Havo qatnovi toʻgʻrisida
17.12.1993
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tailand Qirolligi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tailand Qirolligi Hukumati,
Oʻzbekiston Respublikasi va Tailand Qirolligi 1944-yil yettinchi dekabrda Chikagoda imzolash uchun ochilgan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaning aʼzolari ekanligini hisobga olib, va
Oʻzlarining tegishli hududlari oʻrtasida va hududlaridan tashqarida havo qatnovini yoʻlga qoʻyish maqsadida yuqorida uqtirib oʻtilgan Konvensiyaga qoʻshimcha ravishda Bitim tuzish istagida,
Quyidagilar xususida ahdlashib oldilar:
1-modda
Atamalar
1. Arap matnda boshqa mazmun koʻzda tutilmagan boʻlsa, ushbu Bitimning maqsadlari yoʻlida:
a) “Konvensiya” atamasi 1944-yil yettinchi dekabrda Chikagoda imzolash uchun ochilgan Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyani anglatadi va unga ushbu Konvensiyaning 90-moddasiga muvofiq kiritilgan har qanday ilovani hamda har ikkala Ahdlashuvchi Tomonga eʼtirof etish qay darajada maqbul kelishiga qarab, Konvensiyaning 90 va 94-moddalariga muvofiq ilovalarga va Konvensiyaga kiritilgan har qanday tuzatishni oʻz ichiga oladi;
b) “aviatsiya maʼmurlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan Fuqaro Aviatsiyasi Bosh direktorini, Tailand Qirolligiga nisbatan esa Transport va aloqa vazirini, yoki har ikkala Tomonga nisbatan yuqorida uqtirib oʻtilgan maʼmurlar bajaradigan ishlarni amalga oshirish vakolati berilgan har qanday shaxs yoki tashkilotni anglatadi;
c) “tayinlangan aviakorxona” atamasi bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimning 6-moddasiga muvofiq shartlashilgan havo yoʻllaridan foydalanish uchun tayinlangan aviatsiya korxonasini anglatadi;
d) “tarif” atamasi yoʻlovchi, yoʻlovchi yuki va yuklarni tashish uchun toʻlanadigan qiymatlarni va bu qiymatlar qoʻllaniladigan tartib-qoidalarni anglatadi va oʻz ichiga tashuvga doir hujjatlarni sotganlik uchun yoki vakillik uchun qoʻshimcha xizmat va vositachilik haqini oʻz ichiga oladi, biroq pochtani tashiganlik uchun toʻlanadigan haq va tartib-qoidalari bundan mustasno.
2. Ilova ushbu Bitimning ajralmas qismidir. Basharti, boshqa izohot berilmagan boʻlsa, ushbu Bitimga asos sifatida murojaat etilgan barcha hollarda Ilova ham nazarda tutiladi.
2-modda
Huquqlar berish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga Ilovada koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha havo yoʻllaridan foydalanish maqsadida ushbu Bitimda tavsiflangan huquqlarni beradi. Bunday yoʻllar va yoʻnalishlar bundan buyon matnda “shartlashilgan yoʻllar” va “belgilangan yoʻnalishlar” deb ataladi.
2. Ushbu Bitimning qoidalariga muvofiq har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi xalqaro havo yoʻllaridan foydalanish chogʻida:
a) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidan qoʻnmagan holda uchib oʻtish;
b) belgilangan hududda tijoratga taalluqli boʻlmagan maqsadda qoʻnish;
c) ushbu Bitim Ilovasida koʻrsatib oʻtilgan hududdagi belgilangan manzillarda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi manzillarga borish yoki undan kelish uchun moʻljallangan yoʻlovchilar, yoʻlovchi yuki, yuk va pochta olish yoki tushirish;
d) ushbu Bitimning Ilovasida koʻrsatilgan uchinchi mamlakatlarning hududlaridagi manzillarda ushbu Bitimning Ilovada koʻrsatilgan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi belgilangan manzillarga borish yoki kelish uchun moʻljallangan yoʻlovchilar, yoʻlovchi yuki va yuk yoki pochtani olish va tushirish huquqlaridan foydalanadi.
3. Ushbu modda 2-bandining hech qaysi qoidasi bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga haq evaziga yoki yollanish yoʻli bilan havo kemasiga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi bir manzildan ikkinchi manzilga borish uchun muljallangan yoʻlovchilar, yoʻlovchi yuki, yuk yoki pochta olish huquqini beradi deb qaralmasligi lozim.
4. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi harbiy ixtilof, tabiiy ofat, siyosiy tartibsizliklar yoki vayronagarchilik xarakatlari oqibatida belgilangan yoʻnalish boʻyicha parvozlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlmasa, ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon tegishli chora-tadbirlar koʻrish orqali ana shu yoʻnalishlar boʻyicha havo yoʻllaridan foydalanish uchun oʻzining barcha imkoniyatlarini ishga soladi.
3-modda
Huquqlardan foydalanish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga shartlashilgan yoʻllardan foydalanish vaqtida bir Ahdlashuvchi Tomonning hududida qatnovlarni olish va boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida tushirish yoki aksincha holatda tashish uchun haqqoniy va teng imkoniyatlar yaratib beriladi va bu mazkur yoʻnalish boʻyicha manzillarda boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga yoki hududidan qatnovlarni olish yoki tushirishga qoʻshimcha sifatida qaraladi. Tayinlangan aviakorxona boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida ortiladigan va belgilangan yoʻnalishdagi manzillarda tushiriladigan yoki aksincha, manzillar oraligʻidagi yoʻnalishda tashiladigan yuklar hajmini taʼminlashda eng avvalo ana shu boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasining manfaatlariga noodil ziyon yetkazmaslikni nazarda tutgan holda ish koʻradi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning shartlashilgan yoʻllarda parvozlarni amalga oshiruvchi tayinlangan aviakorxonasining tashuv hajmi belgilangan yoʻnalishlardagi tashuvga boʻlgan ehtiyojlarga muvofiq kelishi va har bir aviakorxona oʻzi tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon hududida chiqarilgan yoki tushirilgan yoʻlovchilar, yoʻlovchi yuki, yuk va pochta tashishga boʻlgan ehtiyojni qondirish uchun yetarli hajm taʼminlanishini oʻz oldiga birinchi navbatdagi vazifa qilib qoʻyishi lozim.
3. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida havo kemasiga chiqariladigan va uchinchi mamlakatlar hududida havo kemasidan tushiriladigan yoʻlovchilarni, yuk va pochtani belgilangan yoki aksincha, manzillar oraligʻidagi yoʻnalishda tashish shartlari hajmi:
a) aviakorxonani tayinlangan Ahdlashuvchi Tomon hududida havo kemasiga chiqariladigan yoki undan tushiriladigan tashuvlarga boʻlgan ehtiyojga;
b) aviayoʻnalishlar oʻtadigan joyning tashuvlarga boʻlgan ehtiyojiga (bunda ana shu joydagi mamlakatlar aviakorxonalari belgilagan boshqa aviayoʻnalishlar hisobga olinadi); va
c) tranzit tashuvlar iqtisodiy ehtiyojiga bogʻliq boʻlishdan iborat boʻlgan umumiy qoidaga muvofiq kelishi lozim.
4. Tashuvning boshlamasida taʼminlanishi lozim boʻlgan hajmni shartlashilgan yoʻllar ochilguniga qadar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro kelishib oladilar. Keyinchalik esa taʼminlanishi lozim boʻlgan hajm Ahdlashuvchi Tomonlar aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida vaqti-vaqti bilan muhokama qilinib, oʻzaro kelishilgan hajmga doir har qanday oʻzgarishlar Notalar almashish orqali tasdiqlanishi lozim.
4-modda
Qonunlar va qoidalarning qoʻllanilishi
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining xalqaro parvozni amalga oshirayotgan havo kemasining oʻz hududiga uchib kelishi yoki undan joʻnab ketishini yoxud bu havo kemasining oʻsha hudud ustidan parvozlarini tartibga soluvchi qonun va qoidalari ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga nisbatan ham qoʻllanadi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining oʻz hududiga yoʻlovchilar, ekipaj, yoʻlovchi yuki, yuk yoki pochta kelishi, unda boʻlib turishi, hamda undan joʻnab ketishini tartibga soluvchi qonun va qoidalari, xususan immigratsiya va muhojirlik, shuningdek bojxona va sanitariyaga taalluqli qoidalari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga qarashli havo kemasining uqtirib oʻtilgan hudud doirasida boʻlib turishi vaqtida undagi yoʻlovchilar, ekipaj, yoʻlovchilar yuklari, yuk va pochtaga nisbatan ham qoʻllanadi.
3. Hech qaysi bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddada nazarda tutilgan qonunlar va qoidalarning qoʻllanilishida oʻz aviakorxonasiga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga nisbatan hech qanday imtiyoz bermaydi.
5-modda
Aviatsiya xavfsizligi
1. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro qonunlardan kelib chiqadigan oʻz huquqlari va majburiyatlariga muvofiq gʻayriqonuniy aralashuv hatti-harakatlaridan fuqaro aviatsiyasining xavfsizligini taʼminlashga doir bir-birlariga nisbatan zimmaga oladigan oʻzaro majburiyatlari ushbu Bitimning ajralmas qismi ekanligini tasdiqlaydilar. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro qonunga doir oʻz huquqlari va majburiyatlarining umumiy yoʻnalishlarini cheklamagan holda, 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo kemalarida sodir etiladigan jinoyatchilik va boshqa harakatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo kemalarini gʻayriqonuniy ravishda egallab olishga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiya, hamda 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi kurash haqidagi Konvensiya qoidalariga muvofiq harakat qiladilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarining iltimosiga koʻra havo kemasini gʻayriqonuniy tutqun qilishning havo kemasiga, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, tayyoragohlar va qatnovni taʼminlash vositalariga xavf tugʻdiruvchi boshqa gʻayriqonuniy hatti-harakatlarning, shuningdek, fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid qilishning har qanday koʻrinishi oldini olishda bir-birlariga koʻmak beradilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida oʻzlariga maqbul keladigan darajada Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti tomonidan belgilangan va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi boʻyicha Konvensiyaga Ilovalarda tavsiflangan aviatsiya xavfsizligi tartiblariga muvofiq ish koʻradilar, ular asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz hududlarida joylashgan havo kemalarining va xalqaro tayyoragohlarning foydalanuvchilaridan aviatsiya xavfsizligining yuqoridagi qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarinn talab qiladilar.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri havo kemasidan foydalanuvchilarga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Tomon havo kemasi oʻz hududi chegaralariga kirib kelayotganida, undan chiqib ketayotganida yoki unda boʻlib turgan vaqtida ushbu moddaning 3-bandida uqtirilgan qoidalarga rioya etilishi maqsadida zarur talablarni qoʻyishi mumkin. Har bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemalarini himoya qilish va yoʻlovchilarni, ekipaj aʼzolarini, yoʻlovchi yuki, yuklar va roʻyxatdagi mulkni ortish va tushirish vaqtida tekshirish uchun oʻz hududi doirasida samarali chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlaydi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, basharti, aniq tahdid mavjud boʻlsa, oqilona doiralarda xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan maxsus chora-tadbirlar koʻrishga doir iltimoslarini ham hayrihohlik bilan qarab chiqadi.
5. Basharti, fuqaro havo kemasi tutqun qilib olinsa yoki uni tutqun qilish tahdidi mavjud boʻlsa yoki havo kemasi, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, tayyoragohlar va qatnovni taʼminlash vositalari xavfsizligiga boshqa gʻayriqonuniy hatti-harakatlar bilan tahdid qilinsa, Ahdlashuvchi Tomonlar aloqani yengillatish orqali bir-birlariga turlicha koʻmak beradilar va bunday koʻngilsizlik yoki tahdidga jadal, hamda beshikast barham berishning barcha zarur chora-tadbirlarini koʻradilar.
6-modda
Aviakorxonani tayinlash va parvozga doir ruxsatnoma berish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha shartlashilgan yoʻllardan foydalanish maqsadlarida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma tarzda xabardor etgan holda bir yoki bir necha aviakorxona tayinlash, shuningdek, bunday tayinlashni bekor qilish yoki oʻzgartirish huquqiga ega boʻladi.
2. Bunday tayinlash toʻgʻrisidagi xabarni olganidan keyin boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu Moddaning 3 va 4-bandlari qoidalariga muvofiq tayinlangan aviakorxona yoki aviakorxonalarga parvozlar uchun darhol tegishli ruxsatnoma beradi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasidan u xalqaro havo yoʻllaridan foydalanish chogʻida Chikago Konvensiyasining qoidalariga muvofiq odatda va oqilona tatbiq etiladigan qonunlar va qoidalarda koʻrsatilgan shartlarni bajarishga qodir ekanligini isbotlovchi dalillarni talab qilishga haqlidir.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri aviakorxonaga ustun egalik qilish va uning faoliyati ustidan haqiqiy nazorat qilish huquqi aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga, uning organlari yoki fuqarolariga qarashli ekanligini isbotlovchi dalillarga ega boʻlmagan har qanday holda, boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu Moddaning 2-bandida koʻrsatilgan parvozlarga ruxsat berishni rad etishi yoki tayinlangan aviakorxona ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanayotganida bajarishi zarur deb hisoblaydigan shartlar ijro etilishini talab qilish huquqiga egadir.
5. Yuqoridagi bandlarda koʻrsatilgan tarzda tayinlagan hamda ruxsatnoma berilgan aviakorxona ushbu Bitimning talablarini bajarish sharti bilan istalgan vaqtda havo yoʻllaridan foydalanishni boshlashi mumkin.
7-modda
Parvozga doir ruxsatnomalarni bekor qilish yoki amalda toʻxtatib qoʻyish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon, basharti:
a) aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish yoki uning ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish ushbu aviakorxonani tayinlangan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga qarashli ekanligiga komil ishonchda boʻlmasa, yoxud
b) uqtirib oʻtilgan aviakorxona huquq bergan Ahdlashuvchi Tomonning qonun va qoidalariga rioya etmasa yoki ularni buzsa, yoxud
c) uqtirib oʻtilgan aviakorxona shartlashilgan yoʻllarda ushbu Bitim qoidalariga muvofiq parvozlarni amalga oshirolmayotgan boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga berilgan parvozga doir ruxsatnomalarni bekor qilish yoki ushbu Bitimning 2-moddasida uqtirilgan huquqlardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish yoki bunday huquqlardan foydalanishda oʻzi zarur deb bilgan shartlar bajarilishini talab qilish huquqiga ega boʻladi.
2. Agar huquqlarni bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish yoki ushbu moddaning 1-bandi shartlari bajarilishini talab qilish qonun va qoidalarning bundan buyon yana buzilishi oldini olish uchun zarur ogohlantirish deb topilmasa, bunday huquqdan Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi maslahatlashuvlardan soʻnggina foydalanilishi mumkin.
8-modda
Guvohnoma va ruxsatnomalarni etirof etish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri bergan yoki haqiqiy deb topgan havo kemasining parvozga yaroqli ekanligi haqidagi sertifikatlar, vakolatlar va ruxsatnomalar toʻgʻrisidagi guvohnomalarni boshqa Ahdlashuvchi Tomon ham ana shu hujjatlar amalda boʻlgan vaqtida haqiqiy deb eʼtirof etadi, basharti, guvohnomalar yoki ruxsatnomalar berilishiga yoxud haqiqiy deb eʼtirof etilishiga asos boʻlgan talablar Konvensiyaga muvofiq belgilangan eng kam darajaga teng yoki undan yuqori boʻlsa.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon parvozlarni amalga oshirish maqsadida oʻzining hududi ustidan parvozlar vaqtida oʻz fuqarolariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon yoki har qanday boshqa Davlat bergan vakolat shahodatnomalari va ruxsatnomalarni haqiqiy deb eʼtirof etishni rad qilish huquqini saqlab qoladi.
9-modda
Soliq va bojlardan ozod qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonaga qarashli xalqaro havo yoʻllarida foydalanilayotgan havo kemalari, shuningdek shu kemadagi roʻyxatdagi mulk, yoqilgʻi zaxiralari va moylash ashyolari, bort zaxiralari, shu jumladan oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar va tamaki mahsulotlari, basharti, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga kelgan vaqtdan toki qaytib ketgunga qadar havo kemasi ichida qolsa, barcha bojxona yigʻimlari yoki soliqlardan ozod qilinadi.
2. Koʻrsatilgan xizmat uchun olinadigan yigʻimlardan tashqari xuddi shunday soliqlar va yigʻimlardan quyidagilar ham ozod qilinadi:
a) bir Ahdlashuvchi Tomonning hududida uning maʼmuriyati belgilagan meʼyorlar chegarasida va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi xalqaro havo yoʻllarida parvozlarni amalga oshiradigan havo kemasi ichida foydalanish uchun olgan zaxiralari;
b) bir Ahdlashuvchi Tomon hududiga xalqaro havo yoʻllarida foydalaniladigan havo kemasiga texnika xizmati koʻrsatish yoki uni taʼmirlash uchun keltirilgan ehtiyot qismlar;
c) bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi xalqaro havo yoʻllarida foydalanadigan havo kemasining ishlatilishi uchun moʻljallangan yoqilgʻi va moylash ashyolari, hatto bu zaxiralar havo kemasiga olingan joydagi Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi yoʻnalish qismida ishlatilgan taqdirda ham.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi foydalanadigan havo kemasidagi bort mulklari, shuningdek, materiallar va zaxiralar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida faqatgina shu hududdagi bojxona maʼmurlarining roziligi bilan havo kemasidan tushirilishi mumkin. Bunday hollarda tushirilgan buyumlar qaytib olib chiqib ketilgunga yoki bojxona qoidalariga muvofiq boshqa joyga koʻchirilgunga qadar uqtirib oʻtilgan maʼmurlar nazorati ostida saqlanilishi mumkin.
10-modda
Toʻgʻri tranzit
Bir Ahdlashuvchi Tomon hududidan toʻgʻri tranzit orqali oʻtadigan va bu maqsad uchun tayyoragoh hududida ajratilgan joydan chetga chiqmaydigan yoʻlovchilar, ularning yuki va yuklar yuzaki koʻzdan kechiriladi. Toʻgʻri tranzit orqali olib oʻtiladigan yoʻlovchi yuklari va yuklar barcha hil soliq va yigʻimlardan, shu jumladan bojlardan ozod qilinadi.
11-modda
Foydalanuvchilardan olinadigan yigʻimlar
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining vakolatli organlari tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasidan olinadigan yoki olishga ruxsat etgan yigʻimlar adolatli va oqilona boʻlishi uchun oʻzining barcha imkoniyatini ishga soladi. Bu yigʻimlar iqtisodiy omillarga asoslangan boʻlishi lozim.
2. Boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasidan tayyoragoh va qatnovni taʼminlash vositalaridan foydalanganlik va unga koʻrsatilgan xizmatlar uchun olinadigan yigʻimlar xalqaro yoʻnalishlarda muntazam parvozlarni amalga oshiruvchi fuqaro aviatsiyasi havo kemalari toʻlaydigan yigʻimlardan yuqori boʻlmasligi kerak.
12-modda
Tijorat faoliyati
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonning kirishga, istiqomat qilish va ish bilan taʼminlanishga taalluqli qonun va qoidalariga muvofiq shartlashilgan yoʻllarda havo qatnovini taʼminlash uchun ushbu ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida oʻz boshqaruvchi, tijorat, texnik, parvozlarga doir mutaxassis va boshqa zaruriy xodimlarga ega boʻlgan vakolatxonalar taʼsis etish va faoliyat koʻrsatish huquqiga ega.
2. Tomonlar tijorat faoliyati sohasida oʻzaro tenglik qoidasiga asoslanadilar. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonaning vakolatxonasi odatdagi hol boʻyicha amal qilishi uchun barcha zarur yordamni koʻrsatadilar.
3. Xususan, har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga oʻz hududida bevosita yoki aviakorxonaning xohishiga qarab, vakillar orqali aviatashuvlarni sotish bilan shugʻullanish huquqini beradi. Har bir aviakorxona mahalliy valyutaga ham, boshqa mamlakatlarning erkin konvertatsiyalanadigan valyutalariga ham ana shunday tashuvlarni sotishga va har qanday odam, tegishli qonun va qoidalarga muvofiq bunday tashuvlarni sotib olishga huquqli boʻladi.
13-modda
Ishlab topilgan mablagʻlarni konvertatsiyalash va oʻtkazish
Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga birinchi Ahdlashuvchi Tomon hududida yoʻlovchilar, yoʻlovchilar yuki, pochta va yuk tashishdan topgan pul mablagʻlarining xarajatlardan ortgan qismini erkin oʻtkazish huquqini beradi. Pul mablagʻlarini bunday tarzda oʻtkazish valyuta almashtirishning mavjud boʻlgan rasmiy kursi asosida, valyuta kursi yoʻq boʻlgan taqdirda esa, pul mablagʻini ishlab topilgan kursiga teng asosda amalga oshiriladi. Basharti, bunday oʻtkazishlar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi maxsus bitim asosida amalga oshirilsa, uning qoidalari tatbiq etiladi.
14-modda
Tariflar
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga yoki uning hududidan tashishda qoʻllaydigan tariflar barcha tegishli omillarni hisobga olgan holda, jumladan foydalanishga ketadigan xarajatlarga, foydaning oqilona miqdoriga, shuningdek har bir koʻrsatiladigan xizmatning oʻziga xos jihatlariga va boshqa aviakorxonalarning tarif mezonlariga asoslanib, oqilona meʼyorlarda belgilanadi.
2. Ushbu moddaning 1-bandida uqtirib oʻtilgan tariflar imkon qadar har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalarining oʻzaro kelishuviga muvofiq va zarurat taqozo etsa, ana shu yoʻnalishdan toʻliq yoki qisman foydalanayotgan boshqa aviakorxonalarning tariflarini hisobga olgan holda belgilanishi lozim. Bunday kelishuv imkon qadar takliflarni shakllantiruvchi xalqaro tashkilotning tarif yigʻinlari jarayonlarini qoʻllash asosida yuzaga kelishi lozim.
3. Bunday tarzda oʻzaro muvofiqlashtirilgan tariflar ular joriy etilishiga kamida oltmish kun qolganida har ikkala Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmurlarining tasdigʻiga taqdim etilishi shart. Alohida hollarda bu muddat yuqorida uqtirib oʻtilgan maʼmurlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq qiskartirilishi mumkin. Tarif toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma olinganidan keynn aviatsiya maʼmurlari bu tarifni darhol koʻrib chiqishlari lozim. Aviatsiya maʼmurlari tarifni joriy etish moʻljal qilinayotgan muddatning uzaytirilishi toʻgʻrisida boshqa aziatsiya maʼmurlarini xabardor etishlari mumkin. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan birortasi tarifdan qoniqish hosil qilmasa, hech qaysi bir tarif kuchga kirmaydi.
4. Basharti, tayinlangan avikorxonalar oʻzaro kelisha olmasalar yoki Ahdlashuvchi Tomonlardan birining aviatsiya maʼmurlari tariflari tasdiqlanmasa har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari oʻzaro kelishuv orqali tarif belgilashga harakat qilishlari lozim. Basharti, oʻzgacha izohot boʻlmasa, muzokoralar tayinlangan avikorxonalar taqdim etilgan tariflarga rozi emasliklari yoki Ahdlashuvchi Tomonlardan birining aviatsiya maʼmurlari boshqa tomon aviatsiya maʼmurlariga taqdim etilgan tariflarni maqullamasliklari toʻgʻrisida maʼlum qilgan kunidan eʼtiboran oʻttiz kun ichida boshlanishi kerak.
5. Basharti, oʻzaro kelishuvga erishilmasa, oʻrtadagi nizo ushbu Bitimning 18-moddasi qoidalariga muvofiq hal etiladi.
6. Ushbu moddaning qoidalariga binoan yangi tariflar belgilangunga qadar, mazkur moddaning qoidalariga muvofiq belgilangan tariflar oʻz kuchida qoladi.
7. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari tayinlangan aviakorxonalarning Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari taqdim etgan, kelishilgan tariflar, shuningdek unga dahldor boʻlgan qonun va qoidalarni qabul aylashlari uchun bor kuch-gʻayratlarini ishga soladilar.
15-modda
Jadval taqdim etish
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmurlarini oldindan, biroq shartlashilgan yoʻllar yoki boshqa biror oʻzgartirilgan yoʻllardan foydalanish boshlanishiga kamida oʻttiz kun qolganida yoki aviatsiya maʼmurlaridan soʻrov olganidan keyin oʻttiz kun ichida havo qatnovining oʻziga xos xususiyati, jadvali, havo kemalarining turi, belgilangan har bir yoʻnalishning hajmi toʻgʻrisidagi va ushbu Bitim qoidalariga rioya qilinayotgani toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviatsiya maʼmurlarini qoniqtiradigan tarzda rioya etilishiga doir talablarga javob beradigan axborotlar bilan taʼminlaydi.
16-modda
Statistika maʼlumotlari berish
Har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari oʻzaro iltimoslariga binoan bir-birlariga shartlashilgan yoʻllarda tashishga taalluqli davriy statistika maʼlumotlari yoki boshqa shunga oʻxshash axborotlar berib turadilar.
17-modda
Maslahatlashuvlar
Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri har qanday vaqtda ushbu Bitimga taalluqli har qanday muammo yuzasidan maslahatlar oʻtkazish talabini kiritishi mumkin. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlar boshqacha tarzda murosaga kelmasalar, maslahatlar talab tushgan kundan eʼtiboran oltmish kun ichida boshlanishi lozim.
18-modda
Nizolarga barham berish
1. Ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash yuzasidan Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida kelib chiqqan har qanday nizo birinchi navbatda bevosita muzokaralar orqali hal etilishi lozim.
2. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlar muzokaralar orqali murosaga kela olmasalar, oʻrtadagi nizoni hal etishni bir necha kishi yoki tashkilotga topshirishga oʻzaro kelishishlari mumkin yoxud bu nizo Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan birining talabiga binoan har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan tayinlaydigan ikki hakam va ana shu ikki hakam tayinlaydigan yana bir hakamdan iborat, jami uch hakamdan tashkil topadigan hayʼatga topshiriladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon diplomatik vosita orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomonning nizoni hakamlikda hal etish toʻgʻrisidagi talabini olganidan keyin oltmish kun ichida bittadan hakam tayinlaydi, uchinchi hakam esa, yuqoridagi ikki hakam maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida tayinlanishi lozim. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri belgilangan muddat ichida hakamlardan bittasini tayinlay olmasa yoxud uchinchi hakam belgilanagan muddat ichida tayinlanmasa, Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti Kengashi Prezidentidan hakamni yoki hakamlarni tayinlashni iltimos qilishi mumkin. Basharti, Kengash Prezidenti Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki u bu vazifani bajarishi uchun qandaydir toʻsiqlar mavjud boʻlsa, hakam yoki hakamlar tayinlash vazifasini uning oʻrinbosari bajaradi. Uchinchi hakam uchinchi mamlakatning fuqarosi boʻlib, hakamlik prezidenti sifatida ish koʻradi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq chiqarilgan har qanday qarorni bajarish majburiyatini zimmaga oladilar.
4. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri yoki har qanday Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq chiqarilgan qarorlarni bajara olmasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon zimmadagi majburiyatini bajarmagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki tayinlangan aviakorxonaga ushbu Bitimga asosan berilgan huquq yoki imtiyozlarning amal qilishini cheklashi, toʻxtatib qoʻyishi yoki bekor qilishi mumkin.
19-modda
Oʻzgartirishlar kiritish
1. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri ushbu Bitimning qaysidir bir shartini oʻzgartirish lozim deb hisoblasa va taklif Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida kelishilsa, oʻzgartirilgan matn diplomatik vositalar orqali notalar almashish yoʻli bilan tasdiqlanganidan keyin kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitimning Ilovasiga kiritiladigan oʻzgartirishlar Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida bevosita kelishilishi mumkin. Oʻzgartirishlar oʻzaro kelishilgan kundan eʼtiboran shartli ravishda qoʻllaniladi va Dillomatik Notalar almashilgandan keyin kuchga kiradi.
3. Har ikkala Ahdlashuvchi Tomon ishtirokchi boʻlgan havo qatnoviga taalluqli yanada umumiyroq koʻp tomonlama konvensiya imzolangani taqdirda ushbu Bitim ana shu konvensiyaning qoidalariga muvofiqlashtiriladi.
20-modda
Bitim amal qilishini toʻxtatish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan biri hohlagan vaqtida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimni amaldan toʻxtatish istagida ekanligidan yozma ravishda xabardor qilishi mumkin. Bunday xabarnoma bir vaqtning oʻzida Fuqaro aviatsiyasi xalkaro tashkilotiga ham yuborilishi lozim.
2. Xabarnoma yuborilgandan keyin boshqa Ahdlashuvchi Tomon uni olgach, davriy jadvalning oxirida ushbu Bitim amal qilishdan toʻxtaydi, basharti, xabarnoma ikkala Tomonning oʻzaro roziligi bilan uqtirib oʻtilgan muddat ichida qaytarib olinmasa.
3. Basharti, boshqa Ahdlashuvchi Tomon xabarnoma olganining tasdigʻi boʻlmasa, Fuqaro aziatsiyasi xalqaro tashkiloti xabarnoma olganidan keyin oʻn toʻrt kun oʻtgach boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tasdigʻi olingan hisoblanadi.
21-modda
FAXTida roʻyxatga olish
Ushbu Bitim Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotida roʻyxatga olinishi lozim.
22-modda
Bitimning kuchga kirishi
Ushbu Bitim har bir Ahdlashuv Tomon oʻzining qonunchilik tartibotiga binoan maʼqullab, bunday maʼqullashni tasdiqlovchi Diplomatik Notalar almashilgan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbuni tasdiqlab, har ikkala Ahdlashuvchi Tomonning muxtor vakillari mazkur Bitimni imzoladilar.
1993-yilning 17-dekabrida oʻzbek, tailand va ingliz tillarida uch asl nusxada tuzildi, har uch tildagi matn bir xil kuchga ega. Talqin qilish va koʻllanishda hamfikrlik boʻlmasa, ingliz tilidagi matn qoʻllaniladi.
(imzolar)
ILOVA Xalqaro havo qatnovi toʻgʻrisida tuzilgan Bitim
YOʻNALIShLAR JADVALI
IZOHLAR: 1. Yuqoridagi jadvallarda belgilangan yoʻnalishlarda har qanday yoki bir necha oraliq va/yoki tashqaridagi manzillar har qaysi yoki barcha parvozlarda Ahdlashuvchi Tomonlar istalgan birining aviakorxonasi tomonidan tushirib qoldirilishi mumkin, basharti, yoʻnalishlardagi shartlashilgan yoʻllar aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon hududidagi manzildan boshlansa.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasi oʻz hohishiga binoan, har qanday oraliq va/yoki tashqaridagi manzilni tanlashi hamda Havo transporti xalqaro tashkilotining keyingi davr jadvaliga muvofiq, oʻz tanlovini almashtirishi mumkin.
