Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan pulli asosda koʻrsatiladigan xizmatlar nomenklaturasini tuzish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2615-son)
12.09.2014
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI “OʻZARXIV” AGENTLIGI BOSH DIREKTORINING
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 12-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2615]
Oʻzbekiston Respublikasining “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-sonli qarori bilan tasdiqlangan Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan pulli asosda koʻrsatiladigan xizmatlar nomenklaturasini tuzish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Bosh direktor A. ABDULLAYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 25-avgust,
62-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi bosh direktorining 2014-yil 25-avgustdagi 62-sonli buyrugʻiga ILOVA
Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan pulli asosda koʻrsatiladigan xizmatlar nomenklaturasini tuzish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-sonli qarori bilan tasdiqlangan Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan pulli asosda koʻrsatiladigan xizmatlar nomenklaturasini (bundan buyon matnda xizmatlar nomenklaturasi deb yuritiladi) tuzish va tasdiqlash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
arxiv — arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi muassasa;
idoraviy arxiv — yuridik shaxsning arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi tarkibiy boʻlinmasi;
xizmatlar nomenklaturasi — arxiv yoki idoraviy arxiv tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga pulli asosda koʻrsatiladigan xizmat turlari roʻyxati.
2. Arxivlar va idoraviy arxivlar oʻz taʼsis hujjatlarida belgilab qoʻyilgan faoliyat turlari doirasida Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 5-apreldagi 101-sonli qarori bilan tasdiqlangan Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq bepul va pulli xizmatlar koʻrsatadi.
3. Mazkur Nizomning 1-ilovasidagi Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan pulli asosda koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxatida nazarda tutilgan xizmatlar arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan pulli asosda koʻrsatiladi.
4. Har bir arxiv yoki idoraviy arxiv tomonidan pulli asosda koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati ular tomonidan mazkur Nizomga muvofiq ishlab chiqiladigan xizmatlar nomenklaturasida koʻrsatilishi zarur.
2-bob. Xizmatlar nomenklaturasini tuzish
5. Xizmatlar nomenklaturasi mazkur Nizomning 1-ilovasidagi Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan pulli asosda koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati asosida tuziladi.
6. Muayyan xizmat turini xizmatlar nomenklaturasiga kiritish uchun:
tegishli xizmat turi arxiv yoki idoraviy arxivning taʼsis hujjatlarida belgilab qoʻyilgan faoliyat turlariga muvofiq boʻlishi;
arxiv yoki idoraviy arxiv tegishli xizmat turini sifatli amalga oshirish uchun zarur ilmiy-uslubiy salohiyatga va texnik jihozlarga ega boʻlishi talab etiladi, mazkur Nizomning 7-bandida belgilangan hollar bundan mustasno.
7. Arxiv yoki idoraviy arxiv muayyan xizmat turini sifatli amalga oshirish uchun zarur ilmiy-uslubiy salohiyatga va texnik jihozlarga ega boʻlmasa, boshqa tashkilotlarning ilmiy-uslubiy salohiyati va texnik jihozlaridan shartnoma asosida foydalangan holda pulli xizmatlar koʻrsatishi mumkin. Bunda ushbu xizmat turlari ham xizmatlar nomenklaturasiga kiritiladi.
8. Xizmatlar nomenklaturasi har kalendar yil uchun alohida tuziladi. Kelgusi kalendar yil uchun xizmatlar nomenklaturasi yil oxiriga qadar tasdiqlanishi lozim.
9. Xizmatlar nomenklaturasini har yili qayta tasdiqlashda arxiv yoki idoraviy arxivning taʼsis hujjatlarida, ilmiy-uslubiy salohiyati va texnik jihozlar bilan taʼminlanish darajasida yuz bergan oʻzgarishlarga muvofiq muayyan xizmat turlari xizmatlar nomenklaturasiga kiritiladi yoki undan chiqarib tashlanadi.
10. Muayyan xizmat turini amalga oshirish uchun buyurtmalar berilmaganligi mazkur xizmat turini xizmatlar nomenklaturasidan chiqarib tashlash uchun asos boʻlmaydi.
3-bob. Xizmatlar nomenklaturasini kelishish, tasdiqlash hamda unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
11. Oʻzbekiston milliy arxivlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar nomenklaturasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi bilan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahar markaziy davlat arxivlari, viloyat, shahar va tuman davlat arxivlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar nomenklaturasi tegishli arxiv ishi hududiy boshqarmalari bilan;
idoraviy arxivlar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar nomenklaturasi tashkilotning ekspert komissiyasi yoki markaziy ekspert komissiyasi bilan kelishiladi.
12. Kelishish uchun taqdim etilgan xizmatlar nomenklaturasiga pulli xizmatlar narxnomasi ilova qilinadi.
13. Kelishilgan xizmatlar nomenklaturasi tegishli arxiv yoki idoraviy arxiv rahbari yoxud uning vazifasini bajaruvchi shaxs tomonidan mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda tasdiqlanadi.
14. Arxiv yoki idoraviy arxivning taʼsis hujjatlarida, ilmiy-uslubiy salohiyati va texnik jihozlar bilan taʼminlanish darajasida oʻzgarish yuz berganda, xizmatlar nomenklaturasiga uni tasdiqlash tartibiga muvofiq tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi lozim.
4-bob. Yakuniy qoidalar
15. Arxivlar va idoraviy arxivlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligiga mazkur Nizomning 1-ilovasidagi Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan pulli asosda koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxatida nazarda tutilgan muayyan xizmat turining oʻz amaliy ahamiyatini yoʻqotganligi haqida yoki ushbu roʻyxatda nazarda tutilmagan yangi xizmat turini joriy etish zarurati haqida takliflar bilan murojaat qilishga haqli.
16. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan pulli asosda koʻrsatiladigan xizmatlar nomenklaturasini tuzish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan pulli asosda koʻrsatiladigan xizmatlar
ROʻYXATI
T/r Xizmatlar turi 1. Tashkilotlarning hujjatlarini tartibga keltirish 1. Fondlarga tarixiy maʼlumotnoma tuzish 2. Yigʻmajildlarni va hujjatlarni tartibga solish rejasini tuzish 3. Yigʻmajildlarni va hujjatlarni tizimlashtirish sxemalarini ishlab chiqish 4. Yigʻmajildlar va hujjatlarning fondga tegishliligini aniqlash va belgilash 5. Yigʻmajildlar va hujjatlarning qimmatliligini ekspertiza qilishga qadar tizimlashtirish 6. Hujjatlarning ilmiy-amaliy qimmatliligi ekspertizasini amalga oshirish (varaqma-varaq koʻrib chiqish, varaqma-varaq koʻrib chiqmasdan) 7. Tartibga keltirilmagan (tarqoq) hujjatlar toʻplamidan yigʻmajildlarni shakllantirish va ularni qaytadan shakllantirish 8. Yigʻmajildlarga sarlavha tuzish va hujjatlarga annotatsiya yoki qisqacha maʼlumot yozish 9. Yigʻmajildlardagi chizma qogʻozlarni buklab taxlash 10. Yigʻmajildlar varaqlarini tizimlashtirish 11. Ilmiy-texnikaviy hujjatlarni qismlar, loyiha bosqichlari, muammo bosqichlari boʻyicha tizimlashtirish 12. Chizma hujjatlarini yigʻmajild ichida tizimlashtirish 13. Yigʻmajildlar, hujjatlar va fotoalbomlarning ichki xatlovini tuzish 14. Yigʻmajildlar sarlavhalarini tahrir etish 15. Varaqchalarga arxiv belgilarini qoʻyib chiqish 16. Notoʻgʻri shakllangan (tikib qoʻyilgan) yigʻmajildlarni ajratish, hujjatlarni qisqichdan ajratish 17. Yigʻmajildlar va fotoalbomlardagi varaqlarni raqamlash 18. Fotoalbomdagi pozitivlarni raqamlash 19. Kinohujjatlarni komplekt boʻyicha ajratish 20. Kinohujjatlarni montaj stolida koʻrib chiqish 21. Raqamlangan varaqlarni tekshirish, qayta raqamlash 22. Yigʻmajildlar muqovasi yoki titul varaqlarini rasmiylashtirish 23. Tashkilot fondi ichida yigʻmajildlarni tizimlashtirish 24. Yigʻmajildlar muqovasiga arxiv raqamlarini qoʻyib chiqish 25. Yigʻmajildlarni kartonlashtirish va qayta kartonlashtirish 26. Yorliqlarni yozib chiqish va yopishtirish 27. Yigʻmajildlar roʻyxatini tuzish va rasmiylashtirish 28. Roʻyxatlarga ilmiy-maʼlumot apparatini tuzish (soʻzboshi, qisqartirilgan soʻzlar roʻyxati, koʻrsatgichlar va boshqalar) 29. Hujjatlarni stellajlardan ish joyiga tashish 30. Hujjatlarni changdan tozalash 31. Saqlash muddati tugagan hujjatlarga, topilmagan hujjatlarga, jismoniy zararlangan hujjatlarga dalolatnomalar tuzish 32. Bajarilgan ishlar dalolatnomasini tuzish 33. Alohida qimmatli hujjatlarni aniqlash 34. Tashkilot idoraviy arxivida hujjatlarning mavjudligi va holatini tekshirish 35. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini muddatidan ilgari davlat saqloviga qabul qilish 36. Idoraviy arxivlarda yetmish besh yil mobaynida saqlanishi lozim boʻlgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari, notarial harakatlar yozuvlari, shaxsiy tarkib boʻyicha hujjatlar, sud ishlari va xoʻjalik kitoblarini vaqtincha yoki muddatidan oldin davlat arxivlari saqloviga qabul qilish 37. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondiga kiritilmagan vaqtincha saqlanadigan hujjatlarini, tugatilayotgan tashkilotlar hujjatlarini arxivlarga saqlovga qabul qilish 38. Hujjatlarni (yigʻmajildlar roʻyxatlari, yigʻmajildlar nomenklaturasi, hujjatlar roʻyxatlari va boshqalar) elektron shaklda yozib chiqish 39. Elektron shaklda yozilgan hujjatlarni asli bilan solishtirib chiqish 2. Tashkilotlar ish yuritishida hujjatlarni tashkil etish boʻyicha ichki meʼyoriy va uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish va ularning hujjatlar bilan ishlash boʻyicha faoliyatini oʻrganish 40. Davlat saqloviga topshirilishi lozim boʻlgan hujjatlarning roʻyxatini tayyorlash 41. Davlat saqloviga topshirilishi lozim boʻlgan ilmiy-texnikaviy hujjatlar, loyihalar, muammolar (mavzu) roʻyxatini tayyorlash 42. Sohaviy va tarmoq roʻyxatlarini tuzish 43. Namunaviy, taxminiy va alohida yigʻmajildlar nomenklaturasini tayyorlash 44. Tashkilotning ish yuritish va arxiv ishini hamda idoraviy arxivni yalpi oʻrganish 45. Tashkilotlardagi arxiv ishi va ish yuritishni tashkil etish boʻyicha konsalting xizmati koʻrsatish 46. Tanlangan mavzu boʻyicha idoraviy arxiv faoliyatining ayrim yoʻnalishlari va tashkilotning ish yuritish xizmatini oʻrganish va yanada takomillashtirish yuzasidan tashkilotga tavsiyalar, maslahatlar berish 47. Tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarining idoraviy saqlovini tashkil etilishi toʻgʻrisida statistik hisobotlarni tuzish 48. Tashkilotning idoraviy arxivi va ekspert komissiyasi toʻgʻrisida nizomlarni ishlab chiqish 49. Ish yuritish boʻyicha yoʻriqnoma ishlab chiqish 50. Arxiv ishi va ish yuritish xodimlarining malaka oshirish masalalari boʻyicha oʻquv-darslari (seminar, trening) oʻtkazish 3. Hujjatlardan foydalanish 51. Shartnoma asosida amalga oshiriladigan arxiv ishi va xizmatlarini bajarish jarayonida arxiv saqlovxonasidan yigʻmajildlar, roʻyxatlar, mikrofilmlar, kino, foto, fono hujjatlarni olib berish 52. Alohida faktlar, voqealar, maʼlumotlarni aniqlash (tasdiqlash) boʻyicha mavzuli soʻrovlarni bajarish, shu jumladan kino, foto, fono hujjatlar asosida maʼlumotnomalar tayyorlash 53. Turar joylar, tashkilotlar tarixi boʻyicha tarixiy maʼlumotnomalar tayyorlash 54. Mulkiy huquqlar, evakuatsiya, nasl-nasablarni aniqlash (tasdiqlash) boʻyicha soʻrovlarni arxiv maʼlumotnomasi berish orqali ijro etish 56. Hujjatlarni mavzuli tanlab olish va toʻliq tayyorlab berish 57. Kino, foto, fono hujjatlar boʻyicha axborot mazmunidagi (yozma koʻrinishda) maʼlumotnoma berish 58. Radiotelekoʻrsatuvlar, koʻrgazmalar tayyorlash 59. Talab asosida mavzuli fotoalbomlar va videotasvirlar tayyorlash 60. Davlat arxivida ekskursiya oʻtkazish 61. Hujjatlarni mavzuli aniqlash, shu jumladan davriy nashrlar, kino, foto, fono hujjatlar asosida 62. Foydalanuvchilarga montaj varaqlarini oʻquv zalida koʻrib chiqish uchun berish va qabul qilib olish 63. Kinohujjatlarning kinozalda namoyishini tashkil etish 64. Fonohujjatlarni maxsus uskunada eshittirish 65. Turli negativlardagi plyonka va oyna, kinoplyonkalardan ularning foto nusxalarini koʻchirib tayyorlash 66. Hujjatlardan nusxa tayyorlash 67. Talab asosida maʼlumotlarni koʻrsatilgan manzilgacha yetkazib berish 4. Hujjatlar va kitoblarni taʼmirlash, tikish, muqovalash va ularga qayta ishlov berish ishlari 68. Hujjatlarni, shu jumladan kino, foto, fono hujjatlarni taʼmirlash 69. Foto hujjatlarga konservatsion-profilaktik ishlov berish 70. Fungitsid bilan kinohujjatlarga ishlov berish 71. Yigʻmajildlar va kitoblarni muqovalash 72. Yigʻmajildlarni tikishga tayyorlash va tikish 73. Quti, papka, konvertlar tayyorlash 5. Alohida xususiyatga ega boshqa xizmatlar 74. Arxiv hujjatlari, kitoblar va qoʻlyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish) 75. Raqamlashtirilgan (elektron nusxasi olingan) hujjatlarning elektron bazasini yaratish 76. Hujjatlarni mikrofilmlash 77. Hujjatlarning sugʻurta nusxalarini tayyorlash 78. Matni soʻnib borayotgan hujjatlarga ishlov berish 79. Matni soʻnib borayotgan hujjatlardagi axborotlarni tiklash 80. Jismoniy asosi tiklab boʻlmaydigan darajada shikastlangan hujjatlardagi axborotlarni tiklash 81. Fuqarolarning ismi, otasining ismi va familiyasiga tavsif tayyorlash 82. Shajaraviy maʼlumotlar toʻplab berish 83. Arab alifbosida yaratilgan turkiy, forsiy va arabcha hujjatlardagi matnlarni tarjima qilib berish 84. Arab alifbosida yaratilgan turkiy, forsiy va arabcha hujjatlardagi axborotlar boʻyicha annotatsiya maʼlumotlarini tayyorlab berish 85. Arxiv ishi va ish yuritish sohasiga oid qisqa muddatli (40 soatgacha hajmda) oʻquv kurslari tashkil etish
Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan pulli asosda koʻrsatiladigan xizmatlar nomenklaturasini tuzish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 37-son, 480-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.06.2021-y., 10/21/2615-1/0606-son, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 03.11.2023-y., 10/23/3469/0824-son)
