“17-modda. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning qoʻriqlanishini tashkil etish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-373-son) · Sana: 04.09.2014 · Amalda
Davlat qoʻriqxonalari, majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalari, tabiat bogʻlari va davlat biosfera rezervatlarini qoʻriqlash qoʻriqlov xodimlari tomonidan amalga oshiriladi hamda mazkur muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisidagi nizomlar bilan tartibga solinadi. Qoʻriqlov xodimlari davlat qoʻriqxonalari, majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalari, tabiat bogʻlari, davlat biosfera rezervatlari shtatida turadi hamda tabiatni muhofaza qilish davlat inspektorlarining barcha huquqlari va imtiyozlaridan foydalanadi.
Milliy bogʻlarni qoʻriqlash bunday bogʻlar toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarda belgilangan tartibda taʼminlanadi.
Davlat buyurtma qoʻriqxonalari va tabiiy pitomniklarni qoʻriqlash bunday qoʻriqxona va pitomniklar qaysi yuridik shaxslarning yer uchastkalarida joylashgan boʻlsa, shu yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat tabiat yodgorliklarini qoʻriqlash bunday yodgorliklar qaysi yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalarida joylashgan boʻlsa, shu yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Agar davlat buyurtma qoʻriqxonalari va davlat tabiat yodgorliklari yuridik hamda jismoniy shaxslarga berilmagan yer uchastkalarida joylashgan boʻlsa, ularning qoʻriqlanishini taʼminlash mahalliy davlat hokimiyati organlari va maxsus vakolatli davlat organlari zimmasiga yuklatiladi.
Suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari hamda yer usti va yer osti suvlarining hosil boʻlish zonalarini qoʻriqlash ular qaysi qishloq va suv xoʻjaligi organlari, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalarida tashkil etilgan boʻlsa, shu qishloq va suv xoʻjaligi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
Suv obyektlarining sanitariya muhofazasi zonalari ichki ishlar organlari tomonidan qoʻriqlanadi.
Kurort tabiiy hududlarni va rekreatsiya zonalarini qoʻriqlash mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan taʼminlanadi.
Ayrim tabiiy resurslarni boshqarish uchun moʻljallangan hududlar oʻrmon qoʻriqchilari va ovchilik xoʻjaliklarining yegerlik xizmati tomonidan qoʻriqlanadi.
Baliq xoʻjaligi zonalarini qoʻriqlash baliqchilik bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar hamda tabiatni muhofaza qilish organlari tomonidan taʼminlanadi.
