Qurilish sohasida hisobotni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (409-son)
24.09.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida” 2003-yil 6-maydagi PF-3240-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda qurilish sohasida hisobotni yanada takomillashtirish, birxillashtirish va maʼlumotlarni qisqartirish hisobiga bozor iqtisodiyoti talablariga javob beruvchi yagona hisobot tizimini barpo etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining kapital qurilishda hisobotlarning ilovaga muvofiq shakllarini birxillashtirish va qisqartirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Qiymat koʻrsatkichlari taqqoslanishini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi va Davlat statistika qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda asosiy sarmoyaga va qurilish ishlariga investitsiyalar boʻyicha narxlar indekslarini hisoblab chiqish metodikasini xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi:
qurilish sohasidagi davlat statistika hisobotini mazkur qarorning ilovasiga muvofiqlashtirsin va uning 2004-yil 1-yanvardan boshlab olib borilayotgan statistika ishlari amaliyotiga kiritilishini taʼminlasin;
ikki oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qurilish sohasidagi idoraviy statistika hisobotining amaldagi shakllarini ularning bozor talablariga muvofiqligi yuzasidan xatlovdan oʻtkazsin hamda ularni tartibga solish yoki bekor qilish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
2003-yil 1-dekabrgacha ilovada keltirilgan statistika hisoboti shakllari va ularni toʻldirishga doir yoʻriqnomalarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etsin.
4. Vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korporatsiyalar, boshqa xoʻjalik birlashmalari qurilish ixtisosligidagi korxonalar va tashkilotlar uchun boshqaruvning barcha darajalarida qonun hujjatlarida va mazkur qarorda nazarda tutilmagan qoʻshimcha hisobot shakllari joriy etilishiga yoʻl qoʻymasinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 24-sentabr,
409-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-sentabrdagi 409-son qaroriga ILOVA
Kapital qurilishdagi statistika hisobotining birxillashtiriladigan va qisqartiriladigan shakllari
ROʻYXATI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 17-18-son, 154-modda; 2012-y., 26-27-son, 293-modda)
