Qishloq xoʻjaligi sohasida texnik hamkorlik qilish toʻgʻrisida
16.02.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
oʻzaro tushunish Memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati (bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar),
Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish ikkala mamlakat xalqlari va butun insoniyat uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini hisobga olib,
Qishloq xoʻjaligida ishlab chiqarish, texnika va qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi zamonaviy bilim va texnologiyani qishloq xoʻjaligidagi ilmiy-tadqiqot va yangiliklar kiritishga nisbatan koʻllash istagida,
Qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikning rivojlanishi ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni yanada yaxshilanishiga koʻmaklashishga ishongan holda,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida ilmiy va texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi 1992-yil 17-iyunda imzolangan Bitimga muvofiq,
Quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar qishloq xoʻjaligi sohasida oʻzaro manfaat, tenglik va bahamjihatlik asoslarida hamkorlikni rivojlantiradilar va amalga oshiradilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar kuyidagi yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadilar:
1. Asosiy qishloq xoʻjalik mahsulotlarini ishlab chiqarishni va isteʼmol qilishni rejalashtirish yoki oldindan moʻljallash.
2. Oʻsimlikshunoslik, jumladan genetika, seleksiya, oʻsimliklar muhofazasi, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish.
3. Chorvachilik va parrandachilik, jumladan genetika, koʻpaytirish, oziqlantirish fiziologiyasi, naslchilik ishlari, kasalliklardan himoya qilish, chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqish sanoatining usullari va qayta ishlash.
4. Yerni tekshirish va undan foydalanish, jumladan tuproq eroziyasiga qarshi kurashish boʻyicha tadbirlar va sanoatni tatbiq qilish tufayli buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish.
5. Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash, jumladan yangi mashinalarni tatbiq qilish va sinash xamda bu sinovlar, asbob-uskuna va texnologiyalar va shuningdek texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar bilan almashish.
6. Qishloq xoʻjaligiga oid moddiy resurslardan, shu jumladan, oʻgʻitlar, energiya (yoqilgʻi, neft mahsulotlari, elektrenergiyasi), qishloq xoʻjaligidagi kimyoviy oʻgʻitlardan foydalanish.
7. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va konservalash, jumladan ozuqa ishlab chiqish texnologiyasi.
8. Qishloq xoʻjaligida matematik usullar va EXMni qoʻllash, jumladan qishloq xoʻjaligi korxonalarini matematik modellashtirish.
9. Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq hamkorlikning boshqa yoʻnalishlari.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshirilishi mumkin:
1. Olimlar, mutaxassislar, talabalar, stajorlar almashuvi.
2. Ikki tomonlama simpozium va konferensiyalarni tashkillashtirish.
3. Ilmiy-texnikaviy va iqtisodiy axborot bilan almashuv.
4. Oʻzaro manfaatli mavzular boʻyicha qoʻshma loyihalar va dasturlarni rejalashtirish, ishlab chiqish va amalga oshirish.
5. Oʻsimlik genofondi, urugʻlar va tirik ashyolar bilan almashish.
6. Hayvonlar, biologik materiallar, qishloq xoʻjaligidagi kimyoviy oʻgʻitlar, yangi mashinalarning namunalari, asbob-uskuna va ilmiy jihozlar bilan almashish va
7. Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq hamkorlikning boshqa shakllari.
4-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar, mazkur Memorandumning bajarilishiga koʻmaklashish maqsadida ikki mamlakatning hukumat va nohukumat muassasalari, ilmiy tekshirish muassasalari xamda boshqa tashkilotlari va firmalari oʻrtasidagi hamkorlikni va toʻgʻridan toʻgʻri aloqalarni tegishli tarzda ragʻbatlantiradilar va rivojlanishiga yordamlashadilar, shuningdek, ushbu Memorandumga muvofiq aniq loyihalar va dasturlarni bajarish yuzasidan kerakli boʻlgan amaliy bitimlar yoki kontraktlar tuzadilar.
2. Hamkorlikning samarali rivojlanishini taʼminlash uchun har bir Tomon ushbu Memorandum koʻzda tutgan birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa Tomonning muassasalari va tashkilotlariga olimlar va mutaxassislarning borishlariga koʻmaklashish boʻyicha saʼy-harakat qiladi.
3. Ushbu Memorandum doirasidagi hamkorlik har bir Tomonning qonunlari va huquqiy aktlariga muvofiq amalga oshiriladi. Mazkur memorandumdagi hech bir narsa Tomonlar oʻrtasidagi amaldagi har qanday bitimlarga xilof yoki oʻzgartish sifatida talqin qilinmasligi lozim.
5-modda
1. Mazkur Memorandumni roʻyobga chiqarish uchun qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik qilish boʻyicha oʻzbek-koreys Qoʻshma Komissiyasi tuziladi. Qoʻshma Komissiya oʻz yigʻilishlarini vaqti va kun tartibini oldindan kelishib olib navbati bilan Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasida oʻtkazib turadi.
2. Qoʻshma Komissiya hamkorlikning loyiha va dasturlarini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi, ularni amalga oshirish tartibini oʻrnatadi, hamkorlik doirasida qoʻshma tadbirlar bajarilishiga masʼul tegishli muassasalar va tashkilotlarni belgilaydi va kerak boʻlganda, Tomonlar uchun tavsiyalar tayyorlaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi va Koreya Respublikasi tomonidan Qishloq xoʻjaligi, oʻrmonchilik va baliqchilik vazirligi qoshidagi qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha boshqarmasi ushbu Memorandumni bajarish yuzasidan bosh idoralar boʻlib hisoblanadi.
4. Tegishli mamlakatlardagi bosh idoralar ushbu Memorandumga muvofiq faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq talablarga mos ravishda muassasalar va tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtiradilar va unga yordam beradilar.
6-modda
1. Ushbu Memorandum imzolangan kundan kuchga kiradi va besh (5) yil mobaynida amal qiladi. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu muddat tugashidan olti (6) oy oldin uni toʻxtatish toʻgʻrisidagi istagini boshqa Ahdlashuvchi Tomonga bildirmasa, Memorandum muddati oʻz-oʻzidan kelasi besh (5) yillik muddatlarga uzayaveradi.
2. Ushbu Memorandumga ikkala Tomonning oʻzaro roziligi bilan istagan vaqtda oʻzgartishlar kiritilishi mumkin.
3. Ushbu Memorandum amal qilishining toʻxtashi, uning asosida tuzilgan amaliy bitimlar va kontraktlarning amalda boʻlishiga taʼsir qilmaydi.
Seul shahrida 1995-yil 16-fevralda ikki nusxada, har biri oʻzbek, koreys va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng kuchga ega. Matnlarni talqin etishda tafovut boʻlganda ingliz tilidagi matn ustuvorlik qiladi.
(imzolar)
