13-modda. Shirkat ustav fondini (ustav kapitalini) uning ishtirokchilarining qoʻshimcha hissalari va shirkatga qabul qilinadigan uchinchi shaxslarning hissalari hisobiga koʻpaytirish
Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida (308-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Shirkat barcha ishtirokchilari tomonidan qoʻshimcha hissalar qoʻshish hisobiga shirkatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish ishtirokchilarning umumiy yigʻilishi qaroriga binoan amalga oshiriladi, qarorda qoʻshimcha hissalarning umumiy qiymati, shirkat har bir ishtirokchisining qoʻshimcha hissasi qiymatining miqdori, ishtirokchilar tomonidan qoʻshimcha hissalarni qoʻshish muddati belgilanishi kerak.
Shirkat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi shirkat ishtirokchisining qoʻshimcha hissa qoʻshish toʻgʻrisidagi arizasi (shirkat ishtirokchilarining arizalari) va (yoki) agar bu shirkatning taʼsis shartnomasida taqiqlangan boʻlmasa, uchinchi shaxsning (uchinchi shaxslarning) uni (ularni) shirkatga qabul qilish va hissa qoʻshish toʻgʻrisidagi arizasi (arizalari) asosida shirkatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Shirkat ishtirokchisining arizasida va uchinchi shaxsning arizasida hissaning miqdori va tarkibi, uni qoʻshish tartibi va muddati, shuningdek shirkat ishtirokchisi yoki uchinchi shaxs shirkatning ustav fondida (ustav kapitalida) ega boʻlishni xohlagan ulush miqdori koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Arizada hissalarni qoʻshish va shirkatga aʼzo boʻlib kirishning boshqa shartlari ham koʻrsatilishi mumkin.
Shirkatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qaror bilan bir vaqtda uning taʼsis shartnomasiga shirkat barcha yoki ayrim ishtirokchilarining (ayrim ishtirokchining) qoʻshimcha hissalarini qoʻshish hisobiga va (yoki) shirkatga uchinchi shaxsning (uchinchi shaxslarning) qabul qilinishi, shirkat ishtirokchilari ulushining nominal qiymati tegishlicha koʻpaytirilishi va (yoki) uchinchi shaxs (uchinchi shaxslar) ulushining nominal qiymati va miqdori aniqlanishi munosabati bilan oʻzgartishlar, zarur hollarda, shuningdek shirkat ishtirokchilari ulushining miqdorlari oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi kerak. Bunda shirkat ishtirokchisi ulushining nominal qiymati uning qoʻshimcha hissasi qiymatidan koʻproq summaga koʻpaytirilishi mumkin emas, shirkatga qabul qilinadigan har bir uchinchi shaxs tomonidan olinadigan ulushning nominal qiymati uning hissasi qiymatidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Qoʻshimcha hissalarni qoʻshishning muddati tugagan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay shirkat ishtirokchilarining qoʻshimcha hissalarini va (yoki) uchinchi shaxslarning hissalarini qoʻshish yakunlarini tasdiqlash haqida, shuningdek shirkat ustav fondi (ustav kapitali) miqdorini koʻpaytirish, qoʻshimcha hissalar qoʻshgan shirkat ishtirokchilari ulushlarining nominal qiymatini koʻpaytirish va (yoki) uchinchi shaxsning (uchinchi shaxslarning) ulushining nominal qiymati va miqdorini aniqlash, zarur hollarda, shuningdek shirkat ishtirokchilari ulushlarining miqdori oʻzgarishi bilan bogʻliq oʻzgartishlarni shirkatning taʼsis shartnomasiga kiritish toʻgʻrisida shirkat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan bir ovozdan qaror qabul qilinishi kerak.
