Doʻstlik tumanining 2014-yildagi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi xamda mahalliy budjetning parametrlari toʻgʻrisida (12-son)
10.01.2014
Jizzax viloyati Doʻstlik tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida” 2013-yil 14-noyabrdagi 770-P-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-y., 11-son, 303-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida” 2013-yil 12-dekabrdagi SQ-399-P-sonli qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25 dekbardagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-2099-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 52-son, 690-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-sonli va viloyat hokimining 2014-yil 2-yanvardagi 4-sonli qarorlari rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. 2014-yil uchun:
tumanning asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi 1-ilovaga* muvofiq;
tumanning mahalliy budjeti asosiy parametrlari 2-ilovaga* muvofiq;
tuman mahalliy budjetlarining daromadlar va xarajatlar hajmlari 3-ilovaga* muvofiq;
tuman mahalliy budjetiga umumdavlat soliqlar tushumlaridan ajratmalar normativlari 4-ilovaga* muvofiq;
tuman mahalliy budjeti aylanma kassa mablagʻining yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdorlari 5-ilovaga* muvofiq;
tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari boʻyicha yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga qatʼiy belgilangan soliq stavkalari 6-ilovaga* muvofiq;
yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan soliq stavkalari 7-ilovaga* muvofiq;
mahalliy soliqlar va yigʻimlar stavkalari 8-ilovaga* muvofiq;
savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga, shuningdek shu sohaga tegishli mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq toʻlovi stavkalari 9-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25 dekbardagi PQ-2099-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroridagi tegishli ilovalari bilan:
yuridik shaxslardan olinadigan daromad (foyda) soligʻi stavkalari;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkalari;
yagona soliq toʻlovi stavkalari;
respublikada ishlab chiqariladigan va roʻyxat boʻyicha chetdan keltiriladigan aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlarga aksiz soligʻi stavkalari;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari;
yer osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari;
imzolanadigan bonus va tijorat topilmasi bonusi;
ayrim turdagi mahsulotlar boʻyicha ortiqcha foydadan soliq stavkalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan mulk soligʻi stavkalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi stavkalari;
yagona yer soligʻi stavkalari;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlariga dividendlar va foizlar tarzida toʻlanadigan daromad soligʻi stavkalari 10 foiz miqdorda;
qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foiz miqdorida;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar va yigʻimlar stavkalari tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
belgilangan soliqqa tortish obyektlaridan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 1,6 foiz, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 1,4 foiz va Oʻzbekiston Respublika Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar stavkalari 0,5 foiz miqdorida;
mablagʻlarni budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarorining tegishli ilovasida keltirilgan normativlarga muvofiq taqsimlangan holda yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25 foiz miqdorida;
fuqarolarning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy sugʻurta badallari stavkasi 6,5 foiz miqdorida.
4. Mulkni ijaraga berishdan tushadigan daromadlarni soliqqa tortish tuzilgan shartnomaga asosan ijara toʻlovi summasidan kelib chiqib, biroq hisoblangan stavkalardan past boʻlmagan holda amalga oshirilishi belgilanganligi, bunda:
yuridik shaxslar uchun koʻchmas mulkni ijaraga berishdan tushadigan ijara toʻlovining amaldagi stavkalari eng kam miqdori saqlanib qolinganligi;
jismoniy shaxslar uchun mulkni ijaraga berishdan tushadigan ijara toʻlovi stavkasi eng kam miqdorlari 10-ilovaga* muvofiq tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Yagona soliq toʻlovi tushumlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, Respublika yoʻl jamgʻarmasi hamda budjetdan tashqari taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan miqdorlarda taqsimlanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
6. Quyidagilar:
mikrofirmalar va kichik biznes subyektlari uchun asosiy vositalarni har yilgi majburiy qayta baholash bekor qilinib, uch yilda bir marotaba qayta baholash belgilanganligi;
undirishni soliq toʻlovchilarning mulkiga qaratish uchun soliq qarzdorligining eng kam miqdorlari 11-ilovaga* muvofiq tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. 2014-yilning 1-yanvaridan boshlab:
Mobil aloqa xizmati koʻrsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) abonent raqamidan foydalanganlik uchun toʻlov haqi mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarorining 27-ilovasiga muvofiq taqsimlangan holda, oyga 600,0 soʻm miqdorida belgilanganligi;
“Oʻzbekneftmahsulot” AK neft bazalari tomonidan ajratilgan limitlarga muvofiq avtomobil benzini va dizel yonilgʻisini isteʼmolchilarga toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha sotish transport vositalari uchun benzin, dizel yoqilgʻisi va gaz isteʼmol qilganlik uchun soliqni hisobga olgan holda chakana narxlarda amalga oshirilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining barcha darajalardagi mahalliy budjetlar daromadlari va xarajatlarini shakllantirishdagi roli, mustaqilligi va masʼuliyatini oshirish, mahalliy budjetlarning Davlat budjetidagi ulushini koʻpaytirish maqsadida quyidagi umumdavlat soliqlari:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning tadbirkorlik faoliyati ayrim turlari boʻyicha qatʼiy belgilangan soliq;
yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan qatʼiy belgilangan soliq;
viloyatda ishlab chiqariladigan oʻsimlik moyi va pivo mahsulotining aksiz soligʻi boʻyicha tushumlar;
davlat boji, yigʻimlar va jarimalar 12-ilovaga* muvofiq toʻliq miqdorda tumanning mahalliy budjetlar daromadlariga oʻtkazilsin.
9. Tuman mahalliy budjetidan mablagʻ bilan taʼminlanadigan maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarni saqlash uchun ota-onalar badal toʻlovining 2014-yilga miqdorlari 13-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 — 13-ilovalar berilmaydi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatgichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-1245-sonli qarori 24-bandining amal qilishi 2015-yilning 1-yanvarigacha uzaytirilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
11. Tuman hokimligi moliya boʻlimining tuman mahalliy budjetining 2013-yilgi asosiy koʻrsatkichlarini aniqlashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Tuman moliya boʻlimi va gʻaznachilik boʻlinmalari viloyat markaziy banki bosh boshqarmasi bilan birgalikda 2014-yilning yanvar oyida oʻtkazilgan operatsiyalarni 2013-yilgi tuman mahalliy budjet ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotida aks ettirgan holda, 2013-yilgi tuman mahalliy budjet ijrosi boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yakuniy operatsiyalar oʻtkazsinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori bilan alohida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar sohasini rivojlantirishni ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlariga asosan berilgan imtiyozlar muddati 34-ilovaga muvofiq uzaytirilganligi, shuningdek “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2014-yil 1-yanvardan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan ayrim qarorlari roʻyxati” 35-ilovaga, ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi 36-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
13. Mazkur qaror “Doʻstlik hayoti” gazetasida eʼlon qilinsin.
14. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari I. Xoljigitov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim S. ShERALIYEV
Doʻstlik sh.,
2014-yil 10-yanvar,
12-son
