6-modda. Birjaning huquq va majburiyatlari
“Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-375-son) · Sana: 12.09.2014 · Amalda
Birja:
kotirovkalash, arbitraj, listing, nazorat va boshqa birja komissiyalarini tashkil etishga;
agar birja tovarlarining kotirovkalari (narxlari) birja tomonidan belgilangan chegaraviy miqdordan oʻzgarib ketsa, birja savdolarini toʻxtatishga;
qonunchilikka muvofiq tanlov, kimoshdi, koʻrgazma-yarmarka savdolarini, davlat xaridlari va korporativ xaridlarni tashkil etish hamda oʻtkazishga;
birja axborotnomalari, maʼlumotnomalari hamda boshqa axborot va reklama materiallarini chiqarishga haqli.
Birja qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Birja:
birja savdolarini tashkil etishi;
birja tovarlariga boʻlgan talab va taklifning nisbati asosida ularni kotirovkalashni (ularning narxini belgilashni) amalga oshirishi;
savdo maydonchalarida va seksiyalarda birja savdolari oʻtkazish joyi hamda vaqti toʻgʻrisida birja aʼzolarini oʻz vaqtida xabardor qilishi;
tuzilgan birja bitimlarining bajarilishini taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratishi;
birja aʼzolarining va ular mijozlarining oʻzaro majburiyatlarini belgilashni, aniqlashtirishni hamda hisobga olishni (kliring), shuningdek bankda ochilgan maxsus hisobvaraqlar orqali ular oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirishi;
birja, birja aʼzolari va ularning mijozlari pul mablagʻlarining alohida-alohida hisobini yuritishi;
muntazam ravishda (haftasiga kamida bir marta) oʻz rasmiy veb-saytida birja tovarlarining kotirovkalarini (narxlarini) joylashtirishi, shuningdek birja aʼzolarini har bir birja savdosining yakunlari toʻgʻrisida xabardor qilib borishi shart.
Birjaning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
