modda
Tijorat faoliyati
1. Havo kemalarining sigʻimi, qatnovi, turlari hamda qatnov jadvali har ikkala Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya idoralari tomonidan kelishib olinishi kerak.
2. Savdo boʻyicha agentlar hamda yerdagi xizmatlarni bajaruvchi agentlarni tayinlash masalalari Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari oʻrtasida oʻzaro kelishib olingan va har ikkala Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmurlari tomonidan maʼqullangan boʻlishi kerak.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tashishga boʻlgan ehtiyojlarga muvofiq belgilangan yoʻnalish boʻyicha qoʻshimcha reys bajarilishini soʻrashi mumkin. Bunday uchish uchun buyurtmanoma boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmurlariga uchishdan kamida uch kun oldin berilishi kerak va bu maʼmurlar roziligi olinganidan keyingina reys bajarilishi mumkin.
8-modda
Tariflar
1. Ikki Ahdlashuvchi Tomon hududi oʻrtasida tashishda qoʻllaniladigan tariflar tegishli barcha omillarni, shu jumladan foydalanish xarajatlarini, oqilona daromadni, xizmatlarning xususiyati (masalan, tezligi va qulayligi)ni hisobga olib, oqilona darajada belgilanishi kerak.
2. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan tariflar har ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar tayinlangan aviakorxonalar oʻrtasida va zaruriyat hamda imkoniyatga qarab yoʻnalishning hammasi yoki uning bir qismidan foydalanadigan boshqa aviakorxonalar bilan kelishib olinishi kerak. Shunday tartibda kelishib olingan tariflar Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya idoralari tomonidan tasdiqlanishi uchun ularni ishga tushirishdan kamida oltmish kun avval taqdim etish kerak va ular har ikkala Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmurlari tasdiqlaganidan keyingina kuchga kiradi.
3. Agar tayinlangan aviakorxonalar biron tarif boʻyicha kelisha olmasalar, Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya idoralari tariflar boʻyicha maslahatlashuv yordamida oʻzaro kelishuvga erishishga harakat qilib koʻrishlari kerak.
4. Agar aviatsiya idoralari ushbu moddaning 2-bandida belgilanganiga muvofiq ularga taqdim etilgan tariflar xususida kelisha olmagan yoki ushbu moddaning 3-bandida belgilangan tartibga muvofiq tariflarni belgilashga muvaffaq boʻlmagan boʻlsalar, u holda masala ushbu Bitim 18-moddasining qoidalariga muvofiq hal etish uchun Ahdlashuvchi Tomonlarga taqdim etiladi.
5. Ushbu moddaning qoidalariga muvofiq belgilangan tarif yangi tariflar belgilangunga qadar oʻz kuchida qoladi.
9-modda
Texnik xizmatlar koʻrsatish va yigʻimlar
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi shartlashilgan yoʻllardan foydalanishida oʻz hududida doimiy tayyoragoh(lar)ni va zaxira tayyoragoh(lar)ni belgilab qoʻyishi, shuningdek bu aviakorxonani shartlashilgan yoʻllardan foydalanishda zarur boʻladigan kommunikatsiya, navigatsiya, meteorologiya va boshqa xizmatlar bilan taʼminlashi kerak.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxona tayyoragohdan (shu jumladan undagi texnika uskunalari va boshqa vositalar hamda xizmatlardan), kommunikatsiya, navigatsiya va boshqa xizmatlardan foydalanganlik uchun olinadigan yigʻimlar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tegishli maʼmurlari belgilaydigan stavkalarga muvofiq, adolatli va oʻrinli boʻlishi kerak. Bunday stavkalar boshqa davlatlarning xuddi shunday xalqaro yoʻnalishlarda uchadigan, xuddi shunday uskuna, vositalar va xizmatlardan foydalanadigan havo kemalaridan olinadigan toʻlovlardan oshib ketmasligi kerak.
10-modda
Bojxona yigʻimlari
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasining xalqaro yoʻnalishlarda uchadigan havo kemalari, shuningdek ularning tasdiqlangan miqdordagi uskunalari, ehtiyot qismlari (shu jumladan dvigatellar), yoqilgʻi, moy zaxiralari (shu jumladan gidravlik suyuqliklar), moylash materiallari va kema ichidagi xuddi shunga oʻxshash havo kemalariga ortiladigan boshqa zaxiralar uchun, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar va tamaki mahsulotlari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududiga kelganda, basharti qayta olib ketilgunga qadar bu zaxiralar va materiallar havo kemasining ichida tursa, oʻzaro kelishuv asosida barcha turdagi boj puli, soliq, inspeksiyaviy yigʻim hamda boshqa soliq va poshlina toʻlashdan ozod qilinadi.
2. Koʻrsatilgan xizmatlar uchun olinadigan yigʻimlardan tashqari quyidagi uskunalar va materiallar:
a) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududiga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan avakorxonasining oʻzi yoki uning nomidan olib kirilgan yoxud birinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida havo kemasi ichiga ortilgan hamda xalqaro havo qatnovida foydalaniladigan havo kemalarida ishlatishga yoki ular isteʼmoligagina moʻljallangan tasdiqlangan miqdordagi uskunalar, ehtiyot qismlar (shu jumladan dvigatellar), yoqilgʻi, moy zaxiralari (shu jumladan gidravlik suyuqliklar), moylash materiallari va kema ichidagi boshqa zaxiralar uchun, basharti bu zaxiralar birinchi Ahdlashuvchi Tomon hududi uzra oʻtadigan yoʻnalishning bir qismida foydalaniladigan boʻlgan taqdirda ham;
b) bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi yoki uning nomidan xalqaro havo qatnovida foydalanilayotgan havo kemasiga texnikaviy xizmat koʻrsatish yoki taʼmirlash uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga olib kirilgan ehtiyot qismlar, shu jumladan dvigatellar uchun ham boj puli, soliq va yigʻimlar toʻlashdan ozod qilinadi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasining oʻzi yoki uning nomidan olib kirilgan tayyora chiptalari blankalari, yukxatlar va reklama materiallari uchun oʻzaro kelishuv asosida barcha turdagi boj puli, soliqlar, inspeksiyaviy yigʻimlar hamda shunga oʻxshash soliq va yigʻimlar toʻlashdan ozod qilinadi.
4. Ushbu moddaning 1 va 2-bandlarida zikr etilgan uskunalar va materiallarni boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga shu Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmurlari ruxsati bilan tushirish mumkin. Qayta olib chiqib ketilgunga yoki bojxona qoidalariga muvofiq boshqa joyga olib borish tayinlangunga qadar mazkur uskunalar va materiallar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona maʼmurlari kuzatuvi yoxud nazorati ostida saqlanishi lozim.
5. Ushbu moddaning 1 va 2-bandlarida nazarda tutilgan soliq olishdan ozod qilish, shuningdek basharti Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi shu hududga qarzga yoki shunchaki berish maqsadida ushbu moddaning 1 va 2-bandlarida zikr etilgan materiallar uchun soliq toʻlashdan ozod qilingan boshqa aviakorxona bilan tuzilgan bitim kuchga kirgan hollarda ham amal qiladi.
6. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududiga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi vakolatxonasining quyidagi vositalarini, basharti ular shu aviakorxonalar foydalanishi uchungina moʻljallangan ham joʻyali chegaradan oshib ketmaydigan miqdorda boʻlsa, chetdan olib kirishda boj puli hamda boshqa soliq va yigʻimlar toʻlashdan oʻzaro kelishuv asosida ozod qilinadi:
1) vakolatxonani jihozlash ashyo va uskunalari;
2) vakolatxona uchun transport vositalari;
3) tayyoragohda foydalanish uchun transport vositalari;
4) shahar bilan tayyoragoh oʻrtasida yoʻlovchilarni, ekipaj aʼzolarini va qoʻl yukini tashish uchun avtomobillardan boʻlak transport vositalari;
5) bronlashning elektron tizimlari va aloqa vositalari, shu jumladan ularning ehtiyot qismlari.
7. Tranzit yoʻsinida olib oʻtilayotgan qoʻl yuki va yuklarga, oʻzaro kelishuvga muvofiq koʻrsatilgan xizmat uchun olinadigan yigʻimlardan tashqari, boj puli, soliqlar, inspeksiyaviy yigʻimlar va shunga oʻxshash boshqa soliqlar solinmaydi.
11-modda
Vakolatxonalar
1. Shartlashilgan yoʻllardan foydalanishni taʼminlash uchun Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasiga oʻzaro kelishuvga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida belgilangan yoʻnalishdagi punkt(lar)da oʻz vakolatxonasini ochish huquqi beriladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalarining vakolatxonalari xodimlari Ahdlashuvchi Tomonlarning fuqarosi boʻlishlari lozim; bunday xodimlar soni har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida kelishiladi. Bu vakolatxonalar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning amaldagi qonunlari va qoidalariga muvofiq ish olib borishi kerak.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri kelishilgan yoʻnalishlardan samarali foydalanilishini taʼminlash uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi vakolatxonasiga va uning xodimlariga kerakli yordam beradi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari ekipajlari aʼzolari boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududigacha va uning hududidan uchishda birinchi Ahdlashuvchi Tomonning fuqarosi boʻlmogʻi lozim. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududigacha va uning hududidan uchishda fuqaroligi boshqa ekipaj aʼzolaridan foydalanish istagida boʻlsa, bu xususda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning roziligini olishi zarur.
12-modda
Soliq solish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida xalqaro yoʻllardan foydalanishdan olgan daromad va foydaga solinadigan barcha soliqlardan boshqa Ahdlashuvchi Tomon ozod qiladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri tayinlangan aviakorxonasining boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida turgan mol-mulkini boshqa Ahdlashuvchi Tomon barcha soliqlardan ozod qiladi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri tayinlangan aviakorxonasining boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi vakolatxonasining birinchi Ahdlashuvchi Tomon fuqarosi boʻlgan xodimlari oladigan maosh, ish haqi va shunga oʻxshash boshqa pullarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon barcha soliqlardan ozod qiladi.
13-modda
Ishlab topilgan mablagʻlarni bir Ahdlashuvchi Tomondan ikkinchisiga oʻtkazish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida olingan daromadlarini mazkur aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga oʻzaro kelishuv asosida oʻtkazish huquqiga ega boʻladi.
2. Daromadlarni bu yoʻsinda oʻtkazish mazkur daromadlarni oʻtkazish paytida valyutaning amaldagi kursi boʻyicha erkin almashtiriladigan valyutada amalga oshirilishi kerak.
3. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri oʻzining hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi olgan daromadlarni oʻtkazishga koʻmaklashmogʻi hamda mazkur aviakorxonaga tegishli tartib-qoidalarni bajarishda yordam bermogʻi lozim.
14-modda
Aviatsiya xavfsizligi
1. Ahdlashuvchi Tomonlar fuqaro aviatsiyasini gʻayriqonuniy aralashuv hodisalaridan himoya qilish yuzasidan bir-birlariga nisbatan zimmalariga olgan majburiyatlari ushbu Bitimning tarkibiy qismi ekanligini tasdiqlaydilar. Ahdlashuvchi Tomonlar xususan 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan havo kemalarida sodir etiladigan jinoyatlar va boshqa baʼzi harakatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan havo kemalarini gʻayriqonuniy ravishda egallab olishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiya hamda 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi qaratilgan gʻayriqonuniy harakatlarga qarshi kurash haqidagi Konvensiya qoidalariga muvofiq harakat qiladilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar havo kemalarini gʻayriqonuniy egallab olish hamda havo kemalari, ulardagi yoʻlovchilar va ekipajlar, tayyoragohlar va aeronavigatsiya vositalari xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarning, shuningdek fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga daxl etuvchi boshqa har qanday xavfning oldini olish yuzasidan iltimosga koʻra bir-birlariga barcha zarur yordamni beradilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti belgilaydigan hamda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaga doir ilovada belgilangan aviatsiya xavfsizligi qoidalariga va texnikaviy talablarga muvofiq ravishda bu qoidalar va talablarni Ahdlashuvchi Tomonlarga nisbatan qoʻllanishning maqbul darajasida harakat qiladilar; ular faoliyatining asosiy joyi yoki muqim turish joyi oʻz hududida boʻlgan havo kemalaridan foydalanuvchilardan hamda oʻz hududlaridagi xalqaro tayyoragohlardan foydalanuvchilardan aviatsiya xavfsizligining xuddi shunday qoidalari va talablariga muvofiq ravishda ish olib borishni talab qiladilar.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomon ana shu havo kemalaridan foydalanuvchilardan aviatsiya xavfsizligiga doir qoidalar va talablarga rioya etishni talab qilishi mumkinligiga rozi boʻladi. Bu qoidalar va talablarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon havo kemalarining oʻz hududiga kelishi, hududdan chiqib ketishi va hudud doirasida turishi uchun koʻzda tutadi. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri oʻz hududi doirasida havo kemalarini himoya qilish va yoʻlovchilarni, ekipajni, yoʻl xaltalarini, qoʻl yukini, yuk va havo kemasidagi zaxiralarni yoʻlovchilar chiqqunga qadar hamda yoʻlovchilar chiqayotgan yoki yuk ortilayotgan paytda tekshirish uchun zarur choralar koʻrilishini taʼminlaydi. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri aniq xavf paydo boʻlishi munosabati bilan maxsus xavfsizlik choralarini koʻrish toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomon qilgan har qanday iltimosiga xayrixohlik bilan qaraydi.
5. Fuqaro aviatsiyasi havo kemalarini gʻayriqonuniy egallab olish yoki havo kemalarining, ulardagi yoʻlovchilar va ekipajning, tayyoragohlar yoki aeronavigatsiya vositalarining xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlar bilan bogʻliq mojaro yuz berganda yoki shunday mojaro xavfi paydo boʻlganda Ahdlashuvchi Tomonlar bunday mojaroni yoki mojaro xavfini tez va bexatar bartaraf etish maqsadida aloqani osonlashtirish hamda tegishli choralar koʻrish yoʻli bilan bir-birlariga yordam beradilar.
15-modda
Hisob maʼlumotlari bilan taʼminlash
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlariga ularning iltimosiga binoan birinchi Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi shartlashilgan yoʻllarda bajaradigan tashish ishlari hajmini oʻrganish uchun kerakli hisob maʼlumotlarini beradilar. Bunday maʼlumotlar nomi zikr etilgan aviakorxona shartlashilgan yoʻllarda bajaradigan tashish ishlari hajmini aniqlash uchun talab etiladigan bor axborotni oʻz ichiga oladi.
16-modda
Maslahatlashuvlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlar yaqin hamkorlik va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash ruhida, ushbu Bitim shartlari toʻgʻri bajarilishi va qanoatlanarli tarzda qoʻllanishiga rioya etilishini taʼminlashlari kerak. Shu maqsadda Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari vaqti-vaqti bilan maslahatlashib turadilar.
2. Istagan Ahdlashuvchi Tomon xohlagan vaqtida boshqa Ahdlashuvchi Tomondan ushbu Bitim xususida maslahatlashuv oʻtkazishni soʻrashi mumkin. Bunday maslahatlashuv mumkin qadar qisqa muddat ichida, basharti kelishuvning boshqacha sharti belgilangan boʻlmasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomondan soʻrov olingan paytdan eʼtiboran oltmish kundan kechiktirmay, boshlanishi lozim.
17-modda
Qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish
1. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu Bitim yoki uning Ilovasi biron bir shartini oʻzgartirishni lozim topsa, u xohlagan vaqtida boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan maslahatlashuv oʻtkazishni talab qilishi mumkin; bunday maslahatlashuvlar aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida muzokaralar yoki yozishmalar yoʻli bilan oʻtkazilishi mumkin va maslahatlashuvlar, basharti Tomonlar muddatni choʻzish haqida ahdlashib olmagan boʻlsalar, boshqa Ahdlashuvchi Tomondan soʻrov olingan kundan eʼtiboran toʻqson kun ichida boshlanishi lozim.
2. Ushbu Bitim yoki uning Ilovasiga ushbu moddaning 1-bandida aytib oʻtilgan maslahatlashuvlar natijasida kelishib turib kiritilgan har qanday oʻzgartishlar diplomatiya yoʻllari orqali notalar ayirboshlash yoʻli bilan tasdiqlanganidan keyingina kuchga kiradi.
18-modda
Nizolarni hal qilish
1. Ushbu Bitimni talqin etish yoki qoʻllanishda yuzaga keladigan har qanday nizo eng avvalo har ikkala Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida bevosita muzokara olib borish yoʻli bilan hal etiladi.
2. Agar Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari nizoni hal eta olmasalar, masala diplomatiya yoʻllari bilan hal etiladi.
19-modda
Bitim amal qilishining toʻxtatilishi
Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri xohlagan vaqtida ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish istagi toʻgʻrisida ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonga diplomatiya yoʻllari orqali xabar qilishi mumkin. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday bildiruv olgan paytdan boshlab oʻn ikki oy oʻtganidan soʻng, basharti ikkala tomonning roziligi bilan ana shu aytilgan muddat ichida bildiruv chaqirib olinmasa, ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtatiladi.
20-modda
Bitimning kuchga kirishi
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Har biri oʻz Hukumati tomonidan lozim darajada vakolat bilan taʼmin etilgan quyida imzo chekuvchilar yuqorida bayon etilganlarning isboti tariqasida ushbu Bitimni imzoladilar.
Bitim 1994-yil 19-aprelda Toshkent shahrida ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, xitoy va ingliz tillarida tuzildi, har uchala matn bir xil kuchga ega. Bitim shartlarini talqin etish vaqtida tafovut chiqib qolgan hollarda ingliz tilidagi matn qoʻllanadi.
(imzolar)
ILOVA
Yoʻnalishlar tavsifi
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining tayinlangan aviakorxonasi uchun shartlashilgan yoʻllardagi marshrut, har ikkala yoʻnalishda:
Oʻzbekistondagi punktlar — Pekin va/yoki Urumchi — uchinchi mamlakat(lar)dagi punkt(lar) (Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida kelishib olinishi lozim).
2. Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatining tayinlangan aviakorxonasi uchun shartlashilgan yoʻllardagi marshrut, har ikkala yoʻnalishda:
Xitoydagi punktlar — Toshkent va/yoki Samarqand — uchinchi mamlakat(lar)dagi punkt(lar) (Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida kelishib olinishi lozim).
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari shartlashilgan yoʻllar aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonning hududidan boshlanib, shu hududning oʻzida tugagan taqdirda belgilangan yoʻnalishdagi istalgan punktni yoki barcha punktlarni qoldirib oʻtishi mumkin.
