Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 19-fevraldagi “Sogʻlom bola yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-2133-sonli qarori haqida (X-81/03-son)
12.03.2014
Qashqadaryo viloyati hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 19-fevraldagi “Sogʻlom bola yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-2133-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 9-son, 87-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 19-fevraldagi “Sogʻlom bola yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-2133-son qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Sogʻlom bola yili” viloyat dasturi 1-ilovaga;
dasturni muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasi tarkibi 2-ilovaga;
Qarshi shahar va tumanlarga biriktirilgan masʼullar 3-ilovaga;
dasturning har bir boʻlimi uchun masʼullar 4-ilovaga;
dastur ijrosi boʻyicha viloyat monitoring guruhi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qaroriga asosan “Sogʻlom bola yili” Davlat dasturini amalga oshirishda quyidagilar asosiy ustuvor yoʻnalishlar etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinib, ijroga yoʻnaltirilsin:
sogʻlom va har tomonlama barkamol avlodni shakllantirish uchun mavjud qonunchilik va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, bu borada tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan yangi qoida va meʼyorlarni ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratish;
sogʻlom bolaning dunyoga kelishi masalasiga avvalambor sogʻlom va ahil oilaning mevasi, mahsuli sifatida qarab, oilada oʻzaro hurmat va mehr-muhabbat, yuksak axloqiy va maʼnaviy qadriyatlar muhitini shakllantirish, yosh oilalarning oyoqqa turib olishi uchun moddiy yordam koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratish, avvalo, onalik va bolalik himoyasini taʼminlash, onaning salomatligini mustahkamlash, ayollarning oʻz qobiliyat va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi, ularning kundalik roʻzgʻor tashvishlarini yengillashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalariga ahamiyat berish;
sogʻlom bolani shakllantirish, goʻdaklarning kamchilik va nuqsonlarsiz tugʻilishi, boʻlajak kelin-kuyovlarning nikohdan oldin tibbiy koʻrikdan oʻtishida sogʻliqni saqlash tizimi va tibbiyot xodimlarining roli va masʼuliyatini oshirish, sogʻliqni saqlash sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, uni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, onalar va bolalar salomatligini himoya qilish bilan shugʻullanadigan tibbiyot muassasalarini malakali kadrlar bilan taʼminlash, homilador ayollar va chaqaloqlar uchun vitaminlar va mikroelementlar bilan boyitilgan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, aholi, ayniqsa, ota-onalarning tibbiy madaniyatini oshirish boʻyicha keng miqyosdagi axborot-tushuntirish ishlarini olib borish;
sogʻlom bolani shakllantirishda taʼlim-tarbiya tizimi va sportning rolini kuchaytirish, maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, ularni zamon talablariga muvofiq jihozlash, yuqori malakali pedagog va mutaxassislar bilan taʼminlash, bolalarni maktabga tayyorlash darajasini tubdan oshirish, boshlangʻich taʼlim sifatini yuksaltirish, ilgʻor pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish, sogʻlom turmush tarzini faol targʻib etish, bolalar, ayniqsa, qiz bolalar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportga mehr uygʻotish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish;
sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishda davlat va jamiyat tomonidan koʻrsatiladigan yordam va koʻmakni kuchaytirish, zamonaviy talablarga javob beradigan shart-sharoitlar yaratishni taʼminlash hamda mazkur jarayonlar uchun masʼul boʻlgan soha va muassasalarni rivojlantirishga qaratilgan mablagʻlardan foydalanishning samarasini oshirish, sogʻlom bolani tarbiyalash boʻyicha ilgʻor xalqaro tajribani keng oʻrganish va amalda joriy etish;
sogʻlom bolani, ayniqsa, qiz bolalarni tarbiyalab voyaga yetkazishda, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun ularga koʻmak berish, bolalarni turli toʻgaraklarga jalb etish, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha mahalla va boshqa jamoat tuzilmalarining rolini oshirish, huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, oila va jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni, oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, kam taʼminlangan oilalarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish borasida mahalla va jamoat tuzilmalarini masʼuliyatini kuchaytirish;
“Sogʻlom bola yili” Davlat dasturining maqsad va ahamiyati, unda belgilangan vazifalarning bajarilishining borishi toʻgʻrisida keng targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil qilish.
4. Dasturni muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasi, tuman (shahar) hokimliklari hamda 3-ilovaga asosan hududlarga biriktirilgan masʼullarga:
bir hafta muddatda shahar va tumanlar hokimliklarida “Sogʻlom bola yili” Davlat dasturini ijrosini taʼminlash boʻyicha hokimlar boshchiligida ishchi komissiyalar tashkil etib, Davlat dasturida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va soʻzsiz ijrosini taʼminlashda shaxsiy javobgarligini belgilash;
oʻn kun muddatda — viloyat tashkilot, korxonalar, idora hamda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan har bir idora, tashkilot, tuman (shahar) va aholi punktlari boʻyicha “Sogʻlom bola yili” Davlat dasturi yuzasidan hududiy va tarmoq dasturini ishlab chiqish va qabul qilish;
dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrib, bajarilgan ishlar toʻgʻrisida har oyning 20 sanasiga qadar viloyat monitoring guruhiga axborot taqdim qilib borish vazifalari yuklatilsin.
5. Viloyat Dasturining ijrosi boʻyicha 4-ilovaga muvofiq boʻlimlarga biriktirilgan masʼullarga oʻzlariga tegishli Dastur boʻlimlarida belgilangan vazifalar ijrosini doimiy nazoratga olib, amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish boʻyicha viloyat komissiyasiga va monitoring guruhiga maʼlumot kiritib borish topshirilsin.
6. Viloyat Monitoring guruhi, shahar va tumanlar hokimliklari, biriktirilganlar hamda Dastur boʻlimiga masʼullar tomonidan taqdim qilingan maʼlumotlar asosida, viloyat dasturining bajarilishi toʻgʻrisida Respublika Monitoring guruhiga har oyning 25-sanasiga qadar axborot taqdim qilib borsin.
7. Dasturni muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasi (E. Mamadiyorov, Gʻ. Djavliyev, A. Djurayev, A. Aripov, I. Karimova) har oyda bir marotaba oʻz yigʻilishlarida, dastur ijrosi boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida shahar va tumanlar hokimliklari hamda viloyat tashkilotlarini hisobotlarini eshitib, vujudga kelgan muammolarni bartaraf qilish choralarini koʻrsin.
8. Viloyat hokimligi tashkiliy-nazorat guruhi (A. Annayev) Dastur ijrosi boʻyicha har chorakda bir marotaba hokimlar hamda tegishli tashkilotlar rahbarlarining xalq deputatlari viloyat Kengashi yigʻilishlarida hisobotlarini eshitib borilishini tashkil qilsin.
9. Viloyat teleradiokompaniyasi (U. Nusurov) hamda boshqa ommaviy axborot vositalariga, viloyat Dasturining maqsad va vazifalari hamda unda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini keng yoritish tavsiya etilsin.
10. Ushbu qaror “Qashqadaryo” gazetasida rasman eʼlon qilinsin.
11. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Hokim Z. ROʻZIYEV
Qarshi sh.,
2014-yil 12-mart,
X-81/03-son
Viloyat hokimining 2014-yil 12-martdagi X-81\03-son qaroriga 1-ILOVA
“Sogʻlom bola yili” viloyat dasturi
Viloyat hokimining 2014-yil 12-martdagi X-81\03-son qaroriga 2-ILOVA
“Sogʻlom bola yili” viloyat dasturini muvofiqlashtiruvchi viloyat komissiyasi
TARKIBI
Viloyat hokimining 2014-yil 12-martdagi X-81\03-son qaroriga 3-ILOVA
“Sogʻlom bola yili” davlat dasturini ishlab chiqish hamda ijrosini taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha hududlarga biriktirilgan masʼullar
ROʻYXATI
Viloyat hokimining 2014-yil 12-martdagi X-81\03-son qaroriga 4-ILOVA
“Sogʻlom bola yili” viloyat dasturini har bir boʻlim uchun masʼul rahbarlar va ijrochi tashkilotlar
Viloyat hokimining 2014-yil 12-martdagi X-81\03-son qaroriga 5-ILOVA
“Sogʻlom bola yili” viloyat dasturi ijrosini monitoring qilish viloyat guruhi
TARKIBI
