Tumandagi ayrim mahalla va koʻchalarning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida (113/4-32-son)
02.05.2014
Qashqadaryo viloyati Xalq deputatlari Qarshi tumani Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 41-son, 448-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi 295-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 41-42 son, 483-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha viloyat komissiyasining 2014-yil 21-apreldagi VX-13-sonli, viloyat adliya boshqarmasining 2014-yil 1-maydagi xulosasi va tuman hokimining 2014-yil 23-apreldagi 01/506-sonli taklifini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha viloyat komissiyasining 2014-yil 21-apreldagi VX-13-sonli xulosasiga muvofiq tuman hokimining aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nom berish, ularning nomlarini oʻzgartirish hamda yangi koʻchalarga nom berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Tumanda nomlari oʻzgartiriladigan aholi punktlarining tarkibiy qismlarining roʻyxati hamda yangi nomlangan koʻchalar roʻyxati 1-ilovaga, oʻz nomida qoldiriladigan aholi punktlarining tarkibiy qismlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman statistika boʻlimi (S. Nishonov), tuman “Yermulkkadastr” xizmati DUK (F. Axmedov), tuman bosh meʼmori (J. Gʻaniyev) va boshqa tegishli mutasaddi davlat organlari, tuman hokimligi bilan birgalikda nomlari oʻzgartirilgan mahalla va koʻchalarni, shuningdek yangidan nomlangan koʻchalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va elektron bazani shakllantirish, ish yuritish hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritish bilan bogʻliq barcha tadbirlarni amalga oshirsinlar.
4. Tuman ichki ishlar boʻlimi (A. Saidov) nomlari oʻzgargan mahalla fuqarolar yigʻini va koʻchalarda yashovchi aholining fuqarolik pasportlariga, mazkur hudud aks ettirilgan yoʻl belgilariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish ishlarini tashkiliy ravishda amalga oshirsin.
5. Tuman bosh meʼmori (J. Gʻaniyev)ga hududlarda yangi nomlangan va nomlari oʻzgartirilgan aholi punktlarining tarkibiy qismlarining yangi nomlari yozilgan koʻrsatkich va belgilar, peshlavhalarni zamonaviy dizayn asosida bosqichma-bosqich oʻrnatilishini taʼminlasin.
6. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan xalq deputatlari tuman Kengashining 2013-yil 30-dekabrdagi 103/4-28-sonli qarori bekor qilinsin.
7. Mazkur qaror tuman “Naxshab” gazetasida rasman eʼlon qilinsin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari tuman Kengashining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish va yoshlar siyosati hamda sogʻlom avlodni tarbiyalash masalalari boʻyicha doimiy komissiya (D. Umarova) hamda Xalq deputatlari tuman Kengashining Qonuniylik, huquq-tartibot va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha doimiy komissiya (Z. Azizova) zimmalariga yuklatilsin.
Xalq deputatlari tuman Kengashining raisi J. BOBOYEV
Beshkent sh.,
2014-yil 2-may,
113/4-32-son
Xalq deputatlari tuman Kengashining 2014-yil 2-maydagi 113/4-32-sonli qaroriga 1-ILOVA
Qarshi tumanida nomlari oʻzgartiriladigan va yangidan nomlanadigan aholi punktlari
ROʻYXATI
Xalq deputatlari tuman Kengashining 2014-yil 2-maydagi 113/4-32-sonli qaroriga 2-ILOVA
Nomlari oʻzgarmaydigan geografik obyektlar
ROʻYXATI
