Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalarni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (404-son)
17.09.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kapital qurilishda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida” 2003-yil 6-maydagi PF–3240-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalarni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, yuridik shaxslar tomonidan qurilish sohasidagi amaldagi qonun hujjatlariga, tasdiqlangan normativ hujjatlarga, standartlarga, qurilish normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsinlar, “Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga hamda ushbu Nizomga qatʼiy amal qilsinlar.
3. Vazirlar Mahkamasining “Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalarni undirish tartibini tasdiqlash haqida” 2001-yil 2-martdagi 106-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 3-son, 14-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari K.N.Toʻlaganov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 17-sentabr,
404-son
Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-sentabrdagi 404-son qaroriga ILOVA
Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalarni undirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Mazkur Nizom “Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq yuridik shaxslarga solinadigan jarimalarni qoʻllash tartibini belgilaydi.
2. Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va ular uchun yuridik shaxslarga jarimalar solish mazkur Nizomda nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi va uning oʻrinbosarlari — eng kam oylik ish haqining yuz baravarigacha miqdorda, shuningdek “Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-bandida nazarda tutilgan hollarda;
Hududiy arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari boshliqlari va hududiy arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyalari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari — eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda, “Qurilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa — eng kam oylik ish haqining besh yuz baravarigacha miqdorda jarimalar solish huquqiga ega;
4. Jarimalar yuridik shaxslar tomonidan jarima solish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan boshlab oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda toʻlanadi.
Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror uni qabul qilgan organ (mansabdor shaxs) tomonidan bajartiriladi.
Yuridik shaxslarga — tadbirkorlik subyektlariga jarima sud tartibida, ular huquqbuzarlik sodir etilganligini eʼtirof etgan va jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlagan hollarda esa — vakolatli organ tomonidan solinadi;
5. Tadbirkorlik subyektining oxirgi hisobot sanasidagi joriy aktivlari summasining 20 foizidan ortiq boʻlgan jarimalarni undirish unga undiriladigan summani undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab 6 oy mobaynida toʻlovlarni har oyda boʻlib-boʻlib toʻlash imkonini bergan holda amalga oshiriladi.
6. Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilinganda yoki norozi boʻlinganda qaror shikoyat yoki norozilik qoniqarsiz qoldirilgandan soʻng bajarilishi kerak. Bunday hollarda jarima shikoyat va norozilik qoniqarsiz qoldirilganligi toʻgʻrisida xabardor qilingan kundan boshlab oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda toʻlanishi kerak.
7. Jarima yuridik shaxslar tomonidan tegishli summalarni oʻtkazish yoʻli bilan toʻlanadi, ular quyidagi tartibda taqsimlanadi:
jarima summalarining 62 foizi Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga;
30 foizi — tumanlar va shaharlar budjetlariga;
8 foiz — “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi va unga idoraviy mansub hududiy davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasiga yoʻnaltiriladi.
8. Jarima muddatida toʻlanmagan taqdirda qaror sud hujjatlarini va boshqa organlar hujjatlarini bajarish uchun belgilangan tartibda majburiy bajartiriladi.
