11-modda. Baholash oʻtkazishning majburiyligi
Baholash faoliyati toʻgʻrisida (811-I-son) · Sana: 19.08.1999 · Amalda
Baholashni oʻtkazishni davlatga toʻla yoki umumiy mulk huquqida qisman qarashli baholash obyektlari bitim tuzishga jalb etilgan taqdirda, shu jumladan:
baholash obyektlarini xususiylashtirish, ishonchli boshqaruvga topshirish yoki ijaraga berish maqsadida ularning qiymati aniqlanayotganda;
baholash obyektlaridan garov narsasi sifatida foydalanayotganda;
baholash obyektlari sotilayotganda yoki oʻzga shaxsga boshqacha tarzda oʻtkazilayotganda;
baholash obyektlari bilan bogʻliq qarz majburiyatlaridan boshqaning foydasiga voz kechilayotganda;
baholash obyektlari yuridik shaxslarning ustav fondlariga ulush tariqasida berilayotganda majburiydir.
Davlat tashkiloti xoʻjalik jamiyati etib oʻzgartirilayotganda baholash talab etilmaydi.
Baholash oʻtkazish baholash obyektining qiymati toʻgʻrisida nizo chiqqan taqdirda ham, shu jumladan:
mol-mulk natsionalizatsiya qilinayotganda;
ipoteka krediti berilayotganda;
taraflardan birining talabiga binoan er-xotinning mol-mulki boʻlinayotganda;
mol-mulk mulkdorlardan jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olinayotganda yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqacha tarzda olib qoʻyilayotganda;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻgʻri toʻlanishi ustidan nazorat oʻtkazilayotganda majburiydir.
Ushbu moddaning amal qilishi davlat muassasalari va tashkilotlari oʻrtasida ularga operativ boshqarish huquqi asosida biriktirilgan mol-mulkni tasarruf etishda kelib chiqadigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
