Tuman mahalliy budjetining 2013-yildagi ijrosi hamda 2014-yildagi mahalliy budjeti toʻgʻrisida (IV-25/68-son)
03.02.2014
Qashqadaryo viloyati Xalq deputatlari Yakkabogʻ tuman kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi SQ-399-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi, xalq deputatlari viloyat Kengashining 2013-yil 28-dekabrdagi IV/38-124-sonli “Viloyat mahalliy budjetining 2013-yildagi ijrosi hamda 2014-yilgi budjet parametrlari toʻgʻrisida”gi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-2099-son qaror (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2013-y., 52-son, 690-modda)lariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-2099-son va xalq deputatlari viloyat Kengashining 2013-yil 28-dekabrdagi IV/38-124-sonli “Viloyat mahalliy budjetining 2013-yildagi ijrosi hamda 2014-yilgi budjet parametrlari toʻgʻrisida”gi qarorlari rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. 2013-yil tuman mahalliy budjetining kutilayotgan ijrosi boʻyicha Yakkabogʻ tuman hokimligi moliya boʻlimi (N. Moʻminov)ning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. 2014-yil tuman mahalliy budjetining daromadlari, yuqori budjetdan beriladigan maqsadli subvensiyalar hamda daromadlar bilan birga jami 91881123 ming soʻm va xarajatlari 91881123 ming soʻm miqdorida tasdiqlansin.
4. Xalq deputatlari Yakkabogʻ tuman Kengashining doimiy komissiyalari, tuman hokimligi moliya boʻlimi budjetga toʻlovlarning toʻliq toʻlanishi, nazarda tutilgan xarajatlar miqdorining budjetdan oʻz vaqtida va toʻliq moliyalashtirilishi hamda davlat mablagʻlaridan belgilangan maqsadlarda foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishini taʼminlasinlar.
5. Xalq deputatlari Yakkabogʻ tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiya tuman hokimligi moliya boʻlimi bilan tumanning 2014-yil budjeti ijrosining borishi toʻgʻrisida xalq deputatlari tuman Kengashi sessiyalariga axborot kiritib borsin.
6. Xalq deputatlari Yakkabogʻ tuman Kengashining 2013-yil 30-dekabrdagi IV-25/66-sonli qarori bekor qilingan hisoblansin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish xalq deputatlari tuman Kengashining mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi hamda tuman hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B. Doverov zimmasiga yuklatilsin.
8. Mazkur qaror “Yakkabogʻ ovozi” gazetasida rasman eʼlon qilinsin.
Xalq deputatlari tuman Kengashining raisi A. JOʻRAYEV
Yakkabogʻ sh.,
2014-yil 3-fevral,
IV-25/68-son
