Noqonuniy ravishda olib chiqilayotgan va olib kirilayotgan madaniy boyliklarni ushlash va qaytarish masalalari boʻyicha bojxona xizmatlari hamkorligi toʻgʻrisida
02.03.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Bundan buyon “Tomonlar” deb yuritiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati
madaniy boyliklarni olib chiqish, olib oʻtish va olib kirish xalqlarning madaniy merosiga zarar yetkazishini, ularni muhofaza etishga Tomonlarning bojxona va boshqa vakolatli idoralari koʻmaklashishi zarurligini taʼkidlab,
YUNESKOning 1970-yildagi Konvensiyasi nizomidagi madaniy boyliklarni noqonuniy ravishda olib chiqish, olib kirish va mulkchilik huquqiga berilishini taqiqlash hamda ogohlantirishga qaratilgan tadbirlarni eʼtiborga olib,
madaniy boyliklarni davlatlar chegaralaridan noqonuniy ravishda olib oʻtishga qarshi kurashni kuchaytirishga va bu sohada bojxona hamkorligini mustahkamlashga intilib,
quyidagilarga kelishdilar:
1-modda
Mazkur Bitim maqsadlari uchun qoʻllaniladigan atamalarning maʼnosi:
“bojxona xizmatlari” — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Bosh bojxona boshqarmasi va Rossiya Federatsiyasi Davlat bojxona qoʻmitasi;
“madaniy boyliklar” — Tomonlar arxeologiya, shu jumladan ibtidoiy davr, tarix, adabiyot, sanʼat va fan uchun ahamiyatga ega deb qaraydigan diniy yoki dunyoviy boyliklar;
“olib chiqilgan davlat” — madaniy boylik dastlab olib chiqilgan davlat — Oʻzbekiston Respublikasi yoki Rossiya Federatsiyasi;
“olib oʻtilgan davlat” — madaniy boylik olib chiqilgan davlatdan boshqa davlatlarga hududi orqali oʻtayotgan davlat — Oʻzbekiston Respublikasi yoki Rossiya Federatsiyasi;
“olib kirilayotgan davlat” — madaniy boyliklar olib kirilgan davlat — Oʻzbekiston Respublikasi yoki Rossiya Federatsiyasi;
“madaniy boylikni noqonuniy ravishda tashish” — madaniy boyliklarni mazkur Bitim shartlariga, Tomonlarning boshqa xalqaro majburiyatlari va qonunchiligiga xilof ravishda olib chiqish, olib kirish va olib oʻtish;
“madaniy boyliklarni qaytarish” — qonunga xilof ravishda tashilayotgani uchun ushlangan madaniy boyliklarni olib kirilgan davlat yoki olib oʻtilayotgan davlat tomonidan olib chiqilgan davlatga haqiqatda qaytarib berish.
2-modda
Madaniy boyliklar Tomonlarning qonunchiligida koʻzda tutilgan hollarda ruxsat etuvchi hujjatlar asosida olib chiqilishi mumkin.
Madaniy boyliklarni olib chiqishga ruxsat etuvchi hujjatlarni olib chiqilayotgan davlatning vakolatli idoralari beradi.
Tomonlarning bojxona xizmatlari mazkur Bitim kuchga kirgandan soʻng bir oy mobaynida bir-birlariga ruxsat etuvchi hujjatlar namunalarini va ularga qoʻyiladigan muhrlarning bosma nusxalarini taqdim etadilar hamda keyingi barcha oʻzgarishlar haqida bir-birlarini zudlik bilan xabardor qiladilar.
3-modda
Madaniy boyliklarni tashiyotgan jismoniy shaxslar yoki huquqiy shaxs vakillari ularda shunday buyumlar borligi haqida maʼlum qilishlari shart va ularni ruxsat etuvchi hujjatlar bilan birgalikda nazoratdan oʻtkazish uchun Tomonlarning bojxona idoralariga taqdim etishlari lozim.
4-modda
Tomonlar olib chiqishga ruxsat etuvchi hujjatlari boʻlmagan madaniy boyliklarni ushlash, bu haqda olib chiqilgan davlatni zudlik bilan xabardor etish va ularni oʻsha davlatga qaytarish choralarini koʻradilar.
Ruxsat etuvchi hujjatlari boʻlmagan madaniy boyliklarni tashigan shaxslar maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilgan hollarda bu boyliklarni olib chiqilgan davlatga qaytarish maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi tegishli qaror yoki hukm qonuniy kuchga kirganidan soʻng amalga oshiriladi.
5-modda
Tomonlar qaytarilgan madaniy boyliklarni topshirish va qabul qilib olish uchun oʻzlarining vakolatli vakillarini tayinlaydilar.
Tomonlarning bojxona idoralari ushlagan madaniy boyliklar bevosita vakolatli vakillarga qaytariladi.
Madaniy boyliklarni qaytarish bilan bogʻliq barcha eʼtirozlar olib chiqilgan davlat tomonidan koʻrib chiqiladi.
6-modda
Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish boʻyicha bir-birlariga oʻzaro begʻaraz yordam koʻrsatadilar.
Madaniy boyliklar qaytarilayotganda mazkur Bitimga muvofiq boj toʻlovlari olinmaydi.
7-modda
Tomonlar oʻzaro:
Tomonlarning qonunchiligiga muvofiq ruxsat etuvchi hujjatlar bilan chetga olib chiqilishi mumkin boʻlgan, shuningdek olib chiqilishi lozim boʻlmagan madaniy boyliklar haqida axborot;
madaniy boyliklarni qonunga xilof ravishda olib chiqish, olib oʻtish va olib kirishga qarshi kurash usullari toʻgʻrisida axborot;
madaniy boyliklarni olib chiqish, olib oʻtish va olib kirishga qarshi kurash masalalari boʻyicha eʼlon qilingan ilmiy ishlar va oʻquv qoʻllanmalari;
madaniy boyliklarni qonunga xilof ravishda olib chiqish, olib oʻtish va olib kirish usullari, shuningdek bunday ishlar bilan muntazam shugʻullanadigan shaxslar toʻgʻrisida axborot;
madaniy boyliklarni qonunga xilof ravishda olib chiqish va olib kirishga qarshi kurash boʻyicha tajriba orttirish maqsadida mutaxassislar almashadilar.
8-modda
Mazkur Bitim shartlari Tomonlarning boshqa xalqaro shartnomalarga muvofiq qabul etgan majburiyatlariga daxl qilmaydi.
9-modda
Mazkur Bitim belgilanmagan muddatga tuzildi va imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim Tomonlardan birining diplomatik aloqa orqali yozma ravishda ikkinchi Tomonni ogoh etishi bilan toʻxtatilishi mumkin. Ogoh etilgandan soʻng uch oy oʻtgach, Bitim oʻz kuchini yoʻqotadi.
Bitim 1994-yilning 2-martida Moskva shahrida ikki nusxada, oʻzbek va rus tilida, ikki nusxada tuzildi, uning har ikkala matni bir xil kuchga egadir.
(imzolar)
