3-modda. Asosiy tushunchalar
Tijorat siri toʻgʻrisida (O‘RQ-374-son) · Sana: 11.09.2014 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
tijorat siri — uchinchi shaxslarga nomaʼlumligi sababli fan-texnika, texnologiya, ishlab chiqarish, moliya-iqtisodiyot sohalarida hamda boshqa sohalarda tijorat qimmatiga ega boʻlgan, qonuniy asosda erkin foydalanilmaydigan axborot boʻlib, ushbu axborot mulkdori uning maxfiyligini muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻradi;
tijorat sirining maxfiyligi — tijorat sirining tarqalib ketishi, oshkor etilishi va undan ruxsatsiz foydalanilishi xavfsizligi taʼminlanganligi holati;
tijorat sirining mulkdori — tijorat siriga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etishni amalga oshiruvchi va unga nisbatan tijorat siri rejimini oʻrnatgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
konfident — tijorat sirini uning mulkdori bilan tuzilgan shartnoma asosida egalik qilishga va foydalanishga olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
tijorat sirini oshkor etish — tijorat sirini tashkil etuvchi axborotning uchinchi shaxslarga bunday axborot mulkdorining yoki konfidentning roziligisiz yoxud mehnat shartnomasi (kontrakt) yoki fuqarolik-huquqiy shartnomaga xilof ravishda, mumkin boʻlgan har qanday shaklda (ogʻzaki, yozma, boshqa shaklda, shu jumladan texnika vositalaridan foydalangan holda) maʼlum boʻlib qolishiga olib keladigan harakat yoki harakatsizlik;
tijorat siri rejimi — tijorat siridan foydalanishni cheklaydigan huquqiy, tashkiliy, texnik va boshqa chora-tadbirlar tizimi.
