20-modda. Birja faoliyatini amalga oshirishdagi cheklovlar
“Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-375-son) · Sana: 12.09.2014 · Amalda
Birja quyidagilarga haqli emas:
ishlab chiqarish, savdo, savdo-vositachilik faoliyatini bevosita amalga oshirishga, shuningdek birja faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa yuridik shaxslarning muassisi (aksiyadori) boʻlishga, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
birja aʼzolarining va ular mijozlarining pul mablagʻlaridan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanishga, qonunchilikda va birja savdosi qoidalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Birjada:
birjaning kotirovkalash varagʻiga kiritilmagan birja tovarlarini muomalaga kiritishga;
birja aʼzolarining narxlarning sunʼiy ravishda oʻzgartirilishiga yoki qatʼiy qilib qoʻyilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan kelishilgan xatti-harakatlariga;
bozor konyunkturasini sunʼiy ravishda oʻzgartirishga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan notoʻgʻri va ataylab yolgʻon maʼlumotlarni tarqatishga;
birja savdolari oʻtkazilmagan holda birja aʼzolari oʻrtasida tuzilgan birja tovariga taalluqli bitimlarni birja tomonidan roʻyxatdan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
